
Yosh dzyudochilarimiz oltin medallarni hech kimga bermayapti
Chirchiq shahrida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Uchqun Murodov xotirasiga bag‘ishlangan Osiyo kubogi musobaqasida qit’amizdan tashqari Evropa va Shimoliy Amerikaning 10 ta mamlakatidan 160 nafarga yaqin dzyuochi g‘oliblik uchun kuch sinashmoqda.
O‘smirlar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan musobaqaning dastlabki kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari oltita oltin, to‘rtta kumush va oltita bronza medalga sazovor bo‘ldi.
O‘smirlar o‘rtasidagi bellashuvlarda 60 kilogramm vazn toifasida gilamga chiqqan Kamron Nurillaev final uchrashuvida qirg‘izistonlik Asman Oqilbek o‘g‘lini "Ippon" bahosi bilan mag‘lub etdi.
Mashhur murabbiy - Andrey Shturbabinning o‘g‘li Artyom 66 kilogramm vazni toifasi finalida rossiyalik Javdan Abulxonovdan ustun keldi.
Vazni 73 kilogramm bo‘lgan polvonlarning final bahsida ikki o‘zbek dzyudochisi - Sardor Karimov va Mironshoh Sultonov o‘zaro raqobatlashdi. Bu bahsda Sardor kichik hisobda ustun kelib, terma jamoamizga uchinchi oltin medalni taqdim etdi.
O‘z vazn toifasida muvaffaqiyatli qatnashgan Mironshoh Sultonov va Feruz Uklonov kumush, Elbek Ulashev, Muso Sobirov, Manusher Shirinov, Tohir Qurbonboev, Behruz Omondavlatov, Qobuljon Ahmedov bronza medalga loyiq topildi.
O‘smirlar o‘rtasidagi yana bir oltin medal Eron terma jamoasi dzyudochisi Suhayl Jamolobodiyga tegdi.
Qizlar musobaqasida o‘z yoshi va vazn toifasida Osiyo chempioni bo‘lgan Kimyo Marasulova, Sanobar Sultonova hamda Gulnur Murodboeva shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Nodira Abduqayumova hamda Marjona Boboqandova terma jamoamiz g‘aznasiga bittadan kumush medal qo‘shdi.
Musobaqa davom etmoqda.
Fikrlar