A Seriya oʻyini vaqtida "Inter" muxlisi uch barmoғidan ayrildi
A Seriya doirasidagi o‘yin vaqtida "Kremoneze" darvozaboni Emil Auderoga portlovchi pirotexnika vositasini otgan "Inter" muxlisi pirotexnika portlashi oqibatida qo‘lidagi uch barmog‘idan ayrildi. Bu haqida Gazzetta dello Sport xabar bermoqda.
23-tur uchrashuvi yakshanba kuni "Kremoneze" maydonida bo‘lib o‘tdi va mehmonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Ikkinchi taym boshida milanlik muxlislardan biri maydonga portlovchi buyum otdi. U Auderoga yaqin joyda portladi.
Darvozabon gazonga yiqildi va uchrashuv darhol to‘xtatildi. Shifokorlar unda son qismida kesilish va o‘ng qulog‘ida shovqin borligini aniqladi, ammo Audero o‘yinni davom ettira oldi.
Ma’lum qilinishicha, petarda portlashi oqibatida muxlis uch barmog‘idan ayrilgan va shifoxonaga yetkazilgan. Keyinchalik u stadionda tartibsizliklar uyushtirganlik gumoni bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan hibsga olindi.
Ushbu hodisa sababli "Inter" katta miqdorda jarimaga tortilishi mumkin, shuningdek jamoaning uy stadionidagi fanatlar sektori vaqtincha yopilishi ehtimoldan xoli emas.
Fikrlar