Abbos Otaxonov AGMKni tark etdi va sobiq klubiga qaytdi
Bekobodning “Metallurg” jamoasi o‘z tarkibini sobiq o‘yinchilari evaziga to‘ldirishda davom etadi. Bugun “Metallurg” PFK O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod, tajribali markaziy himoyachi Abbosjon Otaxonov bilan shartnomani rasmiylashtirdi.
Abbosjon Otaxonov bir yillik tanaffusdan so‘ng yana qadrdon jamoasiga qaytdi. Futbolchilik faoliyatini Toshkentning “Paxtakor” jamoasida boshlagan (2015-2016) Otaxonov 2017 yilgi mavsumni Namanganning “Navbahor” jamoasida o‘tkazgandi. 2018-2020 yillar mobaynida esa Bekobodning “Metallurg” jamoasi sharafini himoya qildi. O‘tgan mavsumni esa Abbos Toshkent viloyatining boshqa bir klubi – AGMKda o‘tkazdi.

2018 yili O‘zbekiston U-23 terma jamoasi safida Osiyo chempioni bo‘lgan. Shuningdek, O‘zbekiston chempioni (2015), O‘zbekiston Superkubogi finalchisi (2015, 2016), mamlakat milliy terma jamoasiga jalb etilgan Abbos Otaxonov O‘zbekiston chempionatlari doirasida 116 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Shulardan 102 tasini boshlang‘ich tarkibda, 14 tasini esa zaxiradan tushgan holatda o‘tkazgan. Raqiblar darvozasiga 4 ta gol kiritgan. 21 marta sariq kartochka bilan jazolangan, - deyiladi “Metallurg” matbuot xizmatining xabarida.
Fikrlar