
"Abduraimovdan bu narsani kutmagandim" - "Sho‘rtan" ustozi ikki futbolchi bilan bitim bekor qilinishi, mavsum starti va Kubokdagi vazifa haqida
Pro liga ishtirokchisi G‘uzorning “Sho‘rtan” jamoasi 5 ta turdan keyin 5 ochko jamg‘arib turnir jadvalida 6-o‘rinni band etib turidi.
Yaqinda bu jamoa bilan bog‘liq vaziyatni ko‘pchilik ko‘rdi. O‘sha “Mash’al”ga qarshi bellashuvda darvozabon Sherzod Abduraimov raqibiga “kallaq” qo‘ydi. Oradan ko‘p o‘tmasdan “Sho‘rtan” ushbu darvozabon va yarim himoyachi Sherali Jo‘raev bilan shartnomani bekor qildi.
Sports.uz jurnalisti “Sho‘rtan” bosh murabbiyi Anvar Berdiev bilan bog‘lanib, yuqoridagi mavzu va yana boshqa masalalar bo‘yicha fikrlari bilan qiziqib ko‘rdi.
Abduraimov va Jo‘raevning chetlatishi to‘g‘risida
- Avvalo, barcha yurtdoshlarimizni muborak Ramazon hayit bayrami bilan tabriklayman. Shu jumladan, jamoamiz muxlislariin ham muborakbod etaman. “Mash’al” bilan o‘yinimiz derbi maqomida edi. Uchrashuvni ko‘rgan bo‘lsangiz, teng o‘tdi. Ammo biz o‘z imkoniyatlarimizdan foydalana olmadik. Ikki marta to‘singa tegib qaytdi. Jasur Xolto‘raev qulay vaziyatdan gol ura olmadi. “Mash’al” hisobni ochganidan keyin vaziyatni o‘zgartirish uchun butun jamoamiz hujumga e’tibor qaratdi. Afsuski, oxirgi daqiqalarda qarshi hujumda ikkinchi golni o‘tkazib yubordik. O‘sha ikkinchi gol urilganidan keyin yuz bergan vaziyatni uzoqdan yaxshi ko‘ra olmadim. “Mash’al” futbolchilari golini darvoza ichida nishonlaganlari darvozabonimiz Sherzod Abduraimovga ta’sir qilib ketdi. Abduraimovdan bu narsani kutmagandim. U tarbiyali, aqlli yigit edi. Uchrashuvdan keyin menga yuz bergan vaziyatni aytishganida o‘zim ham hayron qoldim. Lekin, baribir bu futbolchini oqlab bo‘lmaydigan holat. Mag‘lubiyat bilan g‘alaba doim yonma-yon. Hamma narsaga tayyor turish kerak. Futbolchi maydonga chiqdimi, avvalo o‘z ishini bajarishi lozim. Yuz bergan vaziyatni oqlab bo‘lmaydi. Keyin o‘sha holatni shov-shuv bo‘lib ketganidan so‘ng bir qarorga kelishimiz kerak edi. Qolaversa, bu birinchi marta emas. Bir necha yil oldin janjal chiqqan “Turon va “Neftchi” o‘rtasidagi uchrashuvda ham Sherzod o‘shanda darvozada turgan. Hech kimni maydonda o‘zini bunday tutishiga haqqi yo‘q. Jamoamizdagi qolgan o‘yinchilarga dars bo‘lishi uchun Abduraimov bilan o‘zaro kelishuvga ko‘ra shartnomani bekor qildik. U bilan aka-ukadek bo‘lib qolgandik. O‘zi ham vaziyatni to‘g‘ri tushundi. Tushkunlikka tushib qoldi. Holbuki, aqlli va tarbiyali yigit edi. Mayli, qaerda bo‘lsa ham omadini bersin.
Sherali Jo‘raevga kelsak, u qishda safimizga qo‘shilgandi. Yoshlarga o‘rnak sifatida taassurot qoldirgandi, mavsumoldi yig‘inlarda ajoyib ishtirok etdi. Lekin kutilmaganda jarohat olib qoldi. Uni tiklashga ancha vaqt ketdi. Sheralini tushunaman, faoliyati davomida asosan “Qizilqum” uchun o‘ynagan. Rahbariyat tomonidan biroz ishonchsizlik bo‘lgach, Jo‘raev vaziyatni to‘g‘ri tushunib, agar bir-birimizga to‘g‘ri kelmasak, do‘stona xayrlashishimiz mumkin dedi. O‘rtamizda hech nima o‘tgani yo‘q va yaxshilik bilan xayrlashdik. U19 safimizdan 6 nafar o‘yinchini ham ro‘yxatdan o‘tkazganmiz. Ketganlarning o‘rnini to‘ldirish uchun o‘sha yoshlarni o‘ynatishga majburmiz. Mavsumning birinchi davrasi iyun oyida tugaydi. Ketgan ikkala futbolchimizga omad tilayman. Sherzod Abduraimov ham, Sherali Jo‘raev ham juda yaxshi yigitlar. Jo‘raev bilan birinchi marta ishladim, o‘ziga juda talabchan ekan. Sherali o‘z darajasiga chiqib, hali yana ancha vaqt futbol o‘ynaydi. U jarohatdan endi qaytib safimizda to‘p surishni boshlagandi. Albatta, jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘lib o‘z so‘zini aytadi. Pro ligada istalgan jamoani kuchaytira oladi va Superligada ham mahoratini ko‘rsatishga qodir.
5 ta turdan keyin 5 ochko to‘plagani xususida
- Turnir jadvalida o‘zimizga yarashmagan joyda turibmiz. Chunki tarkibimizni sezilarli darajada kuchaytirganmiz. Futbolchilar menga ishonib kelishgandi. Ular bilan gaplashib olgandik. Rahbariyat tomonidan ishonch bildirilyapti. Bu holatdan chiqib ketishga albatta harakat qilamiz. Rahbariyat tarafidan biz uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Biz albatta o‘z kuchimizga ishonamiz. “Sho‘rtan” har qanday holatda Superligaga chiqish uchun oxirigacha kurashadi.
O‘zbekiston Kubogidagi vazifasi qanday?
- Endi O‘zbekiston Kubogida o‘ynaymiz. Har bir bahsda g‘alaba qozonish vazifamiz sanaladi. Kubokdagi maqsadimiz keyingi bosqichga chiqish. Buning uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz. Biz chempionatda bo‘lamizmi yoki Kubok o‘yinlari bo‘ladimi, rahbariyat tomonidan oldimizga maksimal vazifa qo‘yilgan. Dastlab “Bunyodkor” bilan o‘ynaymiz. Hozirda ushbu bellashuvga tayyorlanyapmiz. Ishqibozlarimizni bizdan umidi katta. Ularning ishonchlarini qozonish uchun ham bor kuchimizni ishga solamiz. Shuningdek, klub rahbariyatiga ishonch bildirishayotgani uchun futbolchilar nomidan rahmat aytamiz. O‘z o‘rnida ularni ham ishonchni oqlashga harakat qilamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar