
Agueroning ishtahasi karnay. Uning talabini kim bajaradi?
So‘nggi mavsumlarda asosiy vaqtini jarohatlarini davolatishga sarflayotgan “Manchester Siti” hujumchisi Serxio Aguero yozda klubni tark etishi aniq bo‘lib ulgurgan. Xosep Gvardiola jamoaga deyarli foydasi tegmayotgan yulduzga yangi shartnoma taklif etmaslikka qaror qildi.
Argentinalik hujumchi ayni paytda o‘ziga yangi ish joyi qidirish bilan band. Angliya premer-ligasi tarixidagi eng zo‘r to‘purardan birining xizmatiga ko‘z tikayotgan grand klublar ham yo‘q emas.
Biroq, Agueroning talabi uni kutayotgan jamoalar sonining kamayib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Yoshi o‘tib qolgan hujumchi o‘zining bir yillik xizmati uchun 12 million evro miqdorida maosh so‘ramoqda.
Bu summa koronavirus pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan moliyaviy inqiroz bilan kurashayotgan “Barselona” va “Yuventus”ga og‘irlik qilishi aytilmoqda. Bu klublar jiddiy tarzda Agueroni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi edi.
Aguero joriy mavsumda atigi to‘qqizta uchrashuvda maydonga tushdi va faqat bitta gol urdi xolos.
Fikrlar