
Ahmedov, Mochinov, Mamatkazin, Sidorov, Sohibov yoxud qo‘shni chempionatda yana qaysi legionerlarimiz bor?
Butun dunyoda FIFA kunlari davom etayotgani sababli milliy chempionatlarda tanaffus e’lon qilingan. Milliy terma jamoalar jahon chempionati va yana boshqa musobaqalarning saralashlari, shuningdek, o‘rtoqlik o‘yinlarida ishtirok etishmoqda. Milliy terma jamoamiz “JCh-2026” saralashida 20 mart kuni Qirg‘iziston termasini 1:0 hisobida mag‘lub etdi. 25 mart sanasida esa safarda Eronga qarshi maydonga tushadi.
Tabiiyki, bizning Superligamizda ham tanaffus va o‘yinlar 27 martdan davom ettiriladi. Shu fursatdan foydalanib, terma jamoalarning fonida Qirg‘iziston premer-ligasida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar haqida to‘xtalmoqchimiz. U erda 4 mart sanasidan yangi futbol mavsumiga start berilgan. Xuddi bizdagi kabi Qirg‘iziston premer-ligasida ikkita tur o‘tkazildi va 3-tur 26 martdan davom ettiriladi.
Chempionatda 14 ta klub qatnashmoqda. Dastlabki ikkita turdan keyin “Muras Yunayted”, “Alay” hamda “Kirgizaltin” 6 ochko bilan peshqadamlikni bo‘lishib turishibdi. Qirg‘iz klublari yangi mavsum uchun ham o‘z tarkiblarini kuchaytirish borasida o‘zbekistonlik futbolchilarning xizmatidan foydalanish imkoniyatini ishga solmoqdalar. Nafaqat legionerlarimiz, balki o‘zbek murabbiylari ham Qirg‘iziston premer-ligasida bosh murabbiy va yana boshqa lavozimlarda ishlashmoqda. Bir necha yildan beri mazkur chempionatda to‘p surayotgan va yangi mavsum boshida Qirg‘izistonga ko‘chib o‘tgan legionerlarimiz ham bor.
Jumladan, o‘tgan yili Qirg‘izistonda va Qirg‘iziston professional futbol ligasida yil murabbiyiga sazovor bo‘lgan Islom Ahmedov “Abdish Ata”dagi muvaffaqiyatli faoliyatidan so‘ng bu yil “Aziyagol” bosh murabbiyi sifatida faoliyatini davom ettirmoqda. Bundan tashqari, Aleksandr Mochinov Qo‘chqor Otaning “Neftchi” klubi ustoziga aylangan. Ularning yordamchilari ham o‘zbekistonlik. Qolaversa, ayrim jamoalarda darvozabonlar murabbiyi ham yurtimizdan taklif qilingan.
Eng ko‘p legionerimizni jamlagan klublar “Alay” bilan “OshMU” bo‘lib, bu ikki jamoaning tarkibida olti nafardan o‘zbekistonlik futbolchilar to‘p surishmoqda. O‘tgan yili O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgan, “Andijon” sharafini munosib himoya qilgan Ildar Mamatkazin ham “Alay”da o‘ynamoqda. U jamoa sardori sifatida o‘zidan iliq taassurot qoldirmoqda va shunga yarasha jamoasi bilan dastlabki ikkita turda ikkita g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan himoyachi Farhod Mirahmatov Mochinov boshqaruvidagi “Neftchi” sharafini himoya qilyapti. Shuningdek, “Navbahor”, “Nasaf” va "Lokomotiv"dagi faoliyati orqali tanilgan rossiyalik Ivan Solovyov yangi tashkil qilingan “Bishkek Siti” klubiga o‘tib ketdi. O‘z vaqtida O‘zbekiston milliy terma jamoasida to‘p surgan Javohir Sohibov bu yil "Ozgan" jamoasida paydo bo‘ldi.
Ikki yildan buyon mamlakat chempionligini qo‘lga kiritib kelayotgan “Abdish Ata” tarkibiga yangi mavsum oldidan hamyurtimiz Abdug‘ani Kamolov qo‘shildi. Joriy yilgi chempionat oldidan o‘tkazilgan Superkubokda “Abdish Ata” “Muras Yunayted”ni penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchratib sovrinni qo‘lga kiritdi. Kamolov bellashuvni to‘liq o‘tkazdi va yangi jamoasidagi ilk sovriniga ega chiqdi.
Qirg‘iziston premer-ligasida 14 ta ishtirokchi bo‘lsa, 9 ta jamoasida o‘zbekistonliklar faoliyat olib bormoqdalar. U erda eng ko‘p legioner rossiyaliklar hisoblanadi. Jami 30 nafarni tashkil qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda ukrainalik legionerlar. Ularning soni 26 ta. Uchinchi o‘rinda o‘zbekistonlik futbolchilar bo‘lib, 25 nafar legionerlarimiz ro‘yxatdan o‘tgan.
Qirg‘iziston premer-ligasidagi o‘zbekistonliklar
“Abdish Ata”
Himoyachi: Abdug‘ani Kamolov
-----------------------------------------
“Aziyagol”
Bosh murabbiy: Islom Ahmedov
Yordamchi murabbiy: Askar Axmetov
Himoyachi: Timur Nabiev
Yarim himoyachi: Azamatxon Maksumov
----------------------------------------------
“Alay”
Darvozabonlar murabbiyi: Azizbek Obubakirov
Himoyachilar: Muhammadali Tursunov, Jamshid Qobulov, Ildar Mamatkazin
Yarim himoyachilar: Sarvar Ablaev, Ismoil Abdurahmonov
Hujumchi: Nuriddin Nuriddinov
----------------------------------------------
“Ilbirs”
Yarim himoyachi: Dadaxon Yusupov
---------------------------------------------
“Muras Yunayted”
Hujumchi: Azizbek Koshibxanov
-------------------------------------------
“Neftchi”
Bosh murabbiy: Aleksandr Mochinov
Yordamchi murabbiy: Nikolay Shevchenko
Himoyachilar: Sirojiddin Bashariddinov, Farhod Mirahmatov
Yarim himoyachi: Shoxruh Abdumannopov
---------------------------------------------
“OshMU”
Himoyachi: Shukurjon Rustamjonov
Yarim himoyachilar: Maradona Safarov, Behruz Shodmonov, Xushnud Bozorov
Hujumchilar: Andrey Sidorov, Diyor Jaloldinov
------------------------------------------------
“Ozgan”
Darvozabonlar murabbiyi: Andrey Baklanov
Darvozabon: Islom Abdullaev
Yarim himoyachi: Javohir Sohibov
Hujumchilar: Izzatilla Abdullaev, Jahongir Kushakov
--------------------------------------------------
“Talant”
Yarim himoyachilar: Nurmuhammad Toshpo‘latov, Ulug‘bek Sharipov
Fikrlar