
Aleksandr Xomyakov: "Muxlislarimizdan uzr so‘rayman"
“Andijon” – “Surxon” (2:3) o‘rtasidagi o‘yindan keyin mezbonlar ustozi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Avvalo, biz tashkil qilgan o‘yin uchun barchadan uzr so‘rayman. O‘yin juda qiyin kechdi. Ayniqsa, raqibni ikkita goliga javob qaytarish ancha murakkab bo‘ldi. “Surxon” boshida komfort o‘yin ko‘rsatdi. Ikkinchi taymda o‘yinni o‘zgartirishga harakat qildik. Ikkita to‘p farqini yo‘qqa chiqardik. Lekin xatoimiz tufayli uchinchi golni ham o‘tkazdik. Raqib yaxshi harakat qildi va kerakli natijaga erishdi. Raqib o‘yin tizimini yaxshi nazorat qildi. Ular bu g‘alabaga haqli ravishda erishdi. Biz ham ko‘p narsani xohlagandik. Uchrashuv borishini o‘zimizga qaratib olishga harakat qilsak-da, bu o‘xshamadi. Raqib o‘zi ko‘zlagan natijaga erisha oldi. Muxlislarimizdan ularga quvonch ulasha olmaganimizdan uzr so‘rayman.
- “Andijon” “Paxtakor”ni yutib kelganidan keyin xotirjamlikka berildimi?
- Ba’zi holatlarda xotirjamlikka yo‘l qo‘ydik, deb o‘ylayman. Bu erda o‘yinchilarimiz bee’tibor bo‘lmasligi kerak edi. Qandaydir bemalol yutamiz deb o‘ylashdi, shekilli. Bu haqida ularga ko‘p aytgandik, raqib bizga doimiy ravishda noqulay bo‘lib kelgan. Bizga qarshi jiddiy kurashib keladi. Qaysidir joylarda tiklanish jarayonimiz yaxshi bo‘lmagandir, balki men xato qilgandirman. Tig‘iz taqvim ham balki bunga ta’sir qilgandir. Tiklanishimiz qiyin bo‘lgandir. Aytish mumkinki, raqib bizdan ko‘ra ko‘proq g‘alabani istadi.
- Hujumchining asosiy vazifasi gol urish. Islam Mashukov esa hali gol urgani yo‘q. Bu haqida nima deya olasiz?
- U yaxshi o‘yinchi. Balki unda moslashish jarayoni qiyin kechayotgandir. Umid qilamizki, ma’lum vaqtdan so‘ng u o‘zini ko‘rsata oladi.
Fikrlar