
Ana xolos! 87 yoshli onaxon ham chellenjda ishtirok etdi
Yurtdoshlarimiz orasida karantin davrida uyda qolib, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishni faol targ‘ib qilish, shu orqali ularni sog‘lom turmush tarziga oshno etish maqsadida tashkil etilgan #uydaqol #hayotgaqo‘shil #sportchallenge chellenjida navbatdagi g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Bu haqda Jismoniya tarbiya va sport vazirligi rasmiy sayti xabar tarqatmoqda.
E’tiborlisi, chellenj yurtdoshlarimizda katta qiziqish uyg‘otdi. Avval boshda chellenjda 7 yoshdan 70 eshgacha bo‘lgan aholi qatnashishi kutilgandi. Ammo, chellenj tobora qizg‘in tus olishi natijasida unda endigina yurishni boshlagan go‘dakdan tortib hatto yoshi 80dan oshgan otaxonu onaxonlar ham ishtirok etishdi. Xususan, navoiylik 87 yoshli Roziya aya sport bilan shug‘ullanish yosh tanlamasligini, aksincha sport bilan shug‘ullangan inson sog‘lom va tetik bo‘lishini isbotladi.
6 apreldan start olgan mazkur chellenjga 6 mingdan ortiq video material yuborilgani tanlov yurtimiz aholisi orasida katta qiziqish uyg‘otganini anglatadi.
#uydaqol #hayotgaqo‘shil #sportchallenge chellenjiga 22-26 aprel oralig‘ida yuborilgan videoroliklar orasidan Hakamlar hay’ati eng yaxshi beshtasini tanlab oldi. Unga ko‘ra bitta 1-o‘rin hamda ikkitadan 2-3-o‘rin egalari taqdirlanadi. Ta’kidlash kerak, chellenjda ilk bora Samarqand, Jizzax hamda Sirdaryo viloyati vakillari sovrindorlar safidan joy olishdi.
Shu tariqa chellenjda g‘oliblik Navoiy viloyati Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi Jabborovlar oilasiga nasib etdi.
2-o‘ringa poytaxtlik Farmonqulovlar hamda Samarqand viloyati Narpay tumani Oqtosh shahrida yashovchi Rashidovlar oilasi loyiq ko‘rildi.
Nihoyat faxrli 3-o‘rinni jizzaxlik Donishevlar hamda Sirdaryo viloyati Guliston shahridan Tashmetovlar oilasi band etishdi.
Biz chellenjning g‘olib va sovrindorlariga mukofotlar muborak bo‘lsin, deb qolamiz.
Fikrlar