
Ana xolos: Husanov bitta o‘yin o‘ynaydi-yu ketadi!
Abduqodir Husanov o‘ynayotgan “Lans” jamoasini navbatdagi mavsumga yangi bosh murabbiy Uill Still tayyorlamoqda.
Lansliklar yangi bosh murabbiy qo‘l ostidagi birinchi sinov-nazorat uchrashuvini Belgiyaning “Kortreyk” jamoasiga qarshi yopiq eshiklar ortida o‘tkazishi belgilangan. Bu bellashuv orqali yangi murabbiylar shtabi mavsum uchun asosiy tarkib o‘yinchilarining mahorat va tayyorgarlik darajasini bilib olishni maqsad qilgan.
Frantsiya matbuoti “Lans” bu bahsda asosiy tarkibga da’vogar kuchli o‘yinchilarni sinab ko‘rishga qaror qilganini yozmoqda.
- “Kortreyk” qarshi uchrashuvda Uill Still kuchli tarkibni maydonga tushirmoqchi. Biroq Bris Samba, Kevin Danso, Endi Diuf , Adam Buksa, Pshemislav Frankovski , Deyver Machado kabi o‘yinchilar hali milliy terma jamoalardan qaytgani yo‘q.
Shu bois, murabbiylar shtabi jamoa qarorgohiga etib kelgan Nampalis Mendi, Salis Abdul Samed , Yannik Pandor, Abduqodir Husanov, shuningdek, ijara muddatidan yakunlanib “Lans”ga qo‘shilgan Steyn Spirings va Remi Labo-Laskari xizmatidan foydalanadi.
Abduqodir Husanov bitta uchrashuvdan keyin Olimpiya o‘yinlariga tayyorlanish uchun O‘zbekiston terma jamoasi ixtiyoriga yo‘l oladi, - deb yozmoqda allezlens.fr sayti.
Yana bir manba lensois.com sayti “Lans”ning mavsumoldi tayyorgarlik jarayonidagi o‘rtoqlik uchrashuvlari taqvimini taqdim etdi. Unga ko‘ra, lansliklar mavsum boshlangunga qadar quyidagi jamoalar bilan o‘ynaydi.
12 iyul: “Lans” – “Tsrvena Zvezda” (Serbiya)
20 iyul: “Lans” – “Oud-Xeverli Lyoven” (Belgiya)
27 iyul: “Utrext” (Niderlandiya) – “Lans”.
3 avgust “Lans” – “Bayer Leverkuzen” (Germaniya)
7 avgust: “Lans” – “Versal” (Frantsiya)
10 avgust: “Lans” – “Lester” (Angliya)
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov 2024 yilning aprel oyida Qatar mezbonlik qilgan Osiyo kubogida O‘zbekiston U-23 terma jamoasining ikkinchi o‘rinni egallashiga ko‘maklashgan edi. Bu natija terma jamoamizni o‘zbek futboli tarixida ilk marotaba Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olishini ta’minladi.
Endi Timur Kopadze shogirdlari Frantsiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qiladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadi.
O‘zbekiston terma jamoasi guruh bosqichi doirasida 24 iyul kuni Ispaniya, 27 iyulda Misr va 30 iyul kuni Dominikan Respublikasi vakillariga qarshi saf tortadi. Har bir guruhdan dastlabki ikki o‘rinni egallagan terma jamoalar pley-off bosqichida sovrinli o‘rinlar uchun kurashni davom ettiradi.
Fikrlar