
Anchelotti hayotini sug‘urtalashni talab qildi
“Real”dan ketishi kutilayotgan Karlo Anchelotti murabbiy faoliyatini Braziliya terma jamoasida davom ettirish ehtimoli oshib bormoqda.
Braziliyaning Folha de S.Paulo portali ma’lumotlariga qaraganda, ushbu mamlakat futbol konfederatsiyasi hamon italiyalik mutaxassis bilan aloqani ushlab turibdi va dastlabki og‘zaki kelishuvga erishgan.
Manbaning yozishicha, tomonlar 65 yoshli murabbiyga rekord darajada maosh berish masalasini muhokama qilyapti. Unga ko‘ra, Karlo Anchelotti Braziliya terma jamoasini boshqarishga ko‘nsa, xalqaro miqyosda ishlayotgan bosh murabbiylar orasida eng ko‘p – 9 million evro maosh oladi. Agar Anchelotti terma jamoani 2026 yilgi jahon chempionatining yarim finaliga olib chiqsa, uning yillik maoshi 11 million evroga oshiriladi.
Bu taklif Anchelottini qiziqtirib qo‘ygan. Italiyalik mutaxassis Braziliya tomonidan yashashi uchun barcha qulayliklarga ega uyni ijaraga olish va o‘zining hayotini sug‘urtalashni ham so‘ragan.
Manbaga ko‘ra, Braziliyadagi kriminal vaziyatni inobatga olib, Anchelottining sug‘urta bo‘yicha talabi hamkorlikning eng muhim masalasi hisoblanadi.
Fikrlar