Andijonda yirik shaxmat musobaqasi start oldi

  • 14 yanvar, 22:29
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Shaxmat
CHERY AUTO

Yurtimizda sportga qaratilayotgan e’tiborning yuqoriligi o‘z navbatida natijalarda ham aks etmoqda. Har bir sport turi uchun zarur shart-sharoitlar, moddiy texnik-bazalar yaratilib, yoshlarni yanada qiziqtirishiga xizmat qilmoqda. Jumladan, shaxmat sport turi ham borgan sari ommalashib, uning ixlosmandlari hamda a’zolari safi kengayib boryapti.

Andijonda katta shaxmat bayrami boshlandi. Jumladan, Andijon shahri aql gimnastikasiga mezbonlik qilmoqda.

Gap shundaki, 13-20 yanvar kunlari Andijon shahridagi “Universal “sport majmuasida 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilari o‘rtasida shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston chempionatiga start berildi.

Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan mazkur musobaqaning quyi bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 840 nafar yosh shaxmatchilar O‘zbekiston chempionligi uchun dona suradilar.

13 yanvar kuni viloyat markaziy temir yo‘l vokzalida musobaqa ishtirokchilarini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat sport boshqarmasi hamda yoshlar ishlari boshqarmasi boshliqlari qatnashib, musobaqa ishtirokchilariga omad tiladilar.

Ta’kidlash joizki, mehmonlarni kutib olish jarayoni ham o‘ziga xos bayramga aylanib ketdi.

Bugundan esa rasman “Universal” sport majmuasida O‘zbekiston chempionatiga start berildi.

Shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati musobaqalarining rasmiy ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindarov ishtirok etib, ishtirokchilarga muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilab qoldilar. Tabiiyki, ochilish marosimi ham ko‘tarinki ruhda o‘tkazilib, iste’dodli yoshlar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishi hamda Andijon polkasi raqsi tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

Musobaqa formati 9 turdan iborat va shveytsarcha tizimda o‘tkaziladi. Vaqt nazorati 1,5 soatdan hamda har bir yurishga 30 soniyadan qo‘shib boriladi. Musobaqaning dastlabki kunida 1-2-turlar bo‘lib o‘tdi. Ertaga navbatdagi tur bahslari davom ettiriladi.

Andijondagi turnirda o‘z oldiga etuk grossmeyster bo‘lishni maqsad qilgan yoshlarimiz juda ko‘p. Masalan, ularning orasida aka-singil Aslbek Abdulazizov va Asmina Abdulazizova ham bor. Umuman olganda, ular kabi shaxmat ustasi bo‘lish istagida kelganlar uchun Andijondagi musobaqa ayni muddao.  

Bugungi natijalar bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin:

1-tur natijalari 

https://chess-results.com/tnr1098694.aspx?lan=1&art=2&rd=1

2-tur natijalari

https://chess-results.com/tnr1098694.aspx?lan=1&art=2&rd=2

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!