"Andijon"ga bosh murabbiy bo‘lgan Jamshid Saidov: Bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilaman
Superliganing yangi ishtirokchisiga aylangan «Andijon» klubi uchun mavsum oson o‘tmasligi va murakkab uchrashuvlar kutib turganligi boshidanoq ma’lum edi. Chempionatning dastlabki 8 ta turidan keyin andijonliklar bir bor g‘alaba qozonishdi. Yana to‘rt durang va uch mag‘lubiyat bilan 12-o‘rinda borishmoqda. Albatta, bu natijalar muxlislar va rahbarlarni qoniqtirmayapti. 8-turda Jizzaxda «So‘g‘diyona»ga imkoniyat boy berilganidan keyin «Andijon»da bosh murabbiy o‘zgardi. Bungacha ushbu lavozimda ishlab kelgan Eldor Sakaev iste’foga chiqdi. Uning o‘rniga esa klubda yordamchi murabbiy bo‘lib ishlayotgan Jamshid Saidov vaqtinchalik bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Aslida ham voqealar rivoji shunga qarab ketayotgandi deyish mumkin. Negaki, jamoaning ko‘rsatayotgan o‘yini va natijalari hech kimni qoniqtirmayotgandi. 8 ta uchrashuvda bor yo‘g‘i bir bor g‘alaba qayd etgani ham ishqibozlarni ranjitayotgandi. Hozircha yagona bo‘lib turgan g‘alabasini «Nasaf» bilan uchrashuvda qo‘lga kiritganini yaxshi bilsangiz kerak. Viloyat hokimi futbolchilar uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib berayotgan bir paytda jamoaning bunday e’tibordan foydalana olmayotganligi ham achinarli, albatta. Oldinda esa «Burgutlar» va «Sherlar» o‘rtasidagi to‘qnashuv turibdi. Superliganing 9-turini bugun aynan «Andijon» - «Paxtakor» uchrashuvi boshlab beradi. Jamshid Saidov uchun esa bu dastlabki jiddiy imtihon bo‘ladi.
- «Andijon»da Ma’ruf Abdisalomovning taklifiga binoan fevral oyida ish boshladim, - deb gap boshladi, Saidov. - Menga ishonch bildirishgani uchun rahmat aytmoqchiman. «Andijon» oldindan yaxshi jamoa bo‘lib kelgan. Ammo oxirgi ikki yilni klub quyi ligada o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Aytmoqchimanki, «Andijon» ikki yillik tanaffusdan keyin Superligaga chiqdi. Jamoaning o‘z o‘rnini topib olishi uchun esa shubhasiz vaqt kerak. Buning uchun to‘g‘ri tarkib tanlab olingan. Maqsadimiz Andijon xalqini o‘z o‘yinlarimiz va g‘alabalarimiz bilan xursand qilish. E’tibor bersangiz, boshqa jamoalarning o‘yinlarini ko‘rsangiz stadionga muxlislar kam kelishyapti. Faqat ayrim klublarning stadionlari tomoshabinlar bilan to‘lyapti. Biri «Navbahor» bo‘lsa, yana biri «Andijon».
Birinchi davraning yarmi ham ortda qolgani bois jamoalarning kuchi va imkoniyatlari borasida biroz bo‘lsa ham fikrlar hamda xulosalar chiqarishga etarli bo‘lmoqda. «Andijon»ning hozirgi natijalari esa hammaga ma’lum. Shuni nazarda tutgan holda vaqtinchalik bosh murabbiyga aylangan Jamshid Saidovdan ortda qolgan o‘yinlar haqidagi fikrlarini bililishga qiziqdik.
- Superligada 8 ta tur ortda qoldi. Biz esa o‘z maydonimizda faqat ikki marta o‘ynadik xolos. Ushbu uchrashuvlarda yomon taassurot qoldirmadik. Safarda esa qiyin raqiblarga qarshi to‘qnash keldik. Yaxshimi-yomonmi, durang natijalarni qayd etib keldik. Jamoamiz endi-endi o‘yinini shakllantirib bormoqda. Hozirdan esa klub haqida shoshilinch xulosa chiqarish yaxshi emas. Noyabr oyiga kelibgina aniq tahlillar va xulosalar yuzaga chiqadi. Bir jihatni to‘g‘ri tushunish lozimki, «Andijon» ilk bor Superligaga chiqdi. Birinchi yilda esa avvalo elitada o‘z o‘rnini saqlab qolishi lozim.
«Andijon»ning bugungi tarkibi haqida ham turli fikrlar bildirilmoqda. Lekin rahbariyat jamoadagi o‘yinchilarni yaqin yillar ichida imkon qadar mahalliylashtirishni rejalashtirmoqdalar. Jamoaning hozirgi tarkibida ham andijonlik o‘yinchilar yo‘q emas, ammo kam. Qishdagi selektsiyada esa asosan boshqa klublardan bir qator futbolchilar jalb etildi. Lekin shuni ham to‘g‘ri tushunish kerakki, murabbiylar raqobatni kuchaytirish uchun shunga majbur edilar. Biroq jamoaga jalb etilgan hamma futbolchilar ham ishonchni oqlay olyaptimi degan haqli savol ham tug‘iladi.
- Biz tarkibga boshqa joylardan bir qator o‘yinchilarni taklif etganmiz, - deya mavzuni davom ettirdi, bosh murabbiy. - Ularning barchasini bir oila sifatida shakllantirib olishimiz uchun esa xohlaymizmi-yo‘qmi vaqt kerak. Tushunaman, klub rahbarlari ham tarkibda mahalliy futbolchilar o‘ynashsin deb talab qilishadi. Ammo bu birdaniga o‘z-o‘zidan sodir bo‘ladigan jarayon emas. Bu ham vaqtni talab qiladi. Hozir istalgan jamoani ko‘ring, tarkibida mahalliy o‘yinchilari kam. Hattoki, «Nasaf» klubida mahalliy futbolchilari ko‘p emas. O‘z vaqtida «Buxoro»da ishlagan chog‘imda ham rahbarlar mendan mahalliy futbolchilarni ko‘paytirishimni so‘rashgandi. Lekin mahalliy kadrlar masalasi muammoli edi va buning uchun ham vaqt kerak bo‘lardi. Mag‘lubiyatlar bo‘lsa bu albatta hech kimga yoqmaydi. Hozircha 8 ta tur o‘tgan bo‘lsa, chempionatdagi raqobat naqadar kuchli bo‘layotgani ko‘rinib turibdi. Hozir jamoalarning ochkolari borasida farqlari u qadar katta emas. Bitta mag‘lubiyat yoki g‘alaba bilan egallab turgan o‘rningiz o‘zgarib ketishi mumkin. Endi Eldor Sakaevning o‘rnini egallagan Jamshid Saidovga ishonch bildirilmoqda. Uning «Buxoro»da faoliyat olib borganini yaxshi eslaymiz. Ancha yillardan beri murabbiy sifatida mehnat qilib kelayotgani uchun ham o‘z ishini yaxshi biladi. Ammo har doim murabbiylarga qiyin bo‘lib kelgan. Masalan, hozirgi jarayonda ushbu mutaxassisga ham havas qilib bo‘lmaydi. Chunki vaziyatni qanday bo‘lmasin ijobiy tomonga o‘zgartirishiga to‘g‘ri keladi.
- Meni vaqtinchalik bosh murabbiy sifatida tayinladilar. Men esa mas’uliyatni yaxshi tushunib turibman. Andijon xalqini xursand qilish uchun bor kuchim va mehnatimni berishga harakat qilaman. Chunki futbol – bu xalq uchun. Boshqa tomondan qaraganda, «Andijon» bilan yaxshi natijalarni ko‘rsatsak, bu murabbiy sifatida o‘zimning obro‘im uchun ham yaxshi bo‘ladi. Hozirgi jarayon ham menga qo‘shimcha motivatsiya beradi. Bu ham hayotning bir bosqichi. Bizning ishimiz mana shunday bosqichlardan iborat. Bungacha yordamchi murabbiy edim, endi bo‘lsa vaqtinchalik bosh murabbiyga aylandim. Biz muxlislarni xursand qilish uchun o‘ynaymiz. Qolaversa, bizning navbatdagi raqibimiz «Paxtakor» bo‘ladi. Stadion ham muxlislar bilan to‘ladi deb o‘ylayapman. Bunday paytda ishqibozlarimizning qo‘llab-quvvatlashi biz uchun katta ahamiyatga ega. Bunday kuchli raqibga qarshi o‘yinda xalqning daldasi futbolchilarimizga katta ruhiy kuch beradi. O‘sha uchrashuvdan keyin muxlislar bilan xursandchilik qilishni xohlaymiz, - deydi murabbiy.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, bugun «Andijon» o‘z maydonida «Paxtakor»ni qabul qiladi. Hozirgi paytda esa chempionatimizda ikkita kuchli klub bo‘lsa, biri «Lokomotiv», yana biri «Paxtakor». Ayniqsa, Shota Arveladzening jamoasi ushbu mavsumda yanada kuchliroq bo‘lib qaytdi. Xo‘sh, bo‘lajak uchrashuv uchun Jamshid Saidovning rejalari qanday? Kuchli raqibga qarshi qanday chora ko‘rarkin? Bu xususida o‘zi shunday dedi:
- Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Albatta, «Paxtakor» bilan uchrashuvda tarkibda o‘zgarishlar bo‘ladi. Jamoa o‘yiniga va tarkibiga biror-bir yangilikni kiritishga harakat qilamiz. Lekin «Paxtakor»ga qarshi juda qiziqarli o‘yin bo‘ladi. Muxlislar shu kuni chiroyli va hujumkor futbolni ko‘rishadi. Biz ijobiy natijaga erishish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
Lekin yana bir jihatni ham alohida aytishni istardikki, ko‘pchilik «Andijon»ning ko‘rsatayotgan o‘yinidan norozi. Masalan, Jizzaxda «So‘g‘diyona»ga qarshi uchrashuvda ham negadir «dim» o‘yin ko‘rsatdi. Aslini olganda, bungacha o‘tkazgan o‘yinlari borasida ham maqtovli gaplarni aytish qiyin. Hattoki, «Andijon»ni Superligada zerikarli o‘yinlardan birini ko‘rsatmoqda degan fikrlarni ham eshityapmiz. Bu masala bo‘yicha Saidovga murojaat qildik.
- Nima uchun og‘ir? Masalan, «Nasaf» juda yaxshi jamoa. Biz esa ularga qarshi yaxshi o‘yin ko‘rsatib g‘alaba qozondik. «Dinamo»ga qarshi esa yomon o‘yin ko‘rsatdikmi? To‘g‘ri, o‘z maydonimizda durang o‘ynab qo‘ydik. Bunga esa o‘zimiz sababchi bo‘ldik. Boisi yaratilgan imkoniyatlarimizdan etarlicha foydalana olmadik. O‘sha kuni omadimiz chopmadi. Futbolda omad juda katta narsa. Evropa futbolini qarang. «Barselona» va «Ayaks»dan omad qanday yuz o‘girganini hamma ko‘rdi. To‘g‘ri, ishqibozlarga doim g‘alaba kerak. Hammani o‘z fikri bor. Lekin ular ham futbolni tushunishlarini istardim. Masalan, bir marta futbolga kirib o‘yin yo‘q, deb tanqid qilishadi. Lekin biz murabbiylar ham odammiz va biz ham xato qilamiz. Albatta, shu ishda mehnat qilar ekanmiz, imkon qadar maksimal darajada faol ishlashga harakat qilamiz. Futbolchilar bilan hammasini obdon o‘rganib, tahlil qilamiz, muhokamalar o‘tkazamiz. Biz bu jarayonga ham katta e’tibor beramiz. Albatta, muxlislar stadionga keldimi, ular o‘z jamoasining g‘alabasini xohlashadi va talab qilishadi. Ular uchun esa hujumkor futbol ko‘rsatish kerak. O‘z navbatida o‘zimiz ham xuddi ishqibozlar kabi yutishni juda-juda istaymiz. Lekin bir narsani ham unutmaslik kerakki, futbolda har doim ham o‘yin o‘zingiz o‘ylagandek chiqavermaydi. Shuning uchun ham futbolda barqarorlik juda muhim hisoblanadi. To‘g‘ri aytdingiz, chempionatimizda hozirda «Paxtakor» bilan «Lokomotiv» kuchli va barqaror o‘ynashyapti. Mana, Shota Arveladzeni olaylik. U «Paxtakor» bilan endi-endi o‘zi istagan o‘yinni ko‘rsata boshlayapti. Buning uchun esa unga uch yil kerak bo‘ldi. Istalgan jamoani shakllantirish uchun esa murabbiyga aslida ham uch yil vaqt kerak. Andijonda futbolga juda katta e’tibor berilyapti. Biz ham bunga javoban jamoani munosib ravishda o‘yin ko‘rsatishini va Superligadagi debyut mavsumimizda o‘z o‘rnimizni saqlab qolishni istaymiz. Keyingi yildan esa rejaga qarab katta maqsadlar qo‘yiladi. Pro-ligadan Superligaga chiqib, birdaniga natija ko‘rsatish ham qiyin.
Darvoqe, «Andijon»ga bu yil taklif qilingan futbolchilar orasida legioner Radoslav Aleksich ham bor. Biroq bu futbolchi haligacha «Andijon» tarkibida maydonga tushib debyutini o‘tkazgani yo‘q. Qiziq, u holda uni nima maqsadda olib kelishgan, degan tabiiy savol ham tug‘iladi. O‘ynamasdan zaxirada o‘tiraveradigan legioner kimga kerak?
- Aleksichning maydonga tushmayotganiga jiddiy sabab yo‘q. Ha, u hali o‘ynagani yo‘q. Ammo jamoa bilan bo‘lajak uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapti. Baribir u legioner. Professional sifatida o‘zining sport formasini yaxshilash ustida ishlayapti. Albatta, unga ham o‘ynash uchun vaqt keladi, - deya munosabat bildirdi, bosh murabbiy.

Fikrlar