Anvar Berdiev: "Legionerlar klubi uchun jonini berib o‘ynashi juda qiyin"
Pro liganing 18-turida voha derbisi doirasida “Mash’al” hamda “Sho‘rtan” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda muborakliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozondilar. O‘yindan so‘ng “Sho‘rtan” bosh murabbiyi Anvar Berdiev savollarga javob berdi.
- O‘yin haqida nima deyish mumkin? Jamoamiz mag‘lub bo‘ldi. “Mash’al”ni g‘alaba bilan tabriklayman. Futbolchilarimiz bu uchrashuvda qandaydir ishonchsiz harakat qildilar. Buni albatta ko‘rib chiqib, tahlil qilamiz.
- Birinchi davrada “Sho‘rtan” “Mash’al”ga qarshi o‘yinda kambek qilib, g‘alaba qozongandi. O‘sha “Sho‘rtan” bilan bugungi “Sho‘rtan”ni farqi bormi?
- Farqi yo‘q. Lekin o‘yinda farq bo‘ladi. Har bir o‘yin bitta tarix. O‘yin o‘yinga o‘xshamaydi. Asosan futbolchilarni uchrashuvga tayyorgarligi, “nastroy” ko‘p narsani hal qiladi. Bugun o‘yinchilarimda ozgina shu narsa etishmadi.
- Legionerlarga extiyoj sezasizmi?
- To‘g‘risi, o‘zbekistonlik futbolchilarga katta ishonch bildiraman. O‘zimizni yigitlarga yordam berib, katta futbolga qadam qo‘yishlariga ko‘maklashib, shu jarayondan o‘tkazsak bu biz uchun katta plyus. Xohlaymizmi-yo‘qmi, legionerlar bilash ishlash qiyinroq. Men asosan o‘zbekistonlik futbolchilarga ishonch bildiraman.
- Qiyinchilik tomoni moddiy jihatdanmi yoki til masalasidami?
- Til masalasi bo‘yicha, keyin o‘zimiz ham o‘ynab yurgan paytimizda o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, legionerlarni klubi uchun jonini berib o‘ynashi juda qiyin. Bunday legionerlar kamdan-kam uchraydi.
- Pro ligada “Sho‘rtan” gol o‘tkazib yuborish bo‘yicha uchinchi o‘rinda. Yozda himoyadagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ish olib borilganmi?
- Albatta, davralar oralig‘ida himoyachilarimizga ko‘proq e’tibor qaratdik. O‘yinlarda ular xushyorlikni yo‘qotmasliklari kerak. Mashg‘ulotlarda ularga o‘rgatganingiz bilan futbolchi buni maydonda bajara olmasa jamoaga qiyinchilik tug‘diradi. Hakam xushtagini chalganidan keyin futbolchi darhol o‘yinga qo‘shilishi kerak. Agar xushyorligini yo‘qotsa raqib jamoa tomonidan jazolanadi.
- Bugun pro ligada birinchi marta VAR ishladi. Bu haqida fikringiz?
- Albatta, VARni bo‘lgani yaxshi. Baribir pro ligani o‘yinchilari ham bu narsaga o‘rganishi kerak. Extiyotkorlik bilan harakat qiladi, maydonda bir-birini ko‘proq hurmat qilishadi. Superligada har bir futbolchi qilayotgan harakatini nazorat ostiga oladi. Doim VAR tomonidaman.
- “Sho‘rtan” “Mash’al”dan 7 ochkoga ortda qolyapti. Nima deb o‘ylaysiz, 1- va 2-o‘rin masalasi hal bo‘ldimi?
- Yo‘q, kurash hali tugamadi. Mavsum oxirigacha davom etadi. Pro ligada o‘tkinchi uchrashuvlarni o‘zi yo‘q. Har bir ochko uchun jamoalar qanchalik jon-jahdi bilan kurashayotganini ko‘ryapsizlar. Mavsum oxirigacha kurash davom etadi.
Fikrlar