Anxel Lopes o‘zbek futboliga qanday yangilik olib kirmoqchi? Futbolchilar nimasi bilan hayratga solyapti? Yoxud "Surxon" bosh murabbiyi jamoasining kuchiga baho berdi

  • 19 mart, 2022, 12:10
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yayotgan “Surxon” bu yil keskin darajada o‘zgardi, deya olamiz. Ayniqsa, jamoaga ispaniyalik mahoratli murabbiy Anxel Perez Lopes taklif qilingani alohida e’tiborga molik.

Tecno

Aprelda 39 yoshni qarshilaydigan mutaxassis haqida ilgari saytimiz orqali batafsil ma’lumot berib o‘tgandik. Oxirgi ikki yilni Gretsiya chempionatida o‘tkazdi. Bu yildan esa O‘zbekiston chempionatida faoliyatini boshladi.

Anchadan beri ispaniyalik murabbiy bilan Sports.uz uchun suhbatlashishni rejalashtirib qo‘ygandik. Nihoyat, istagimiz shu kunga kelib amalga oshdi.

- Janob Lopes, “Surxon” klubiga bosh murabbiy etib tayinlanganingiz bilan tabriklayman. Bu erga kelib ishlashingizga nima turtki berdi?

- Bu erda paydo bo‘lishimning asosiy sababi loyihaning bir qismi sifatida ishlash. Shuning evaziga barqarorlikka erishishdir. Shuni ishonch bilan ayta olamanki, biz o‘ziga xos xarakterga ega bo‘lgan jamoa sifatida shakllanishimiz mumkin.

- Bizga kelguningizga qadar o‘zbek futboli haqidagi taassurotlaringiz nimalardan iborat edi?

- 2017 yili “Al-Shabab”da ishlab yurganimda Aziz Haydarovga ustozlik qilgandim. U bilan o‘zbek futboli haqida ko‘p gaplashganman. Shuningdek, Ispaniyada amaliyot o‘tagan o‘zbekistonlik bir necha nafar murabbiylar bilan ham tanishganman.

lopes1_2

- Klubda ish boshlaganingizga hali ko‘p bo‘lmadi, mavsum esa allaqachon start olgan. Nima deb o‘ylaysiz, klub yuqori darajaga ko‘tarila olishi mumkinmi?

- Bizda mavsumoldi tayyorgarligi oson kechmadi. Boz ustiga kuniga ikki mahaldan mashg‘ulot o‘tkazishning o‘zi oson bo‘lgani yo‘q. Bundan tashqari, jamoada yangi futbolchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. O‘yinchilar bir-birlari bilan tanishishlari uchun esa vaqt kerak. Mavsumoldi tayyorgarligi qisqa bo‘lgani bois chempionatga yaxshi hozirlik ko‘rish uchun vaqt etarli bo‘lmadi. Shunday bo‘lsa ham maydonda raqobatbardosh jamoa sifatida qad rostlashga harakat qilmoqdamiz.

- Tarkibdagi o‘yinchilardan ko‘nglingiz to‘lyaptimi? Mahalliy ijrochilar haqida nima deya olasiz?

- Hammasidan ko‘nglim to‘lyapti. Biz maydonda mardonavor kurashishga harakat qilyapmiz. Meni futbolchilarimizning o‘yin falsafamizga tezroq kirishib ketish istagida jiddu-jaxd qilayotgani quvontirmoqda. Klubga kelgan paytimda tarkib deyarli shakllanib bo‘lgandi. Meni hayron qoldirayotgani o‘yinchilarning o‘zlariga yangi bo‘lgan o‘yin metodikamizni darhol ilg‘ab olayotganlari bo‘lyapti. Legionerlarga kelsak, klub bir qancha futbolchilar bilan shartnomalar imzolagan. Jumladan, o‘z vaqtida “Kadis” va “Real” o‘rinbosarlari jamoasi sanaladigan “Kastilya”da to‘p surgan Luisma Kezadani alohida ajratib ko‘rsatishim mumkin. Unda katta iqtidor bor. Undan tashqari, “Valensiya” klubida to‘p surgan Serxio Rodrigesni ham ko‘rsatishim mumkin. Darvozabon Xavi Ximenes Ispaniyaning ikkinchi divizionida bir qancha klublarda o‘ynab ancha tajribasini oshirgan. Umid qilamanki, u o‘zidagi eng yaxshi jihatlarni “Surxon”da ham namoyish eta oladi. Yaqinda juda tajovuzkor hisoblanadigan hujumchi Miroslav Markovich tarkibimizga kelib qo‘shildi. U Rossiyada ancha vaqt to‘p surgan, rus tilini juda yaxshi biladi. Legionerlar kvotasini tojikistonlik Zoir Jo‘raboevni tarkibga qo‘shib olish bilan to‘ldirganimizni aytishim kerak. U juda tirishqoq yarim himoyachi hisoblanib, ayniqsa, chap oyog‘ida juda yaxshi o‘ynaydi.

lopes6

- Ko‘pchilik sizni ancha kuchli ligalarda ishlaganingizni inobatga olgan holda zo‘r mutaxassis deb hisoblaydi. O‘z navbatida ishqibozlar sizdan shunga mos o‘yin ko‘rsatadigan jamoani shakllantirishingizni istashmoqda...

- Ixtiyorimdagi klubning tajovuzkor futbol namoyish etishidan umid qilgan holda ishlayapman. Shu maqsadda maydonga chiqqandan so‘ng har qanday raqibga qarshi mardonavor kurashishga harakat qilyapmiz.

- Siz Evropa futboli bilan yaxshi tanishsiz. Sizdagi qaysi jihatlarni o‘zbek futboliga tatbiq etishni istagan bo‘lardingiz?

- Evropa va o‘zbek futboli o‘rtasida tabiiyki, katta farq bor. Shunday bo‘lsa ham o‘zim orttirgan tajribadan kelib chiqqan holda “Surxon”ning o‘yinini shunga mos holatda tashkil etishni istayman. Bundagi asosiy jihatlardan biri shuki, to‘pni maydonning raqibga tegishli bo‘lgan qismida o‘zimizda saqlagan holda o‘ynashga harakat qilamiz.

lopes5

- Hozirda “Surxon” o‘z uy o‘yinlarini boshqa maydonda o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda. Qadrdon muxlislar ko‘z o‘ngida to‘p surmaslik g‘alati bo‘lmayaptimi?

- Albatta, qadrdon muxlislarimizni sog‘inib qolyapmiz. Ular bizga juda kerak. Axir ishqibozlar loyihamizning asosiy qismi hisoblanishadi. Umid qilamanki, Termizga qaytib jonajon ishqibozlar ko‘z o‘ngida to‘p surish tezroq nasib etadi. Agar bunday holat yuzaga keladigan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan muxlislardagi g‘ayrat va shijoat ortadi hamda eng yaxshi o‘yinlarini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Azimjon007
20/03/2022 20:08
Surxon bu yil kuchli 5likka kiradi olğa Surxon