
APL grandlari tarkibidagi 6 nafar yosh futbolchi
Premer liganing yorqin iste’dodlari
2019/2020 yilgi mavsum bizga: “Liverpul”ning aqlbovar qilmas o‘yini, “Tottenxem” va “Arsenal”ning omadsizligi, “Sheffild”ning Chempionlar Ligasiga intilishi, yosh va iste’dodli futbolchilarning grand jamoalarda o‘zini ko‘rsatishi bilan yodda qoladigan bo‘ldi.
Sizlarga kelasi mavsumda o‘z jamoasining asosiy figurasi bo‘lishi kutilayotgan yosh futbolchilar haqida ma’lumot beramiz.
Fil Foden – “Manchester Siti”
Fil Foden Angliyada Ueyn Runi davridan beri eng yaxshi yosh iste’dodlardan biri. Ammo bu mavsum Foden uchun ko‘ngildagidek bo‘lmadi. 11 marta asosiy tarkibda maydonga tushgan bo‘lsa, 13 marta zahiradan maydonga tushdi. Fil asosiy tarkib uchun munosib ekanligini ko‘rsatdi, muxlislar ham uni ko‘proq maydonga tushishini istashadi.
Liga Kubogi finali Foden uchun eng yaxshi o‘yin bo‘lgandi. O‘shanda Fil o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deya e’tirof etildi. Chempionlar ligasida esa Foden hisobida 4 ta o‘yinda 2 ta gol va 2 ta golli uzatma mavjud. O‘rtacha hisobda bitta o‘yinda 90% aniqlikda 1,5 ta uzatmani amalga oshiryapti.
Hamma uni David Silvaning o‘rinbosari sifatida ko‘ryapti. Ispaniyalik futbolchi jamoani tark etsa, Foden uning o‘rnini egallaydi.
Bukayo Saka – “Arsenal”
Muammolar girdobida qolgan “Arsenal” futbol olamiga bir qancha yoshlarni taqdim etdi. Edvard Nketia, Reyss Nelson, Jo Uillok va Gabriel Martinelli kabi yoshlar muxlislar nazariga tushishdi. Lekin hech biri Bukayo Saka kabi yorqin o‘yinlarni namoyish etmadi. 18 yoshli vunderkind tarkibga jalb qilingan zahoti “Arsenal” o‘yiniga moslashib ketdi.
Avvaliga qanot hujumida, keyinchalik chap qanot himoyasida to‘p surayotgan Bukayo Mikel Artetaning ishonchiga kira olgan futbolchilardan hisoblanadi.
Saka hisobida 2 ta gol va 8 ta golli uzatma mavjud. “Bornmut”, “Nyukasl” va “Everton”ga qarshi o‘yinlarda har tomonlama o‘zining eng yaxshi sifatlarini namoyish etgandi. Juda ko‘pchilik Bukayoni “Arsenal“ning kelajagi sifatida ko‘ryapti.
Yafet Tanganga – “Tottenxem”
“Tottenxem” doimo yoshlarga ko‘proq imkoniyat berib kelgan: Xarri Keyn, Garri Uinks, Kayl Uoker-Piters va Oliver Skipp jamoaning asosiy futbolchilariga aylanishdi. Ammo murabbiy almashgach, endi yoshlarga kamroq e’tibor qaratilishi haqida gapira boshlashdi. Chunki Mourino yoshlarga kam ahamiyat beradi.
Lekin unday bo‘lmadi. 20 yoshli Yafet Tanganga asosiy tarkibda maydonga tusha boshladi. Yanvar oyida “Liverpul“ga qarshi o‘yinda debyut qilgan futbolchi hisobida hozirgacha 9 ta o‘yin mavjud. Yafet “shporlar”ning o‘yin uslubiga to‘la moslashib kedi.
Meyson Grinvud – “Manchester Yunayted”
Mavsum avvalida ko‘pchilik Grinvudga ishonmagan edi. Oradan 8 oy o‘tib esa, uning maydonga tushishini intizorlik bilan kutadigan bo‘lishdi.
Meyson hisobida 10 ta gol mavjud. Ularning 5 tasi APLda, qolgan 5 tasi Evropa Ligasida urilgan. Grinvud madonda 1108 daqiqa bo‘lyapti va har 110 daqiqada bitta gol uryapti.
Grinvud “Qizil iblislar”ning etakchi futbolchilaridan biri bo‘lishi muqarrar.
Billi Gilmor – “Chelsi”
Oxirgi mavsumlarda “Chelsi” yoshlarga ko‘p imkoniyat berishi tanqid ostiga olinardi. Ammo bu mavsum mustasno bo‘ldi. Transferlarga qo‘yilgan taqiq va yangi murabbiy Frenk Lempard sharofati bilan yosh futbolchilarga ko‘proq imkoniyat berildi. Hozirgi tarkibda Meyson Maunt, Temmi Abraxam va Ris Jeyms bemalol asosiy tarkibda to‘p sura olishini isbotlab qo‘ydilar. Ular orasida Billi Gilmor ham bor.
18 yoshli futbolchi “Chelsi“ tarkibida bir qancha o‘yinlarda maydonga tushdi. Jamoadagi jarohatlar sabab unga o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyat yaratildi. Shotladiyalik futbolchini Andres Inestaga qiyoslashmoqda. “Barselona“ va “Real” yosh futbolchini kuzatishni boshlagan.
Kertis Jons – “Liverpul”
Ushbu mavsumda “Liverpul” muammolarga deyarli uchramayapti. Klopp qo‘l ostida juda kuchli tarkib to‘plandi va yoshlarga o‘zlarini ko‘rsatish uchun imkoniyat qolmadi. Yaxshiyam-ki, kubok bahslari bor.
Hozir akademiyadan chiqqan futbolchilar ichida Kertis Jons yaxshi taassurot qoldiryapti. U “Qizillar” akademiyasiga 9 yoshida kelib qo‘shilgan.
Hujumkor yarim himoyachi yangi Stiven Jerrard bo‘lishi kutilmoqda. Muhimi, unga imkoniyat berib turish kerak.
Fikrlar