APL jamoasidan chempionat boshlanishidan oldin ochkolar olib qo‘yilishi mumkin

  • 17.06.2026 19:13
  • Ali Ahmadxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

«Xall Siti» Chempionship pley-offi finalida «Middlsbro» ustidan g‘alaba qozonib, Premier-liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Biroq klub 2026/27 yilgi mavsumni ochkolar kamomadi bilan boshlab yuborish xavfi ostida qolmoqda. Sabab – liga tomonidan joriy etilgan foyda va barqarorlik qoidalarining buzilishi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, klub 1 iyulga qadar taxminan 6 million funtlik moliyaviy taqchillikni yopishi shart. Agar shu muddatgacha zarur summa qoplanmasa, «Xall Siti» Premier-ligaga manfiy olti ochko bilan start olishi mumkin.

Klub egasi egasi Akun Ilidjali bu muammoni muxlislar bilan «Em-Key-Em Stedium»da bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ochiq tan oldi.

«Biz rejadan ortiq xarajat qildik va 1 iyulgacha bir necha futbolchini sotishga majburmiz. Men bundan qo‘rqmayman, bundan ham og‘irroq vaziyatlarni yengib o‘tganmiz. Endi biz Premier-liga klubimiz, futbolchilarimiz qiymati oshdi, bu esa biz uchun katta ustunlik», — deya Ilidjalining so‘zlarini BBC Sport keltiradi.

Moliya bo‘yicha mutaxassis Kiran Maguayrning tushuntirishicha, klub uch yillik davr uchun belgilangan 39 million funtlik yo‘qotish limitini asosan futbolchilar shartnomalaridagi Premier-ligaga chiqish bonuslari ortidan oshirib yuborgan.

Uning aytishicha, bunday bonuslar jamoa bo‘yicha odatda 10–15 million funt atrofida bo‘ladi va aynan shu to‘lovlar «klubni bexosdan limitdan chiqarib yuborgan».

Ma’lum qilinishicha, klub Devid Akintola, Abu Kamara va Kayl Palmer bo‘yicha tushadigan takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. Shu bilan birga, Chempionshipning bir qator klublari qiziqish bildirgan hujumchi Kayl Jozefni sotish orqali defitsitning katta qismini qoplash mumkinligi qayd etilmoqda.

Shu bilan birga, «Xall Siti» yetakchi futbolchilarini saqlab qolish niyatida. Klub mavsumning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan Rigan Sleyter hamda yosh himoyachi Charli Hyuzga boshqa jamoalardan qiziqish bo‘lishiga qaramay, ularni sotish rejasi yo‘qligini ma’lum qilgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!