
«Arsenal» qishda qaysi pozitsiyalarini kuchaytirib olishi kerak? (Erkin G‘aybullaev blogi)
Avgust oyidan beri ilk marta o‘tgan turda «Sautgempton»ga mag‘lub bo‘lgan «to‘pchilar»ning o‘yinidan klub muxlislari hayratga tushishdi. Ispaniyalik murabbiy darhaqiqat qisqa vaqt ichida jamoani ancha raqobatbardosh klubga aylantirdi.
Ammo tan olish kerak, londonliklarning ojiz nuqtalari borligi ham ko‘p jabhalarda ko‘rinib qoldi. Xo‘sh, ular qishda qaysi masalalarni hal qilish uchun transfer bozoriga murojaat qilishi mumkin? Quyidagi tahlilimiz ana shu haqida.
Markaziy himoyachi
«Arsenal» muxlislari jamoaning qayta kuchaytirilishga muhtoj chizig‘i deb markaziy himoyani aytishayotganida jon bor.
Mavsum o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirish arafasida Emeri ixtiyorida Shkodran Mustafi, Papastatopulos, Xolding va Loran Koselnilar bor. Mavropanos va ham asosiy tarkib vakili hisobladi.
Afsuski, mavsumni ajoyib tarzda boshlay olgan Xolding olgan jiddiy jarohati sabab bu mavsumda qayta ko‘rinish bermaydi.
Koselni va Mavropanos esa olgan jarohatlaridan qutulib safga qaytish arafsida. Shu tufayli himoya markaziga zarur hollarda Granit Djaka majburan o‘tkazilmoqda.
Mustafi bu mavsumda o‘yinini kuchaytirganiga qaramay, qaror qabul qilishda ko‘p hollarda xatoga yo‘l qo‘ymoqda. Sokratisning obro‘si esa jamoa orasida borgan sari ortib bormoqda. Ammo unga ishonchli hamkor kerak.
Mavropanos esa kelajak uchun olib qo‘yilganiga qaramay, u ba’zi o‘yinlarda o‘zini ko‘rsata oldi. Biroq u ham jarohat olgan va shu oyda maydonga qaytishi kutilmoqda.
Emeri Djakani markaziy himoyadagi variantlar kamligi sabab «Sautgempton»ga qarshi o‘yinda himoyada o‘ynatdi va yakuniy natija londonliklarga ushbu chiziqni kuchaytirish kerakligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Chap qanot himoyasi
«Arsenal» ixtiyorida ikki nominal chap qanot himoyachisi bor. Biroq Nacho Monreal va Sead Kolashinats orasida asosiy tarkib futbolchisi kimligini aniqlashda jiddiy muammolar bor.
Ammo ikkalasi ham jarohatlar sabab o‘zlarini ijobiy tarafdan ko‘rsata olishmayapti. Monreal safda bo‘lganida eng yaxshi variant hisoblanadi. Ammo uning shartnomasi kelasi yil yozida o‘z nihoyasiga etadi. Uning jarohat olishga moyilligi ortib borayotgani sabab klub rahbariyati uni qo‘yib yuborishi mumkin.
Kolashinats esa o‘z qanotida Aleks Ivobi bilan kuchli hamkorlikni ko‘rsatmoqda. Biroq bu ayrim o‘yinlarda sodir bo‘lmoqda. Bunga uning jarohati yoki moslashuvchanligini halal bermoqda.
Ikki himoyachi yo‘qligida esa yana universal Djaka bu chiziqlarni to‘ldirishga urinib ko‘rdi.
«Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda Meytland-Nilsga imkon berilgandi. Ammo 35 daqiqa o‘tar-o‘tmas jiddiy jarohat olgan yosh futbolchisi kelasi yil oktyabrigacha maydonda qorasini ko‘rsatmaydi. Ammo angliyalik futbolchi nominal himoyachi emas. Shunchaki u shu qanot yarim himoyasida yaxshi o‘ynaydi.
Aaron Remziga o‘rinbosar
«Arsenal»dagi o‘n yillik faoliyatidan keyin Remzi klubni erkin agent sifatida tark etishi tobora aniqlashib bormoqda.
Nega Emeri Remzini tarkibga kiritmayapti? Sababi ulslik futbolchida Emeri o‘yin tizimida aniq vazifalarga ega emas. U bu mavsumda «aldamchi o‘nlik» rolida harakat qilganida o‘yinni boshqarishda ojizlik qildi.
U tayanch yarim himoyasida ham o‘ynay oladi. Ammo Emeri u erda jismonan baquvvat ikki tayanch yarim himoyachisini o‘ynatishni istaydi. Bu bilan u hujumkor futbolchilarni raqib jarima maydonchasiga tahdid solishi imkoniyatlarini oshirishni rejalashtirgan.
Remzi esa ikkala kategoriyaga ham kirmaydi. Uning o‘rniga yangi «yulduzcha» Emil Smit Rouning imkoniyatlari oshib bormoqda. Kelasi mavsum aynan u uchun atalsa ajabmas.
U hozircha Karabao Kubogida mahoratini toblab bormoqda.
Vinger
«Arsenal» bundan tashqari dribling qila oladigan va to‘pni o‘zida ushlab turadigan futbolchiga muhtoj.
Ivobi Vengerning so‘nggi mavsumida qiynalganiga qaramay, joriy mavsumda yaxshi o‘ynamoqda.
Biroq u klubdagi yagona vinger hisoblanadi. Uch kishilik himoyada o‘ynashiga qaramay raqib jarima maydonchasida ko‘proq klubiga foydasi tegadi.
Yakkama yakka vaziyatlarda raqibdan o‘tib keta oladigan futbolchining etimasligi qarshi hujum taktikasida juda sezilyapti.
Yagona variant klub o‘z tarbiyalanuvchisi Rayss Nelsonni ortga qaytarishi hisoblanadi. 19 yoshli futbolchi ayni vaqtda «Xoffenxaym»da ijara asosida to‘p surmoqda. U Bundesliganing 11 uchrashuvida 6 gol urishga erishdi.
Uning vinger va hujumchi ortida harakat qila olishi «Arsenal»ning muammolaridan birini yopishi mumkin.
17 yoshli Bukayo Saka esa navbatdagi variant hisoblanadi. U Evropa Ligasi doirasida «Qorabog‘»ga qarshi o‘yinda klub safida debyut qilgan 21 asrda tug‘ilgan ilk futbolchiga aylandi.
Fikrlar