"Arsenal" va "Manchester Siti" katta maosh olayotgan futbolchi talashyapti
PSJ tarkibida harakat qilayotgan markaziy himoyachi Vilyan Pacho xizmatlariga ikki ingliz grandi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqida Bolavip nashri xabar tarqatdi.
Manbaga ko‘ra, «Arsenal» va «Manchester Siti» 24 yoshli Ekvador terma jamoasi a’zosini o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini o‘rganmoqda.
Pacho yaqinda PSJ bilan shartnomasini uzaytirgani, shuningdek, Parij klubida yillik maoshi 11 million yevro atrofida ekani qayd etilmoqda.
Shu boisdan, uni qo‘lga kiritishni istagan Angliya premer-ligasi yetakchi klublari futbolchini moliyaviy jihatdan juda ham manfaatli taklif bilan qiziqtirishiga to‘g‘ri keladi. Moliyaviy imkoniyatlari keng «Manchester Siti» uchun bu katta muammo emasligi aytilmoqda. «Arsenal» uchun esa vaziyat ancha murakkab, chunki «kanonirlar» odatda bunday yuqori maosh taklif qilmaydi.
Joriy mavsumda Pacho barcha musobaqalar doirasida olti o‘yinda maydonga tushdi, ammo haligacha gol yoki golli pas bilan ajralib turmadi.

Fikrlar