Asror Aliqulov: “Sho‘rtan”da murabbiylarning almashtirilishi yangilik emas-ku
O‘tgan haftada “Sho‘rtan” bosh murabbiyi sifatida ishlab kelgan Asror Aliqulov iste’foga chiqarildi. Mavsum boshida mustaqil ravishda ish boshlagan mutaxassis qiyin sharoitda bo‘lishiga qaramay, G‘uzorda yaxshi jamoani shakllantirishga harakat qilayotgandi. Ammo uning G‘uzordagi navbatdagi faoliyati ham uzoqqa cho‘zilmadi. Uning o‘zi esa iste’foga chiqishi sabablari haqida gapirib berdi.
- “Sho‘rtan”da murabbiylarning almashinuvi yangilik emas-ku, baribir G‘uzorda ishlash og‘ir. “Sho‘rtan”da yiliga kerak bo‘lsa uchtadan murabbiy almashadi. U erdagilar pro-liganing saviyasi kuchsiz bo‘ladi deb o‘ylashgandi. Ammo bunday emas. Buning ustiga hali ko‘plab o‘yinchilarimiz ham tayyor emasdi. Rahbarlar bilan o‘rtamizdagi kelishmovchilik boshidanoq bo‘lgandi. “Andijon” bilan o‘yindan oldin rahbariyatga vaziyat shu tarzda davom etadigan bo‘lsa, jamoadan ketishim haqida aytgandim. To‘g‘risi, o‘sha uchrashuvdan keyin 3-4 kun ishga bormadim. Bunday qarshiliklardan so‘ng ertami-kechmi, sizda ham ishlash uchun kuch va ishtiyoq ham qolmasdi. Futbolchilar tinmay qo‘ng‘iroq qilishdi va “Norin”ga qarshi o‘yin kuni baribir bordim. O‘sha uchrashuvda esa yutqazib qo‘ydik. Keyin voha derbisida “Mash’al”ga ham 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldik. Shundan so‘ng rahbariyat meni iste’foga chiqardi. “Sho‘rtan”da shunday vaziyatki, bu erda natija faqat sizga kerak, boshqalar esa sizning qoqilishingizni kutishadi.
- Klubdagi qarzdorliklar yillar mobaynida davom etib kelyapti. Klubning hisob-raqamiga pul tushsa ham avvalgi 5-6 yil oldingi qarzlarini to‘lashga sarflanadi. Agar jamoani qo‘llab-quvvatlashsa bu boshqa gap. Masalan, pro-ligadagi kuchli klublarga qarshi munosib o‘ynab yutqazib qo‘yish ham mumkin-ku. Mana shunday paytlarda rahbariya tomonidan qo‘llashni his qilish bu boshqacha bo‘ladi. Lekin u erda bunday emas. Murabbiy doim jamoa manfaati uchun xizmat qiladi. Ammo jamoada yuz berayotgan vaziyat menga to‘g‘ri kelmadi.
- Hozirda “Nasaf”da o‘ynayotgan Sherzod Temirovni bilsangiz kerak, yaqinda “Bunyodkor” darvozasiga ham gol urdi. O‘tgan yili “Sho‘rtan” o‘rinbosalarida ishlaganimda Sherzod Temirov bilan Shahboz Jo‘raevni jamoaga olganimdan u erdagilar ustimdan kulishgandi. Agarda klubga kimningdir qarindoshini olmasangiz siz noto‘g‘ri ish qilgan bo‘lasiz. Temirov esa o‘rinbosarlar tarkibida o‘ynab ketdi. Birinchi davradan keyin esa “Sho‘rtan”dan ketdim. Shundan keyin ikkala o‘yinchini “Sho‘rtan”ga chaqirishmadi. Keyinchalik “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev qaysidir o‘rtoqlik uchrashuvida Temirovning o‘yinini ko‘rib uni jamoasiga oldi. Bu yil boshida yana “Sho‘rtan”ga qaytganimda ko‘pchilik tanishlarim o‘sha futbolchilarni jamoaga qaytarib olmaysizmi, deb so‘rashgandi. Lekin men G‘uzorda bugun yoki bir oydan keyin ketarman, ammo o‘sha futbolchilar boshqa joylarda ishonchli qo‘llarda deb aytgandim. Agar ularni yana olib kelsam, bu erda yo‘q bo‘lib ketishardi. Shahboz Jo‘raev hozirda “Paxtakor” o‘rinbosarlarida o‘ynayapti. Aytmoqchimanki, men doim o‘zim uchun emas, jamoa uchun ishlaganman, - dedi Aliqulov.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar