
Atletlarimiz Yaponiyadan yorug‘ yuz bilan qaytib kelishdi (foto)
Bugun tun yarmidan oqqanda Yaponiya poytaxti Tokio shahrida o‘tkazilgan og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida munosib ishtirok etgan yosh sportchilarimiz ona diyorlariga yorug‘ yuz bilan qaytib kelishdi.
Toshkent Xalqaro aeroportida sportchilarimizni keng jamoatchilik xursandchilik bilan kutib oldi. Kutib oluvchilar orasida sportchilar, ota-onalar, og‘ir atletika federatsiyasi vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari bor edi.
Iste’dodli sportchimiz Adhamjon Ergashev 62 kilogrammgacha vazn toifasida o‘smirlar o‘rtasida ham, yoshlar o‘rtasida ham Osiyo chempioni, deb e’tirof etildi. U shtangani dast ko‘tarishda 121, siltab ko‘tarishda 151 va ikkikurashda 272 kilogramm natija qayd etib, 6 oltin medal bilan taqdirlandi. Uning tajriba va mahorati, g‘alabaga bo‘lgan intilishi, shijoat va jasorati musobaqa tashkilotchilari tomonidan munosib baholanib, Osiyo chempionatining eng yaxshi atleti, deb topildi.
O‘smirlar o‘rtasida vazni 94 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida Aleksandr Li shtangani siltab ko‘tarishda kumush, dast ko‘tarish va ikkikurashda ikkita bronza medal bilan taqdirlandi. Farhodbek Sobirov o‘z vazn toifasida 1ta oltin va 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Shahzod Xudoyberganov uchta bronza medalga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionatida umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi.
Qizlar bahsida qatnashgan Omadoy Otaqo‘zieva o‘z vazn toifasida ikkita kumush, Muattar Nabieva esa uchta bronza medal bilan taqdirlandi.
Fikrlar