
"Autsayder bo‘lib qolmaymiz" - Norbekov Superligaga qaytdi!
Pro ligadan Superligaga yo‘l olgan Muborakning “Mash’al” klubi kuchlilar orasida “yo‘qolib” qolmaslik uchun o‘z imkoniyati darajasida tarkibini kuchaytirish ustida ishladi. Qishki selektsiya chog‘ida bir qator yangi o‘yinchilar taklif qilindi. Ularning orasida 31 yoshli Shoxnazar Norbekov ham bor.
Bilsangiz kerak, u o‘tgan yilgi mavsumni Qozog‘iston chempionatida “Qaysar” tarkibida o‘tkazdi. Yangi mavsumga ham aslida “Qaysar” bilan birga tayyorgarlik ko‘rayotgandi. Biroq keyinchalik qozoq klubi barcha legionerlari bilan xayrlashishga qaror qilgach, yarim himoyachi Norbekovni ham ketishiga to‘g‘ri keldi.
Futbolchi oxirgi paytlarda faoliyatini chetda davom ettirib keldi. Qozog‘iston, undan avval esa Indoneziya chempionatida to‘p surdi. O‘zbekiston chempionatida so‘nggi bor 2023 yili o‘ynagan va oxirgi jamoasi “Turon” edi. Bu yil u yana Superligaga qaytdi. Norbekov “Mash’al” bilan shartnoma imzoladi va muborakliklar sharafini himoya qiladi.
- Shoxnazar, yangi mavsumni "Mash’al" klubida boshlaydigan bo‘ldingiz. Bu jamoani tanlashingizni asosiy sababi nimada?
- Yaxshi taklif bilan chiqishdi. Juda ko‘p do‘stlarim ham shu erda. Bir-birimizni maydonda juda yaxshi tushunamiz. Yana bir jihati, ko‘proq o‘yin amaliyoti berilishini ham hisobga oldim.
- Qozog‘istonda o‘tkazgan bir yillik faoliyatingizdan keyin futbolchi sifatida qanday o‘zgarishlarni sezyapsiz?
- Qozog‘istonda asosan jismoniy futbol. Bu erda qisqa uzatmalar orqali o‘ynaladi. Farqi shu xolos.
- "Mash’al" pro ligadan Superligaga chiqdi. Jamoa autsayder bo‘lib qolmasligiga ishonchingiz komilmi?
- Futbolchilarning hammasi kurashuvchan. Barchasi Allohdan. Bor imkoniyatimizni ishga solib harakat qilamiz. Autsayder bo‘lib qolmaymiz.
- Superligada jamoalar soni 16 taga oshirildi. Bunga munosabatingiz qanday?
- Juda zo‘r. O‘yinlar soni ko‘paygani har tomonlama yaxshi va foydali.
- Faoliyatingizda bir qancha klublarda to‘p surgansiz. Ularning orasida "Mash’al" siz uchun yangi sahifa ochadi. Bu siz uchun nimani anglatadi?
- Bilmadimu, ammo qayta o‘zimni ko‘rsatishim kerak, shuni aniq bilaman. Buning uchun “Mash’al murabbiylari menga imkoniyat berishyapti. Buning uchun rahmat. Bu yil yaxshi sport formasi bilan qaytishim kerak.
Fikrlar