
"Avval O‘zbekiston, keyin esa biz"
Qo‘shni tojik futbolida oxirgi paytlarda sezilarli o‘zgarishlar bo‘lyapti. Buni terma jamoalar va klublar miqyosida ham ko‘rish mumkin. O‘zbek futbolchilari tojik chempionatida, tojik o‘yinchilari esa o‘zbek chempionatida to‘p surishyapti.
Tojikiston futbolida ko‘zga ko‘ringan tajribali murabbiylardan biri, mamlakat terma jamoasining vaqtinchalik ustozi Mubin Ergashev muxlislarimiz uchun ham begona emas. U yurtimiz jamoalariga qarshi o‘yinlarda ham qatnashgan. Futbolimizni ham yaxshi biladi. Mubin Ergashev bilan suhbatda bir qator masalalar haqida fikr bildirildi.
- Mubin Asrorovich, tojik futboli uchun 2021 yil qanday o‘tdi?
- Avvalo, mamlakatingizdagi ishqibozlarga o‘z salomimni va fursatdan foydalangan holda yangi yil bilan qizg‘in tabriklamoqchi ekanligimni etkazmoqchiman! Virus tufayli futboldagi o‘zgarishlar boshqa mamlakatlar qatori bizga ham ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Asosiy burilish sifatida xalqaro o‘yinlarni o‘tkazish formati o‘zgarganligini aytishim mumkin. Shuning evaziga turli safarlar bas qilinib, o‘yinlar muayyan bir joyda tashkil etish odat tusini oldi. “Istiqlol”ning Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtirokini alohida ta’kidlab o‘tishni istagan bo‘lardim. Shuningdek, tojik futboli uchun quvonarli bo‘lgan voqeani eslamasdan o‘ta olmayman. Xabaringiz bor, Tojikiston olimpiya terma jamoasi tarixda birinchi marta Osiyo chempionati U-23ning final bosqichiga yo‘l oldi. Ichki chempionatga kelsak, TsSKA klubining ishtiroki yaxshi taassurot qoldirganini aytib o‘tishim kerak. U oxirgi turga qadar uchinchi o‘rinni band etish uchun kurash olib bordi va yakunda bu o‘rinni egalladi ham. Shuning evaziga endi jamoa OFK Kubogi turnirida yurtimiz sha’nini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu klub tarixida ilk bor kuzatilmoqda.
- “Istiqlol” – doimiy chempion. Tojikistonda biror-bir klub “Istiqlol” bilan bellasha olishga kuchi etmayapti. Bunday holat milliy birinchilik saviyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi?
- Ha, “Istiqlol” yurtimizdagi etakchi klub. Unda professional darajada o‘sish uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo. Infratuzilma, mashg‘ulot jarayoni – bularning barchasi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Chempionatdagi o‘yinlar “Istiqlol” uchun oson bo‘lyapti, demagan bo‘lardim. Chunki barcha raqiblar ularga qarshi jiddiy raqobat hosil qilishga harakat qilishyapti. Aytmoqchimanki, klub uchun g‘alaba qozonish oson bo‘lmayapti. Agar chempionatimizda “Istiqlol”ga o‘xshagan yana bir nechta jamoa bo‘lganida bu birinchi navbatda o‘yinchilarimizning mahorati va chempionatning yanada qizg‘in tus olishiga zamin yaratib bergan bo‘lardi. O‘z navbatida bu hol terma jamoamizning kuchiga kuch qo‘shishi tayin edi. Bir so‘z bilan aytganda, har bir narsaning o‘ziga yarasha plyus va minuslari bo‘ladi.
- Siz Tojikiston milliy terma jamoasining vaqtinchalik bosh murabbiy vazifasini bajaryapsiz. Terma jamoani boshqarish uchun xorijlik murabbiy kerak yoki kerak emasmi, bu haqdagi fikringiz qanday?
- Terma jamoaga xorijlik murabbiylarni jalb etish masalasiga hech qanday qarshiligim yo‘q. Ammo xorijlik mutaxassisga boshqa mentalitet, qo‘yilgan talablarni qanday bajarish kerakligini bilish uchun vaqt darkor bo‘ladi. O‘zi amal qilib kelayotgan falsafani va g‘oyalarni butunlay boshqa madaniyat va mentalitetga ega bo‘lgan joyda amalga tatbiq etish oson emas. Shuningdek, misol tariqasida olish kerak bo‘lsa, o‘yinni 4-3-3 sxemasidan 4-4-2 sxemasiga o‘zgartirish, butun bahs davomida pressing qo‘llash, kuchli bosim ostida o‘ynashni o‘rgatish jarayoni mutlaqo oson kechmaydi. Bu ishni amalga oshirish uchun esa o‘smirlar, yoshlar terma jamoasidan to milliy terma jamoaga qadar o‘rgatish kerak bo‘ladi. Aksariyat hollarda xorijlik murabbiylar bilan bog‘liq ish jarayonida shunday holatlar kuzatilmasdan qolmaydi. Bunday mutaxassislar o‘zi ishlashi mumkin bo‘lgan davlatda bolalar-o‘smirlar futboli qanday yo‘lga qo‘yilgani, vatan futboli tarixi nimalardan iborat ekanligini bilmaydi va o‘z fikridan kelib chiqqan holda jamoani o‘yinlarga tayyorlashga kirishadi. Bunday amaliyot esa har doim muvaffaqiyat keltirmaydi. Aksincha, oradan bir yil o‘tganidan so‘ng terma jamoa o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajara olmasa, xorijlik mutaxassis shartnoma muddatidan oldin bekor qilingani uchun mo‘may summadagi tovon pulini kissalariga uradi-yu, iste’foga chiqib ketadi. Xorijlik mutaxassis bilan bizning mutaxassislarni nima ajratib turadi? Xorijlik murabbiyga mahalliydan ko‘ra, ko‘proq erkinlik yaratib beriladi. Shuning evaziga u ortiqcha bosimni his qilmasdan ishlaydi va katta miqdorda maosh olishda davom etaveradi. Mahalliy murabbiy esa undan farqli ravishda jamoaning o‘yinini yo‘lga qo‘yish uchun ikki barobar kuch bilan ishlaydi. Chet ellik murabbiy o‘z shtabiga o‘zi yaxshi bilgan yordamchilarni yig‘adi va ularning qarashlaridan kelib chiqqan holda o‘yinchilarni tanlashga tushib ketadi. U bunday paytda mahalliy hamkasbidan ko‘ra tavakkalga ikki barobar kam qo‘l uradi. O‘z vaqtida ustozim aytganidek, murabbiy - bu o‘zga sayyoralik odamdek gap. Bu birinchi navbatda xorijlik mutaxassislarga taalluqli. Chunki ular o‘zlari yashab o‘rgangan hayotdan kelib chiqqan holda ishlashadi. Ular boshqa yurt terma jamoasi uchun o‘zini qurbon qilishga ko‘p ham urinmay, oila-a’zolarining turmush sharoitini yaxshilashga kirishib ketadilar. Yaxshi yoki yomon murabbiylar bo‘lmaydi. Bu gap mahalliy va xorijliklarga ham birdek taalluqli. Haqiqiy murabbiy deya og‘ir shart-sharoitda ham, o‘yinlarni tanlash imkoniyati kam bo‘lgan vaziyatlarda ham chora topa oladigan mutaxassisni aytish mumkin.
- O‘zbek futbolida do‘stlaringiz bormi? Bizning futbol haqida qanday fikrdasiz?
- Bu masalada juda uzoq gapirishim mumkin. Albatta, do‘stlarim bor va ular oz emas. Tojik va o‘zbek futboli azaldan bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lib kelgan. Bu sobiq Ittifoq davridan beri davom etib keladi. O‘z vaqtida ko‘plab o‘yinchilarimiz Toshkentning “Paxtakor” klubi sharafini himoya qilishgan bo‘lsa, o‘zbek o‘yinchilari bizning “Pomir” uchun maydonga tushishgan. Ikkala klub o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bir-biridan qiziqarli to‘qnashuvlarni qanday qilib unutish mumkin?! O‘zbek chempionati Markaziy Osiyoda eng kuchlilaridan biri deydigan bo‘lsam, mubolag‘a qilmasam kerak. O‘zbek futboli butun Osiyo qit’asida ham o‘ziga yarasha obro‘-e’tiborga ega. Terma jamoangizning o‘tgan yili JCh saralash bosqichining ikkinchi raundidan muvaffaqiyatli o‘ta olmagani esa biroz kishini ajablantirib qo‘ydi. Terma jamoangiz tarixda ilk bor birinchi marotaba mana shunday holatga tushdi va kurashni barvaqt yakunladi. Bunday hol ko‘pchilik uchun kutilmagan voqea bo‘ldi.
- Tojikiston futbolida bugungi kunda eng kuchli futbolchi kim?
- Aniq falonchi o‘yinchi deya birortasini ko‘rsatishni istamagan bo‘lardim. Chunki chempionat ishtirokchilarining har biri safida o‘z etakchi futbolchilari bor. Umuman aytganda, terma jamoamiz kuchli o‘yinchilardan tashkil topgan. Bugungi kunda bizda juda yaxshi avlod bor bo‘lib, ular bilan katta vazifalarni bajarish imkoni yuzaga kelgan. Eng quvonarlisi, ularning ortidan umidli yosh avlod o‘sib kelmoqda. Mana shunday futbolchilar bilan mamlakatimizning asosiy jamoasi o‘smirlar va yoshlar darajasida Osiyo hamda jahon chempionatlarida ishtirok etdilar.
- Tojikistonda Usmon Toshev qanday ishladi? Uning yordami sezildimi?
- Hamkasbimning ishini izohlab berish men tomondan yaxshi holat sifatida qabul qilinmaydi. Murabbiyning ishiga natijalari bilan baho beriladi. Usmon Toshev qo‘l ostida Tojikiston terma jamoasi birinchi marta JCh saralashining ikkinchi bosqichida ishtirok etdi. Ya’ni, termamiz JCh-2022 saralashining dastlabki bosqichida o‘z guruhida ikkinchi o‘rinni band etgan holda barcha ishqibozlarni quvontirishga erishdi. Termamizdan faqat Yaponiya o‘zib ketdi xolos. Bundan esa sira ajablanish yaramaydi. Chunki Yaponiya Osiyo qit’asida eng kuchli termalardan biri. Bizning terma jamoaga kurashni yana davom ettirish uchun bor-yo‘g‘i bir ochko etishmadi xolos. Aks holda termamiz Qatarda o‘tadigan jahon birinchiligi yo‘llanmasi uchun navbatdagi kurash bosqichida ham ishtirok etgan bo‘lardi. Agar adashmayotgan bo‘lsam, Usmon Toshev termamizda ishlaganlardan ko‘ra ularga nisbatan ko‘proq vaqt mehnat qildi.
- Nima deb o‘ylaysiz, O‘rta Osiyodagi qaysi terma jamoa birinchi bo‘lib jahon chempionatiga yo‘l olishi mumkin?
- O‘sha terma jamoa O‘zbekiston bo‘ladi. Undan keyin bizning terma. Futbolda hamma narsa yuz berishi mumkin. Bundan keyin ham qiziqarli o‘yinlar ko‘p bo‘lsin. Asosiysi, shunga mos ravishda ijobiy natijalar qayd etilsin va kirib kelgan yangi yilda hamma sog‘-salomat bo‘lsin.
Fikrlar