
Avval "Qizilqum"da, endi "Surxon"da yoxud Aktamov effekti
24 oktyabrdan Superligada 23-turga start beriladi va 26 oktyabrga qadar davom etadi. Yuqoridagi sanada Superliganing mazkur turida ikkita o‘yin o‘tkaziladi. Toshkent derbisida “Paxtakor” – “Lokomotiv” hamda “Surxon” – “Qizilqum” qarama-qarshiligi bo‘lib o‘tadi. Ikkala bellashuv ham o‘ziga yarasha muxlislarni qiziqtirayotgani rost.
Ayniqsa, “Surxon” – “Qizilqum” bellashuvi ham alohida ahamiyatga ega. Buning eng birinchi sababi bu Hamidjon Aktamov bilan bog‘liq. Ushbu mutaxassis “Surxon” klubida menejer sifatida faoliyat olib borayotganidan xabardorsiz-a? “Qizilqum”ning “Qizilqum” bo‘lishida Aktamovning mehnati katta bo‘lgan. Uzoq yillar davomida Navoiy jaoasida ishlab, ozmi-ko‘pmi nom qozondi. Garchi, natija borasida biror-bir esda qoladigani bo‘lmasa-da, ammo klubni barqaror ushlab turishga harakat qilib turdi. Bu yil ham “Qizilqum”dagi faoliyati boshlangandiyu, lekin oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan klubni tark etishiga to‘g‘ri keldi. Shundan keyin unga taklif bilan chiqqan klublar ham bo‘ldi. Yakunda “Surxon” jamoasi menejeri lavozimini qabul qilishga qaror qildi.
“Surxon” – “Qizilqum” uchrashuvidan oldin kimda ustunlik bor? Statistika doim o‘z nomi bilan statistika. Ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar tarixiga keladigan bo‘lsak, hozirga qadar 17 marta to‘qnash kelishdi. Bu boradagi ustunlik “Surxon” tarafida, deyish mumkin. Chunki termizliklar hisobida 8 ta g‘alaba bor. “Qizilqum” esa bu borada raqibini 5 ta o‘yinda mag‘lubiyatga uchratgan. Qolaversa, 4 ta uchrashuvda g‘olib aniqlanmagan. To‘plar nisbatida 19-16 “Surxon” foydasiga. Yana bir gap: bu klublar o‘rtasidagi bellashuvlarda hali yirik hisoblar qayd etilmagan. “Surxon”da eng yirik hisoblar - 3:1 va 2:0 bo‘lsa, “Qizilqum”da bu boradagi natija 2:0 bo‘lib turibdi.
Fakt shundan iboratki, “Qizilqum” klubi “Surxon” mezbonligi ostida o‘tgan o‘yinlarning birortasida g‘alaba qozona olmagan. 2 marta 0:0 o‘ynalgan va qolgan barcha uchrashuvda “Surxon”ning qo‘li baland kelgan. Ko‘ryapsizmi, termizliklar navoiyliklarga qarshi mezbon sifatidagi bahslarda juda omadli. Agar ushbu statistikaga yana tayanadigan bo‘lsak, unda “Surxon”da imkoniyat katta. Lekin bilamizki, bu faqat shunchaki raqamlar, shunchaki statistika. Faqat termizliklar “Qizilqum”ga qarshi bahslarda omadliroq chiqib qolyapti.
Bu safargi uchrashuv ayniqsa Hamidjon Aktamov uchun o‘zgacha ahamiyatga ega. U “Surxon”da ish boshlagach, jamoaning natijalari yaxshi tarafga o‘zgarib ketdi. Albatta, bosh murabbiy ham o‘zgardi. Migel Alvares endilikda ushbu lavozimda ishlayapti. Bu erda asosiy qahramonni izlamoqchi emasmiz. Faqat yangi menejer kelishi va bosh murabbiy o‘zgarishi “Surxon”ga ijobiy ta’sir ko‘rsatgani aniq. Mashg‘ulotlar va o‘yin paytida ham suratlarda ularni birga ko‘ryapmiz.
Endi turnir jadvaliga e’tibor qaratamiz, “Surxon” 23 ochko bilan 11-o‘ringa chiqib oldi. Mavsumni u qadar yaxshi boshlay olmagani yodimizda. Mana, endi o‘zgarishlardan keyin jamoa qayta “uyg‘onyapti”. Agar barqarorligini davom ettirib, yana g‘alabali seriyasini davom ettirsa o‘zini yanada xotirjam his qiladi. Shundoq ham termizliklar hozir yaxshi holatda. Oxirgi 4 ta uchrashuvda 3 g‘alaba va 1 durang qayd etildi. O‘tgan turda Jizzaxda “So‘g‘diyona” ham mag‘lub etilgani e’tiborga molik. Endilikda “Surxon” futbolchilarda kayfiyat va g‘olibona ruh juda yaxshi holatda. “Qizilqum”da esa hamon sovrinli o‘rinlar uchun kurashish imkoniyati saqlanib turibdi. Garchi o‘tgan turda o‘z uyida “Nasaf”ga oxirgi daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gol evaziga alamli tarzda yutqazganiga qaramasdan “Qizilqum”da hamon sovrinli o‘rinlar uchun kurashib kelyapti. Shuning evaziga ham “Surxon” – “Qizilqum” to‘qnashuvini aslo zerikarli o‘tishini o‘ylamang. Bu erda jiddiy jang bo‘ladi. Axir Aktamov effekti ham borligini unutmaslik kerak. Baribir ushbu mutaxassis nomi eshitilganida birinchi navbatda hammaning ko‘z oldiga “Qizilqum” keladi-da.
Fikrlar