
BAA bilan o‘yin biz uchun muhim emas! (Erkin G‘aybullaev blogi)
O‘zbekiston Olimpiya jamoasi guruhdan chiqishni uddaladi. Ha, amalladi emas, balki o‘z kuchi bilan bu bosqichga chiqdi. Demak, biz kuchli 8 jamoadan birimiz. Bu musobaqa reytingi tuzilganda biz Yaponiya, Eron, Xitoy kabi jamoalardan ustun turgan bo‘lamiz.
Tan oling, siz-u biz, guruhni ko‘rganimizda jamoamiz uchtadan ko‘p o‘yin o‘tkazishiga ishonganimiz yo‘q. Qanday kuchli jamoamiz bo‘lmasin, biz Xitoy, Eron, Janubiy Koreya kabi Osiyoning etakchi jamoalaridan tashkil topgan guruhda “Bizga yo‘l bo‘lsin…” deb qo‘ydik. Ammo yoshlarimiz ulardan kuchliroq ekanligini isbotlashdi.
Eron bilan o‘tgan o‘yinda, ko‘pchiligimiz jamoamizdan ranjidik, ularga ta’na toshlarini otishni boshladik. Xitoyga qarshi esa biz bilgan kurashuvchan jamoamiz maydonga tushdi. Uchinchi uchrashuvda har doimgidek bizni tahlikaga solishdi. Bu bizning jamoamizga xos xunuk an’ana. Hech qachon ikkita o‘yinda 100 foizlik natija qayd etib, so‘nggi o‘yinda bemalol o‘ynashni odat qiladigan jamoani ko‘ra olmadik. (Qani edi ko‘rsak..)
To‘siq.
Aslida uchinchi o‘yindagi mag‘lubiyat bizni nisbatan osonroq kvartetga tashladi. Final yo‘lida bizning raqiblarimiz futboli bizdan yuqorida eslanadigan jamoalar emas. BAA jamoasi bizga tanish futbol o‘ynaydi. Ular biz uchun raqiblik qila olmasligi kerak. Biz ikkilanmasdan yarim finalga yo‘l olishimiz lozim. BAA yo‘lidagi bizning to‘siq nima?
BAA yo‘lida uchrashimiz mumkin bo‘lgan to‘siq bu-bizning o‘zimiz! Ya’ni jamoamizning hujum chizig‘idagi futbolchilar imkoniyatlardan foydalanishda no‘noqlikka uchrasa, murabbiyimiz futbolchilar almashtirishda topqirlik qilmasa, biz BAAni keying bosqichga kuzatib qo‘yishimiz mumkin.
Raqiblarning ustunligi qarshi hujum hamda hujumdagi futbolchilarning individual mahorati. Arab futbolchilari ustunlikni raqibga berib, o‘zlari kuch tejab, tezkor qarshi hujumga o‘tadigan jamoalar sirasiga kiradi. Bunday jamoalarda raqib futbolchilarning bir nechtasini chalg‘ita oladigan, yarimta imkoniyatdan foydalana oladigan yagona yoki ikkita hujumchi bo‘ladi. Aynan shu futbolchilar o‘yin taqdirini hal qilib ketishi mumkin. Bizda esa himoyada muammolar bor.
Chorak finalda Olimpiya jamoamiz tayanch yarim himoyaga ko‘proq e’tibor berishi talab etiladi. Bundan tashqari jamoamizda ikki himoyachining hujumga o‘tish holati ko‘p kuzatiladi. Bu ijobiy natija berishi uchun tayanch yarim himoyada harakatlanayotgan himoyachi qanotni yopishni uddalashi shart. Qolgan barcha holatda bu holat jamoamiz zarariga ishlaydi. Shunday ekan ertaga Drulovich shogirdlari ikki tayanch himoyachi bilan harakatlanishi yoki ikki kishining o‘rnini ham bosa oladigan yarim himoyachini maydonga tushirishi kerak.
G‘anievning harakatlari ko‘pincha besamar ketishiga sabablardan biri hujumdagi yagona hujumchi bilan harakat qilayotganimiz. Shuning uchun dastlabgi daqiqalardanoq ikki hujumchi bilan harakatlanishimiz ma’qulroqdir balki. Sababi ko‘p hollarda, raqib jamoa murabbiylari doimo maydonga tushayotgan hujumchi yaxshilab o‘rganadi, hamda uni qo‘riqlash uchun alohida himoyachi qo‘yadi. Buning oqibatida biz bir hujumchi bilan harakatlanayotganimiz sababli, hujumda sharhlovchilarimiz aytganidek, “zararsizlanib” qolamiz. Bundan vaqtlarda umuman maydonga tushmagan boshqa bir hujumchi bilan tandem hosil qilinsa, raqiblarimiz uchun “syurpriz” bo‘ladi.
Charchoq
Drulovichning yana bir jihati u futbolchilarni biroz kech almashtirmoqda. Havosi anchagina dim bo‘lgani sababli, Yaxshiboev hamda boshqa ba’zi futbolchilarimiz charchoq alomatlarini sezdirib qo‘ymoqda.
Shuning uchun murabbiy 60 daqiqa o‘tgandan keyin o‘yinga yangi qon qo‘shishi shartdek.
Raqiblarimiz nisbatan anchagina o‘rtamiyona jamoalar jamlangan guruhdan o‘rin olib 9 ochkoning 5 tasini to‘plashga erishdi. Yagona g‘alaba Shimoliy Koreya ustidan.
Shaxsiy fikr sifatida aytishim mumkinki, jamoamiz ertangi o‘yinda katta ustunlikka erishib, yirik hisobda g‘alaba qozonishimiz mumkin. Buning uchun hamma narsa etarli.
Yigitlar, chorak finalni emas yarim finaldagi raqibni mag‘lub etishni o‘ylang. Agar yarim finaldagi raqibimiz Tailand bo‘lsa, final naqd deyavering…. Saudiya ham bizdan kuchli emas.
Yaxshi niyatda yozdik, Ko‘ngilni keng qiling!
Futbolchilarimizga ishoning!
Fikrlar