
Bahrom Abdurahimov "Nasaf" bilan birga emas. Nega?
Qarshining “Nasaf” klubida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Saytimiz orqali bu borada sizlarni boxabar qilib bormoqdamiz. Yangi futbolchilar bilan shartnomalar imzolanishi bilan bir qatorda “Nasaf”ni tark etayotganlar ham bor.
“Ajdarlar”ning tinib-tinchimas, mehnatkash futbolchisi Bahrom Abdurahimov hozirda Ro‘ziqul Berdiev boshchiligidagi jamoa bilan birga emas. Yaqinda futbolchining o‘zi Sports.uz saytiga bergan intervyusida jamoa bilan shartnomasi tugayotgani, takliflar bo‘layotgani va avvalo “Nasaf” bilan gaplashishi haqida ma’lum qilib o‘tgandi. Oradan vaqt o‘tdi, qarshiliklar yangi mavsum uchun yig‘inga kirishishgan. Biroq haligacha Abdurahimov jamoaga qo‘shilgani yo‘q. Bu esa turli taxminlar paydo bo‘lishi hamda gap-so‘zlarga sabab bo‘layotgani ham haqiqat.
Boisi, Bahromga ko‘z tikib turgan klublar bor, bu aniq. Garchi bu yil 36 yoshni qarshilaydigan bo‘lsa-da, u hamon ko‘rinishidan yosh va kuchga to‘la. Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raevga ma’lum bo‘lishicha, Bahrom Abdurahimov ayni paytda uyida, Shahrixonda individual tarzda shug‘ullanib turibdi. O‘zi esa takliflar borligini va hali hech nima aniq emasligini ham qo‘shimcha qilib o‘tmoqda.
Aftidan, yangi mavsumda “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdievning rejalaridan o‘rin olmayotganga o‘xshaydi. Aks holda u uyida qolmagan bo‘lardi, shunday emasmi? Balki bosh murabbiy uning o‘rniga boshqa nomzodlarni ko‘rayotgandir yoki yana siz bilan biz bilmaydigan boshqa gap ham bo‘lishi mumkin. Bu erdagi vaziyat shundayki, Abdurahimov “Nasaf”ni tark etishi va boshqa klubda to‘p surishi vaqt o‘tgan sari oydinlashib borayotgandek.
2023 yilda futbolchi “Nasaf” safida (Superliga, O‘zbekiston Kubogi va Superkubogi bahslari) 31 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Klubda ikkinchi yilini o‘tkazgan yarim himoyachi bunga qadar “Andijon”, “Paxtakor”, “Metallurg”, OKMK va “Navbahor” jamoalarida to‘p surgan. O‘zi esa “Andijon” klubi tarbiyalanuvchisi sanaladi. Albatta, u “Nasaf”da qator muvaffaqiyatlarga erishdi va faoliyatida o‘chmas iz qoldirishi shubhasiz. Bizningcha, yaqin kunlar ichida Abdurahimov bilan bog‘liq vaziyat to‘liq oydinlashadi. Ungacha esa kuzatamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar