Bahromjon Fozilov: "Qarshimizda kim bo‘lishidan qat’i nazar, g‘alaba qozongan holda vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga harakat qilamiz"
16 iyul kuni poytaxtimiz Toshkent shahrida professional boks oqshomi bo‘lib o‘tishi e’lon qilingani haqida xabar bergan edik. Kechaning asosiy janglaridan birida o‘rta vazn toifasida faoliyat olib borayotgan Bahromjon Fozilov WBA Asia kamari uchun argentina vakili Diego Ramiresga qarshi jang o‘tkazadi. Dastavval, uning raqibi ukrinalik Stanislav Skoroxod bo‘lishi kerak edi. Raqib o‘zgargani va jangga tayyorgarlik qay tarzda olib borilganini bilish maqsadida Fozilovga savollar bilan murojaat qildik.
-Assalomu Alaykum. Bo‘lajak jangingiz oldidan taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
-Assalomu Alaykum. Ringga qaytishimga ham oz muddat qolmoqda. Mart oyidagi jangimdan so‘ng, yana Toshkentda ringga ko‘tarilishimdan juda ham hursandman.
-Dastavval, sizga Ukraina vakili Stanislav Skoroxod raqib bo‘lishi e’lon qilingan edi. O‘zgarish bo‘lishiga nima sabab bo‘ldi?
-Hozirda Ukraidana davom etayotgan siyosiy vaziyat tufayli raqib kela olmaydigan bo‘ldi. Shunga qaramasdan, menejerlar qisqa fursatda yaxshi raqib bilan uni o‘rnini to‘ldira olishdi. Hozirgi argentinalik raqibim ham 30 dan ortiq jang o‘tkazgan tajribali bokschi.

-Siz asosan mashg‘ulotlarda Skoroxodga qarshi taktika tanlab ishlagansiz. Bu o‘zgarish sizning uslubingizga qanchalik ta’sir qiladi?
-Albatta, mashg‘ulotlarimizda birinchi raqibning uslubiga qarshi uslub tanlash nuqtai nazaridan ishlagan edik. Argentinalik raqib esa unga teskari uslubli bokschi ekan. Asosiy zarbalarini chap qo‘l bilan yo‘llaydi. Lekin har ikkalasi ham qarshi hujumda harakat qiladi. Shu nuqtai nazardan biz yangi raqibimi ham iloji boricha o‘rganib, unga qarshi taktika qo‘llashga harakat qilamiz. Sportchi har qanday vaziyatga tayyor turishi kerak va bu muvaffaqiyatga erishishning bir qismi hisoblanadi.
- Ushbu baxsda sizga chiroyli g‘alaba tilaymiz.
- E’tibor uchun katta rahmat. Qarshimizda kim bo‘lishidan qat’i nazar, g‘alaba qozongan holda vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga harakat qilamiz.
16 iyul kungi professional boks oqshomi Zo‘r TV kanalidagi "Renaissance Hall" arenasida bo‘lib o‘tadi.

Bahromjon Fozilov 1997 yilda Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida tavallud topgan. Rapqon boks maktabi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Fozilov ilk boks sir-asrorlarini murabbiy Olim Aliqulovdan o‘rgangan. Fozilov kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bronza medalchisi, qolaversa, bir qancha xalqaro turnirlar g‘olib va sovrindori bo‘lgan. Hozirda Zoirjon Usmonov qo‘l ostida mashg‘ulotlar o‘tkazib kelayotgan Bahromjon professional boksning o‘rta vazn toifasida (72 kg) ringga ko‘tarilmoqda. U 14 mart kuni Toshkent shahrida tashkil etilgan boks oqshomida Ozarbayjon vakili Ali Mammedovni muddatidan oldin mag‘lub etgan edi.

Fikrlar