
Bahromjon Fozilov unga o‘z vaznidan yuqori vaznli raqiblarni qo‘yib bergan inson ismini oshkor qildi (Eksklyuziv intervyu)
Bugungi kunda o‘zbek charm qo‘lqop ustalari jahon arenalarida vatanimiz bayrog‘ini yuqori ko‘tarib kelmoqda. Shunday bokschilarimizdan biri hisoblangan Bahromjon Fozilov ham g‘alabalari bilan muxlislar ko‘nglidan joy olib ulgurgan.
Bahromjon Fozilov 1997 yilda Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida tavallud topgan. Rapqon boks maktabi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Fozilov ilk boks sir asrorlarini murabbiy Olim Aliqulovdan o‘rgangan. Fozilov kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bronza medalchisi, qolaversa, bir qancha xalqaro turnirlar g‘olib va sovrindori bo‘lgan. Hozirda Zoirjon Usmonov qo‘l ostida mashg‘ulotlar o‘tkazib kelayotgan Bahromjon professional boksning super yarim o‘rta vazn toifasida (69,8 kg) ringga ko‘tarilmoqda. Esingizda bo‘lsa u 14 mart kuni Toshkent shahrida tashkil etilgan boks oqshomida Ozarbayjon vakili Ali Mammadovni muddatidan oldin mag‘lub etgan edi.
Biz ushbu sportchi bilan intervyu uyushtirdik va uni e’tiboringizga havola qilamiz:
- Boks sport turiga ilk qadamingiz qanday kechgan?
- Boksga kirib kelishimga sabab o‘zimning qiziqishim bo‘lmagan to‘g‘risi. Vazni mendan olti, etti kilogramm og‘ir o‘rtog‘im bo‘lar edi. Sparring janglarida ko‘p kaltak er edim. Shuni ursam boksdan ketaman degan edim. Oxir oqibat uni urib yiqitib, boksga yana ham kirishib ketib qolganman. Shu sparringlardan so‘ng 2010 yil Olmaliq shahrida 1996-1997 yilda tug‘ilganlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tgan. Ushbu chempionatda qatnashib 3 ta jangda g‘alaba qozonganman va uchinchi o‘rinni olganman.
- Havaskor boksda ham bir qancha yutuqlarga erishgansiz. Bu yo‘nalishda faoliyatingizni tugatasizmi?
- Hali havaskor boksda ham to‘laqonli faoliyatimni yakunlaganim yo‘q. Professionalda ham ozgina tajriba yig‘ib, so‘ngra havaskor boksda ham, nasib qilsa 2024 yilgi Olimpiada o‘yinlari, Osiyo chempionati, Osiyo o‘yinlari uchun sparringlarda harakat qilib ko‘ramiz.
- Musobaqalar davomida kimlar sizga noqulay raqib bo‘lgan? O‘sha vaqtda havaskorda asosiy raqobatchi sifatida kimni aytgan bo‘lar edingiz?
- O‘zbekiston chempionatlarida menga ko‘proq noqulay bo‘lgan raqib - o‘zimizni Qo‘qon shahridan Kozimbek Mardonov edi. Ikkalamiz har doim birinchi, ikkinchi o‘rinlarga talashib jang qilib yurar edik. U ham o‘zimning do‘stim. Hozirda u Amerika Qo‘shma Shtatlarida professional faoliyatini olib bormoqda. Ko‘proq shu bokschi bilan raqobat qilar edim. Qolaversa, u ham chapaqay edi.
- Professional boksga o‘tishingizga nima sabab bo‘lgan?
-Havaskor boksdagi ohirgi janglarimda kamroq mehnat qildimmi, yoki omadim kelmadimi, musobaqalarda dastlabki bosqichlarda imkoniyatni boy berib qo‘ya boshladim. Shundan so‘ng, o‘zimni prof boksda sinab ko‘rishga ahd qildim. Bundan bu yog‘iga har ikkala yo‘nalishda ham faoliyat olib borishga harakat qilaman.
- Jahon va o‘zbek bokschilari o‘rtasida kimlarni jangini ko‘proq kuzatib borasiz? Kumiringiz kim bo‘lgan?
- Professional boksdagi men yoqtirgan bokschi qozog‘istonlik Gennadiy Golovkin. O‘zbek bokschilari orasida esa Isroil Madrimovning janglarini ko‘proq kuzatib boraman. Har ikkala bokschi ham bir biriga o‘xshash uslubda jang qiladi.
- Profdagi faoliyatingiz boshlang‘ich davrida durrang va mag‘lubiyat ham qayd etilgan. Bu nimadan deb o‘ylaysiz? Profga moslashish qiyinroq bo‘ldimi yoki boshqa sabablar bormidi?
- Dastavval professional boksga moslashishim ozgina qiyin bo‘ldi. Bunga sababchi insonlar ham bor (Shohjahon Ergashev - "Shohjahon_Promotions"). Menga professional boksda 69 kgda vazn qaytartirib, 77 kg, 79 kglik bokschilar bilan jangga chiqargan. U insonlar ham o‘z ishini qilib yuribdi. Endi omadini bersin-u, hammasi yaxshilikka bo‘lgan deb bilaman.
- Qiyin damlarda kimlar sizga dalda bo‘ladi? Nimadan kuch olasiz?
- Faoliyatim davomida do‘stim Mirzakamol Ne’matov menga bu borada ko‘p yordam beradi. Shuningdek, xayotim davomida oila a’zolarim - otam, akam va yaqin insonlarim menga motivatsiya berib kelgan.
- Rapqon boks maktabidan ancha mashhur jangchilar etishib chiqmoqda. Buning o‘ziga hos siri nimada deb o‘ylaysiz?
-Bizni Beshariq tumanida boks sport turining yaxshi o‘sishining siri - bokschilar mehnatkash, murabbiylar ham ko‘proq o‘zini ustida ishlagani sabab deb o‘ylayman.
- Bugungi kunda asosiy promouteringiz kim va kelajakdagi rejalar qanday?
- Hozirgi kunda aynan bir kompaniya bilan shartnomam yo‘q. Bizning promouterimiz ham, menejerimiz ham Umidjon Urinov. U inson bilan hali rejalarimiz ko‘p. Xudo xohlasa jangdan jangga qarobatlarni oshirib boraveramiz. Niyatim yurtimiz bayrog‘ini yuqori ko‘tarib yurish, jahon chempioni bo‘lish va dunyodagi eng yaxshi kamarlarni olib kelish.
Fikrlar