
Barcha yo‘llar Buxoroga olib boradi! Syurpriz ko‘rsatadigan jamoa borga o‘xshaydi, kimgadir qulay, kimgadir noqulay raqiblar
O‘zbekiston Coca-Cola Kubogida guruh bahslari yakunlanib, 1\8 final uchun qur’a tashlandi. Bu bosqichdan endi musobaqa favoritlari – “Paxtakor” bilan “Nasaf” ham kurashga qo‘shiladi.
Pro ligadan “Mash’al”, “Andijon”, “Turon” va “Sho‘rtan” klublari ham bosh sovrin uchun kurashni davom ettiradilar. Kubokdagi barcha yo‘llar Buxoroga olib boradi. Bilasiz, hal qiluvchi final o‘yini o‘sha erda o‘tkaziladi. Bu yil syurpriz ko‘rsatadigan jamoa topilarmikin?
“So‘g‘diyona” – “Mash’al”
Superliga etakchilaridan biri Kubokning 1\8 finalida pro liga vakiliga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi. Hozircha Ulug‘bek Baqoev jamoasida Kubok musobaqasida raqiblar bo‘yicha biroz omad kulib boqyapti. Chunki jizzaxliklar asosan pro liga klublari bilan o‘ynab kelyapti. Guruh bahslarida ham asosan pro liga vakillariga qarshi maydonga tushgandi va mana keyingi bosqichda ham bu holat davom etadigan bo‘ldi. Chempionatda hali mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan “So‘g‘diyona” Kubokda ham yutqazgani yo‘q. Shunday ekan, “Mash’al”ni jiddiy imtihon kutadi.
“Surxon” – “Nasaf”
Bizningcha, aksariyat jamoalar “Nasaf”ga qarshi tushishni xohlashmasdi. Ammo kimdir ularga ro‘baro kelishi muqarrar edi va bu “Surxon” bo‘lib chiqdi. Termizliklarga hurmatni saqlagan holda aytamizki, “Nasaf” yaqqol favorit. Odatda bu klub O‘zbekiston Kubogida oxirigacha boradi. Shu bois musobaqaning ham asosiy favoritlaridan biri. Shu bois “Nasaf”ga kim bilan o‘ynashning qizig‘i yo‘q.
AGMK – “Metallurg”
Ikki qo‘shni jamoalar Kubokda ham yana bir-biriga qarshi. Ammo “Metallurg” ancha o‘zgargan. Ayniqsa, ispaniyalik murabbiy kelgach, jamoaning o‘yinida uning imzosi ko‘rinyapti. Bu haqiqiy derbi. Bir-birining kuchi va imkoniyatlarini juda yaxshi bilishadi. Ochig‘i, bu murabbiylar o‘rtasida taktik o‘yinga aylanadi.
“Qizilqum” – “Qo‘qon-1912”
“Qizilqum” eng qiyin guruhda ikkinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqdi. “Qo‘qon-1912” esa pro liga klublari orasida yaqqol favorit edi va shunga yarasha 3 ta o‘yinda 3 ta g‘alaba qozondi. Ammo ular uchun Kubok yo‘lidagi haqiqiy sinov endi boshlanadi. Negaki, klubning yo‘lida pro liga emas, balki Superliganing jiddiy klublaridan biri turibdi. “Qizilqum”ni chempionatda qanday natija ko‘rsatayotganini yaxshi bilasiz. Sir emaski, O‘zbekiston Kubogida ham vazifasi jiddiy. Lekin ikkala jamoa ham qur’adan rozi bo‘lsa kerak.
“Paxtakor” – “Sho‘rtan”
Bu juftlikni ko‘rib, ko‘pchilik “ex, bechora “Sho‘rtan”, deyayotgan bo‘lsa ajab emas. G‘uzorliklar guruhda 3-o‘rinni egallab bu borada eng yaxshi natija qayd etgan klublar qatorida 1\8 finalga chiqdi. Bosh murabbiyi Asror Aliqulov ko‘p yillar mobaynida “Paxtakor”da munosib o‘yin ko‘rsatgan. Endi murabbiy sifatida sobiq klubiga qarshi turadi. “Sho‘rtan”ni yo‘qotadigan hech narsasi yo‘q. “Paxtakor” kuchli va favorit. Har jihatdan raqibga kuchi etmasa-da, Aliqulov jamoasi maydonda erkin holatda o‘z o‘yinini ko‘rsatishga urinib ko‘radi. “Paxtakor”ning ko‘zi bilan qaraydigan bo‘lsak, juda oson raqib tushdi. Qolgani maydonda ko‘rinadi.
“Bunyodkor” – “Lokomotiv”
Juftliklar orasida diqqatni ko‘proq o‘ziga tortayotgan jamoalar desak bo‘laveradi. Ikki Toshkent klubi – “Bunyodkor” bilan “Lokomotiv”derbi maqomidagi uchrashuvda jiddiy jangga kirishishadi. Yaxshi o‘yin bo‘ladi. Jamoalar ham bir-biriga juda mos, kuchlar ham teng. Agar oldingi yillardagi kabi “Bunyodkor” ham, “Lokomotiv” ham asl kuchiga ega bo‘lganidami, so‘zsiz finaldan oldingi final maqomiga teng bo‘lardi.
“Andijon” – “Turon”
Juda yaxshi juftlik. Pro liganing ikki etakchi klublari endi O‘zbekiston Kubogi doirasida to‘qnash kelib qoldilar. “Andijon” ham, “Turon” ham xususiy klublar va o‘z oldiga yana Superligaga qaytishni maqsad qilishgan. Bir-biriga mos hamda juda qulay raqiblar desak bo‘ladi. Shu sababli ikkala klubga ham qur’a omadli keldi. Ammo o‘yinning “Andijon” maydonida o‘tishini hisobga olsak mezbonlarda tashabbus paydo bo‘lishi mumkin.
“Olimpik” – “Navbahor”
Yana bir qiziqarli juftlik. Timur Kapadze va Samvel Babayan jamoalarining to‘qnashuvini ko‘rish juda ajoyib bo‘ladi. Etakchilarga “bosh og‘rig‘i” bo‘layotgan “Olimpik” “Navbahor”ga ham kurashlarga boy o‘yinni taklif qilishi aniq. To‘g‘ri, namanganliklar favorit. Lekin buni natijada o‘z aksini ko‘rsatishlari oson bo‘lmaydi. “Olimpik” – “Navbahor” uchrashuvi eng qiziqarli bellashuvlardan biriga aylanishi shubhasiz.
Fikrlar