"Barsa" Alvares uchun ikki futbolchidan voz kechadi
«Barselona» klubi hali ham Xulian Alvaresni jamoaga qo‘shib olish g‘oyasidan voz kechmagan. Kataloniya jamoasi prezidenti Joan Laporta argentinalik hujumchini juda munosib xarid, deb hisoblamoqda.
Klub ichida ham Alvaresning transfer amalga oshishi uchun qilgan harakatlari yuqori baholanmoqda. Futbolchining o‘zi ham ochiq-oydin tarzda jamoasini o‘zgartirish istagini bildirgandi, ammo «Atletiko» bu masalada jiddiy muzokaralarga kirishishdan bosh tortdi.
El Nacional nashri ma’lumotlariga ko‘ra, «Barselona»ning Xulian Alvaresni olish bo‘yicha rejasi qishki transfer oynasini kutishni o‘z ichiga oladi. Asosiy moliyaviy manbalardan biri sifatida himoyachi Alehandro Balldeni sotish varianti ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, yarim himoyachi Frenki de Yong bilan ham xayrlashish ehtimoli yo‘q emas. Mana shu ikki futbolchi transferi orqali tushadigan mablag‘lar Alvaresni sotib olish xarajatlarini qoplashga xizmat qilishi mumkin.
Shu tariqa, «Barselona» qishki transfer davrida 26 yoshli Xulian Alvares uchun yana bir bor urinib ko‘rishi ehtimoldan xoli emas.

Fikrlar