
"Barsa" murabbiyi PSJdan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin Messining kelajagi haqida gapirdi
Chempionlar Ligasi 1/8 final bosqichidan o‘rin olgan 4 uchrashuv o‘z yakuniga etdi. Ulardan birida PSJ "Barselona"ni ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 5:2 hisobida mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Javob bahsidan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida "ko‘k-anorranglilar" ustozi Ronald Kuman quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"PSJga qarshi bahsdan keyingi hissiyotlarimiz yomon emas. Ha, biz turnirni tark etdik va bundan juda afsusdamiz. Ammo "Barselona" javob uchrashuvida ularga qiyinchilik tug‘dirdi. Birinchi bo‘limda ajoyib o‘yin namoyish etdik hamda tanaffusga 2:1 hisobida yo‘l olishga loyiq edik. Agar shunday bo‘lganida, hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Biz tavakkal qildik, bosim o‘tkazdik, ustunlik qildik va etarlicha vaziyatlar yaratdik. Lekin ulardan foydalana olmadik.
Messi va Ronalduning chorak finalga chiqa olmagani sharmandalik. Leo endi o‘z kelajagini o‘zi hal etishi kerak, bu vaziyatda unga hech kim ta’sir ko‘rsata olmaydi. U hozir jamoa to‘g‘ri yo‘lda ekanligini ko‘rmoqda. O‘sib kelayotgan yosh iste’dodlarni hisobga olgan holda, u klubning kelajagiga shubha bilan qaray olmaydi".
Fikrlar