
«Barselona» qaysi futbolchilar bilan kamchilikda harakat qilmoqda?!
Yaqindagina «Barselona» sobiq futbolchisi Xristo Stoichkov jamoaning ayni damdagi a’zolarini keskin tanqid qildi. Ayniqsa, Antuan Grizmann haqida qahramonimiz aytgan so‘zlar internetni «portlatib» yubordi: “Har safar Antuan asosiy tarkibda maydonga tushganida, «Barsa» bir kishi kam bo‘lib harakat qilmoqda. Agar rahbariyat klub uzoq yillik loyihaga ega bo‘lishini istasa, Grizmanni sotib yuborishi kerak”.
Bolgariyalik sobiq futbolchi aytgan so‘zlarga qo‘shilishimiz mumkin. Bugungi kunda klub safida Grizmann singari jamoa o‘yinini orqaga tortayotgan futbolchilar mavjud. Bugun ana shunday futbolchilar haqida so‘z boradi.
Martin Breytueyt
Daniyalik futbolchini tarkibga qo‘shib olgach, «Barselona» Luis Suaresni qo‘yib yuborishga qaror qildi. To‘g‘risi, Martin «Barsa» yoki boshqa grand klub darajasidagi ijrochi emasligi avval boshidan ma’lum edi. La Liga va EChL uchrashuvlarida 22 bor maydonga tushgan bo‘lsa-da, qahramonimiz birorta o‘yinda ishonchli ko‘rinmadi, «Eybar» yoki «Yuventus»ga qarshi og‘ir uchrashuvlarda foydasiz ekanini isbotlab qo‘ydi. Oqibatda, Kuman uni to‘liq zaxira futbolchisiga aylantirdi.
Achinarlisi shundaki, Martin zaxiradan o‘yinga qo‘shilsada, kerakli effektni bera olmayapti. Shu bois, jamoani tark etish uchun birinchi raqamli nomzodlardan biri sifatida bemalol uni ko‘rsatishimiz mumkin.
Miralem Pyanich
Afsuski, Pyanichning transferi ham omadsiz bo‘lib chiqdi. Ayniqsa, taktik jihatda «Barselona»ga Miralem umuman mos kelmadi. Qahramonimiz Ronalduni tashlab, Messining oldiga kelgan edi, biroq niyatiga eta olmadi. Asosiy tarkibdan tushib qolgani etmaganidek, klub falsafasi o‘ziga begona ekanligini anglab etdi. Maydonda 1000 daqiqadan ortiq harakat qilgan bo‘lsa-da, hisobiga birorta assist yozdirib qo‘ygani yo‘q. Dispetcher golli uzatma bermasa, uning klubga nima keragi bor? Hatto, Firpo va Moriba ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Ularning biri himoyachi bo‘lsa, ikkinchi endigina 18 yoshga to‘lgan. Shu yigitlarchalik bo‘lmagan bosniyalik ham Kataloniyadan ko‘chib ketishga asosiy da’vogarlardan biri.
Usmon Dembele
Laporta saylovlarda g‘alaba qozongach, Usmonni jamoada uzoq olib qolmoqchi ekanini ma’lum qildi. Yaqinda frantsuzga 3 yillik shartnoma taklif etilishi haqidagi mish-mishlar yangrab turibdi.
Joan "Real"da Florentino Peres Vinisiusni qanday qilib o‘z qanotiga olgan bo‘lsa, Dembeleni ham shunday himoya qilishga kirishdi. Bu yigit uchun Kataloniya jamoasi maosh va bonuslarni qo‘shib hisoblaganda 200 million evro sarfladi.
Usmon iqtidorli yigit, ammo unga barqarorlik etishmaydi. U kuchsiz raqiblarga qarshi ishonchli ko‘rinishi mumkin, ammo kerakli pallada doimo «qovun» tushirishda davom etmoqda. Vaziyatlardan foydalanish, jarohatdan nari bo‘lish, ichki muhit va tartib-intizom borasida muammolarga ega Usmonni sotib yuborish klubga zarar keltirmasligi aniq. Uning transferidan kelib tushgan pullarga yosh va g‘alabalarga o‘ch yangi kuchlarni klubga jalb etish mumkin.
Filippe Koutino
Kataloniya jamoasi o‘yin sxemasiga Koutino singari erkin ijodkor kerak emas. Ronald Kuman qanchalar istamasin, Filippega maydonda joy topa olmadi. Boz ustiga, braziliyalik yarim himoyachi jarohat ham orttirib oldi. «Bavariya» bilan EChLda zafar quchgan yigitni Kataloniya sotib yubormaganidan hozir afsus chekayotgani aniq.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Koutino kamida 114 kun futboldan chetda qolishiga to‘g‘ri keladi. Agar maydonga qaytsa ham, uni asosiy tarkibda ko‘rishimiz dargumon. «Liverpul» bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, agar Filippe yana 7 o‘yinda ishtirok etsa, mersisaydliklar «Barsa»dan 5 million evroni bonus tariqasida qabul qilib oladi.
Aslida, Koutino allaqachon jamoani tark etishi lozim edi. Pressingda juda bo‘sh harakat qilgani uchun yarim himoyada muammolar paydo bo‘lganini «Kadis», «Valensiya» va «Atletiko»ga qarshi o‘yinlar ko‘rsatib berdi. Birgina Koutino uchun klub 10 yillik o‘yin falsafasidan voz kechilmaydi. Shunday ekan, uni qo‘yib yuborishning hozir ayni vaqti.
Antuan Grizmann
Amaldagi JCh g‘olibining statistikasi chakki emas - 8+6! Lekin uning «Atletiko»dagi faoliyatiga nazar tashlasangiz, bu raqamlar qanchalar kichik ekanligini darrov anglaysiz. Simeone Antuanning atrofida jamoani shakllantirgani bois, Grizmann mavsumni 15+10 dan kam ko‘rsatkich bilan yakunlamagan.
Stoichkovning so‘zlarida haqiqat bor. Antuan kuchli futbolchi, biroq u etakchi emas. Bunday yigitlar hal qiluvchi bahsda maydonda ko‘rinmay qoladi. Misol uchun, PSJ bilan ikki o‘yinni olaylik. 180 daqiqa davomida Antuan atigi ikki bor darvoza sari zarba yo‘lladi, xolos. Tayanch yarim himoyachisi Serxio Busketsning zarbalari soni unikidan ikki barobar ko‘proq.
O‘tgan mavsumda «Bavariya»qarshi bahsni yodga oling. Qahramonimiz ikkinchi bo‘limda maydonga chiqdi, ammo «suvga tushgan toshdek» yo‘q bo‘lib ketdi.
Lionel Messi
Argentinalik futbolchini bu ro‘yxatda ko‘rish biroz g‘alati, ammo bunga o‘ziga yarasha sabablar mavjud. Bundan 3 yil ilgari «Manchester Siti» Leo uchun 200-300 million evro atrofidagi summani taklif etgan edi. Kataloniyaliklar esa, rad etgan Messini jamoada olib qolishga qaror qiladi. Yakunda nima bo‘ldi? Klub Leo uchun deyarli yarim milliard evro maosh to‘ladi. Oqibatda, jamoa qarz botqog‘iga botib qoldi. Agar Messi o‘z vaqtida qo‘yib yuborilganida, hozir o‘sha pullar Virjil Van Deyk, Erling Xoland, Kilian Mbappe yoki boshqa yosh futbolchiga sarfalangan bo‘lar edi. Bu vaqt oralig‘ida yangi mutaxassis Messisiz «Barselona»ni to‘liq shakllantirgan va allaqachon bu jamoa natija berishi lozim edi.
Hozir ham Leo sayyoramizing eng kuchli futbolchilaridan biri. Uning yuqori darajadagi futbolchi ekanligini borasida hech qanday savollarga o‘rin yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, «Barselona» uchun uning jamoada qolishi juda qimmatga tushgani ham rost. Ichki muhit, yangi saylovllar, ulkan maosh va turli bonuslar Kataloniya jamoasini ancha ezib qo‘ydi. Boz ustiga, endi Messi o‘zi istagan paytda erkin agent maqomida klubni tark etish huquqiga ega.
Uning ketishi esa, butun boshli jamoani qulashiga olib keladi. Bugungi kundagi «Barsa» Messi atrofida qurilgan. U ketsa, butun boshli jamoa «boshsiz chavandoz»ga aylanib qoladi. Oqibatda, yangi jamoa tuzish uchun yana millionlarni sarflash lozim. Ikki o‘rtada, klub 3 yilni boy berdi.
"Ko‘k-anorranglilar"ga yangi etakchi kerak!
Hozirgi «Barselona»ni ko‘rinmas futbolchilar jamoasi desak, adashmagan bo‘lamiz. Klub avvalgi «engib bo‘lmas» nomini yo‘qotib qo‘ygan. Ko‘pchilik Messini olib qolish kerak, degan fikrda, biroq bundan kimga naf? Leo bugun yoki kelasi yil nari borsa ikki yildan so‘ng, u baribir ketadi. Unga to‘langan maoshni bemalol yangi transferlar va jamoani qayta qurishga sarflash mumkin.
Buskets, Alba, Umtiti, Ter Shtegen ham ikki yoki uch yildan so‘ng, qariya futbolchilarga aylanadi. Yangi jamoa qurish uchun biroz mardlik lozim. Laporta «Barsa»ning yangi versiyasini muxlislarga taqdim etmoqchi bo‘lsa, ishni tarkibni tozalashdan boshlashi kerak. So‘nggi yillarda Messiga ishongan muxlislar EChL pley-offlarida besh bor («Yuventus», «Roma», «Liverpul», «Bavariya», PSJ) "Barselona"ning yirik hisobdagi mag‘lubiyatni qabul qilishga majbur bo‘ldi.
Bunday alamli mag‘lubiyatlar ortida eski muammolarning ta’siri bor ekanligini anglash kerak edi. Leo 30+15 natija qayd etgan bo‘lsada, klub sovrinsiz qolib ketganini ko‘rdik. Uzog‘i bilan yana ikki yildan so‘ng, Messi deyarli foydasiz futbolchiga aylanadi. Buni tan olish va kelajak sari bugundan qadam tashlash kerak.
Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar