Bellingem: "Bavariyaga qarshi o‘yin biz uchun finaldek ahamiyatga ega"
"Real Madrid" yarim himoyachisi Jud Bellingem Chempionlar ligasi chorak finalida "Bavariya"ga qarshi javob uchrashuvi oldidan fikr bildirdi.
Jamoalar oʻrtasidagi hal qiluvchi bahs bugun Myunxenda boʻlib oʻtadi va Toshkent vaqti bilan 00:00'da start oladi. Ilk uchrashuvda madridliklar 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergandi.
Bellingemning taʼkidlashicha, ushbu toʻqnashuv jamoa uchun finaldek ahamiyat kasb etadi.
"Bu juda muhim oʻyin, ayniqsa La Ligadagi holatimizni inobatga olsak. Bu bahs finalga teng. Biz Chempionlar ligasida gʻolib chiqish uchun kurashmoqchimiz. Turnirda shunchaki ishtirok etib, oʻyinlarni chetdan kuzatish uchun emas, sovrinni yutish uchun maydonga tushamiz.
Eng muhimi — oʻyin ichida qolish. Albatta, oson boʻlmaydi. Hozirgi hisobda ortda qolayotganimiz oʻz aybimiz. Bu juda uzun oʻyin boʻladi. Chempionlar ligasidagi har qanday magʻlubiyat — falokat. Ayniqsa bizning vaziyatda bu haqiqiy final.
Biz uchun juda koʻp narsa tikilgan. Shuning uchun yaxshi oʻynashimiz shart. Bizda "hammasi yo hech narsa" degan ruhiyat bor. Himoyada yotib olmaymiz. Ishonishni istaymiz, chunki boshqa imkoniyat boʻlmasligi mumkin. Maydonga tushib, gʻalaba qozonishimiz kerak", — dedi Bellingem.

Fikrlar