
Berdievdan Babayanga "tarsaki" yoxud Namangandagi taktikalar jangida kim g‘olib chiqdi?
O‘zbekiston Superligasining birinchi turidan o‘rin egallagan markaziy bahs - "Navbahor" va "Nasaf" o‘yini har jabhada o‘z afishani to‘liq oqladi. To‘g‘ri, natija ko‘ngildagidek bo‘lgani yo‘q, ammo maydonda murabbiylar o‘rtasidagi super to‘qnashuv guvohiga aylandik. Keling, "Markaziy" stadionida bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvni tahlil qilamiz.
Boshlang‘ich tarkib:
"Navbahor": 1.O‘tkir Yusupov, 4.Boyan Tsiger (19.Nurillo To‘xtasinov, 45), 7.Azim Ahmedov, 10.Jamshid Iskanderov, 11.Islom Kenjaboev (77.Asadbek Sobirjonov, 63), 14.Jamshid Boltaboev, 22.Igor Golban, 23.Yovan Jokich, 24.Davronbek Hoshimov, 28.Stanislav Andreev, 30.Elguja Grigalashvili (32.Zoran Marushich, 63).
Zaxira: 35.Rahimjon Davronov, 2.Egor Krimets, 6.Rustam Ashurmatov, 9.Ibrohim G‘anixonov, 17.Ehsoni Panshanbe, 99.Andrey Sidorov.
"Nasaf": 1.Umidjon Ergashev, 4.Husniddin Aliqulov, 5.G‘olib G‘aybullaev, 8.Dilshod Saitov, 10.Husayn Norchaev, 18.Bahrom Abdurahimov (9.Ivan Solovyov, 63), 20.Shahzod Akramov (17.Suhrob Nurulloev,63), 22.Akmal Mozgovoy, 34.Sherzod Nasrullaev (2.Alibek Davronov, 90+6), 88.Marko Stanoevich, 92.Umar Eshmurodov.
Zaxira: 13.Azamat Soyibov, 35.Abduvohid Ne’matov, 6.Murodbek Rahmatov, 23.Sardor Sadullaev, 30.Aziz Xolmurodov, 99.Semir Smaylagich.
O‘yin sxemasi:
"Navbahor": 4-4-1-1
Samvel Babayan o‘z odatiga sodiq qolgan holda, bahsni ehtiyotkor sxemada boshladi. 4 ta himoyachi, 2 ta tayanch yarim himoyachisi, qanotlarda vinger va markazda "fantazista". Oldingi chiziqda bitta sof hujumchi. Bir qarashda juda oddiy, ammo maydonda murabbiy uchun "manyovr" qilishga qulay uslub. Bu sxema to‘liq foyda keltirishi uchun tarkibda kuchli pleymeyker bo‘lishi shart. "Navbahor" ustozi O‘zbekiston Kubogining amaldagi g‘olibiga qarshi bahsda maydondagi eng muhim vazifani Jamshid Iskanderovga yukladi. "Jama" butun o‘yin davomida "pastroqqa tushib", to‘pni qabul qilishi va tezkorlik bilan hujumni qanotlarga ko‘chirishi talab etildi. Shuningdek, oldindagi yagona sof hujumchi istalgan paytda undan pas qabul qilishga tayyor bo‘lishi kerak edi.
Bahs oldidan Samvel Babayan qo‘lidagi imkoniyatdan maksimum foydalanishga muvaffaq bo‘ldi, ammo o‘yin startida Ro‘ziqul Berdiev Babayanni "start sxemasi" bilan dog‘da qoldirdi.
"Nasaf": 3-5-2
"Nasaf" ustozi "Paxtakor" bilan Superkubok uchrashuvidan farqli o‘laroq, o‘yinni 3 ta himoyachi bilan boshladi. "Ajdarlar" mudofaasida Umar Eshmurodov, Husniddin Aliqulov va G‘olib G‘aybullaev sof markaziy himoyachiga aylandi. O‘zbekiston klublari orasida bunaqasini har doim ham kuzatavermaymiz. Berdiev 3 ta himoyachi bilan maydonga tushgani bois, asosiy yuk loterallar Dilshod Saitov va Sherzod Nasrullaev zimmasiga tushdi. Ular raqibni maydon markazida kutib olishi va birinchi imkon bo‘lishi bilan oldinga tashlanishi reja qilingan. Tayanch zonasida to‘p tepgan Akmal Mozgovoy o‘zidan oldinroqdagi Marko Stanoevich va Bahrom Abdurahimovni yanada oldinroq chiqib harakat qilishi uchun imkon yaratishga urindi. Oldingi chiziqda esa, Husayin Norchaev va Shahzod Akramov keskinlikni ta’minlashi kutilgan edi.
Burilishlarga boy "to‘qnashuv"
Iskanderovning uzoq masofadan bergan zarbasini inobatga olmasa, "Navbahor"ning bahs avvalidagi o‘yini umuman chiqmadi. Markazdagi uchlik Elgujani to‘liq berkitib tashladi. Namanganliklarning qanotlardagi kuchi Boltaboev/Kenjaboev tezlik borasida Saitov va Nasrullaevga imkoniyatni boy bera boshladi.Qizig‘i shundaki, Berdievning ikki loterali birinchi bo‘limning qahramonlariga aylandi. Raqib hujum boshlayotgan paytda, ular maydon markazigacha kelib, pressingda ishtirok etdi.
Marko Stanoevich va Bahrom Abdurahimov maydon markazidagi balansni ushlab turgan bo‘lsa, Akmal Mozgovoy to‘liq tozalovchi vazifasini bajardi. U birorta epizodda hujumga qo‘shilgani yo‘q. Raqib tezkor qarshi hujumga o‘tib ketishiga yo‘l qo‘ymasligi uchun o‘ziga xos "straxovka"ga aylandi.
Bahsning 20-daqiqasiga kelib "Nasaf"ning maydondagi sxemasi o‘z kuchini ko‘rsata, "ajdarlar" to‘p nazoratini qo‘lga ola boshladi. Samvel Vyacheslavovich esa, o‘z shogirdlariga hujum boshlab berayotgan 3 ta markaziy forvardga bosimni kuchaytirishni buyurdi. Tezlik borasida maqtana olmaydigan Elgujaning o‘rniga Jamshid Iskanderov bir necha marotaba "ajdarlar" mudofaa uchligiga pressing ishlatganini ko‘rdik.
"Navbahor" endi raqibga bosim uyushtirib, "Nasaf"ning qanot himoyachilarini o‘yindan uzib qo‘yishga urina boshladi. Ro‘ziqul Berdiev raqib xavfli qarshi hujumga o‘tib ketmasligi uchun "lochinlar"ning "yuragi" - Jamshid Iskanderovni Akmal Mozgovoy orqali berkitish borasida ko‘rsatma berdi. Akmal esa, Jamshidga qarshi personal o‘ynashni boshladi. Mozgovoyning agressiv harakatlari birinchi bo‘limda bir necha bor jamoasini havfli qarshi hujumdan qutqarib qolganini ko‘rdik.
"Nasaf" esa, o‘yinga to‘g‘ri sxema tanlaganiga qaramay, golga tortadigan vaziyatlar yarata olmadi. Bunga, mezbonlarning markaz va tayanch pozitsiyasidagi vakillari Norchaev va Akramovga bo‘sh "zona" qoldirmaganini vaj qilib ko‘rsatish mumkin. Boz ustiga, qarshiliklarga qanotda o‘z hukmronligini o‘tkazganiga qaramay, uzatmalarni jarima maydonchasi ichida qabul qilishga qodir baland bo‘yli hujumchining yo‘q ekanligi pand berdi. Norchaev va Akramov asosan qarshi hujumda foyda keltiruvchi tezkor futbolchilar bo‘lgani bois, yopiq o‘yin ko‘rsatayotgan "Navbahor"ga pozitsion hujumlar chog‘ida deyarli xavf solmadi. Birinchi bo‘limning ikkinchi yarimiga kelib , "Navbahor"ning qanotiga javob beruvchi futbolchilari "chekinish"ga majbur bo‘ldi. Nasrullaev va Saitovning faolligi Boltaboev va Kenjaboevni pozitsion himoyada o‘z yarim maydonigacha qaytishiga sabab bo‘ldi.
Taym yakuni arafasida Babayan majburiy o‘zgarishga qo‘l urdi. Markaziy himoyada harakat qilayotgan Tsiger o‘z o‘rnini Nurillo To‘xtasinovga bo‘shatib berdi. To‘xtasinov o‘zi uchun qulay bo‘lgan hujumga yaqin nuqtadan joy egalladi. Markazdagi Azim Ahmedov so‘nggi himoyachiga aylandi.
Ikkinchi taymga kelib, "Navbahor" o‘yin sxemasini 4-4-1-1 dan 4-3-3 ga o‘zgartirdi. Kenjaboev va To‘xtasinov vingerga aylangan bo‘lsa, markazda Jokich-Iskanderov-Boltaboev uchligi paydo bo‘ldi. Shu tariqa, namanganliklar ustozi "ajdarlar" hujumlarini boshlab berayotgan 3 ta sof himoyachiga bosimni kuchaytirib, ularni ko‘proq xato qilishga majburlay boshladi. Bu yurish tezda maydonda o‘z mevasini berdi. Birinchi taymdan farqli o‘laroq, ikkinchi 45 daqiqalikda qarshiliklar paslarida "brak"lar soni ko‘paya boshladi.
Bunga javoban "Nasaf" uzoq masofaga ikkinchi qavatdan uzatmalar orqali tezkor qarshi hujumlar uyushtirmoqchi bo‘ldi, ammo Norchaev va Akramov birorta epizodda Golban va Ahmedovdan chaqqonroq chiqqani yo‘q. O‘yinning 60-daqiqasiga kelib, "Nasaf" to‘p nazoratini yo‘qotgach, Nasrullaev va Saitov orqaga qayta boshladi. 61-daqiqada Babayan birdaniga ikkita futbolchini maydonga tashladi. Asad Sobirjonov va Zoran Marushich Elguja va Kenjaboevni almashtirdi. Bu yurish o‘yin taqdiriga katta ta’sir ko‘rsatdi. Samvel Babayan hujumdagi uchlikni to‘liq yangilagach, "Paxtakor" bilan og‘ir uchrashuvda anchagina kuch yo‘qotgan "Nasaf" himoyachilariga bosimni ikki hissa oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Grigalashvilidan farqli o‘laroq, Zoran ikkinchi qavatdagi har bir uzatma uchun kurashlarda yutib chiqa boshladi. Asad Sobirjonov 60 daqiqa davomida ikkita frontda birdek ter to‘kkan Sherzod Nasrullaevni hujumga o‘tishdan ko‘ra, ko‘proq o‘zini qo‘riqlashga majbur qildi. Nurillo esa, Saitovni orqaga qaytishini "ta’minladi". Natijada, "Nasaf" birinchi bo‘limda bo‘lgani kabi keng qanotlar bo‘ylab hujumga o‘tish imkoniyatini yo‘qotdi.
Markazdagi Abdurahimov va Stanoevich o‘yinni o‘z qo‘liga olishga urindi, ammo ular hamda forvardlar o‘rtasida katta bo‘shliq paydo bo‘ldi. Bu uzilishni "ajdarlar" uzun paslar bilan yopishga urindi, ammo ularning aksariyati mana bunday ko‘rinish oldi:
Jismonan toliqqan va asosiy hujum qurollaridan ayrilgan "Nasaf" 70-daqiqadan boshlab ikkinchi raqamli klub sifatida harakat qila boshladi. 73-daqiqada Ro‘ziqul Berdiev raqibi Samvel Babayan murakkab vaziyatdan chiqib ketib, o‘yinni o‘zi tomonga og‘dirayotganini ko‘rgach, tezda zaxiradagi asosiy "kozyr qarta"larini "jangga tashladi". Solovyov va Nurulloev Abdurahimov va Akramov o‘rnini egalladi. Shu tariqa, Berdiev hujum va markaz o‘rtasidagi uzilishni yo‘qqa chiqarmoqchi bo‘ldi. Bu kutilganidek naf keltirmadi. "Lochinlar" to‘p nazoratini qo‘lga kiritgach, o‘zlari uchun qulay bo‘lgan pastroq tempda jamoaviy tarzda hujumga o‘tishni boshladi.
"Nasaf" esa, to‘psiz qolib butun jamoa bo‘lib raqibga bo‘sh zonalar qoldirmaslikka urindi. Bahs yakunlanishiga 10 daqiqa qolganida, "Nasaf" 3-5-2 ni to‘liq 5-4-1 ga almashtirdi. Berdiev gol kiritishdan ko‘ra, uni o‘tkazib yubormaslikka urindi. Bu esa, "Navbahor" uchun ayni muddao! Pastroq temp, to‘p nazorati va muxlislar olqishi.
Berdiev so‘nggi chora sifatida zaxiradan baland bo‘yli Smaylagichni o‘yinga tashladi. U ancha toliqib qolgan va o‘yin davomida ikkinchi qavatdagi birorta kurashda g‘alaba qozonmagan Husain Norchaevni almashtirdi. "Nasaf" ustozi shu tariqa, so‘nggi daqiqalarda sodir bo‘ladigan standart vaziyatlarda biroz faolroq bo‘lishga umid qildi. 85-daqiqadan boshlab, "Nasaf" raqib o‘zidan jismonan ancha yaxshiroq holatda ekanligini angladi va imkon qadar bexato o‘ynay boshladi. O‘z jarima maydonchasi ichidagi uzatmalarni kamaytirdi. “Markaziy“ga yig‘ilgan muxlislar bosimi mezbonlarning zarariga ishlay boshladi.
Bahsning so‘nggi 10 daqiqasini “Navbahor“ juda yomon o‘tkazdi. Raqib 0:0ga rozi bo‘lgan bir paytda, “lochinlar“ ketma-ket noaniq paslar bilan o‘z-o‘ziga qarshi o‘ynay boshladi. Babayan shogirdlari 20 ming ishqibozning bosimini engib o‘ta olmadi. Natijada, bahs nursiz durang bilan yakuniga etdi.
Bellashuv haqidagi umumiy xulosa:
1-turni bezab bergan o‘yinda murabbiylar o‘z mahoratini ko‘rsata oldi. Berdiev mehmonda qo‘rqmay, bir chiziqda 3 ta sof himoyachiga murojaat etgan bo‘lsa, Samvel Babayan to‘g‘ri o‘zgarishlar evaziga vaziyatni o‘ngladi. Tarkibi deyarli 80 foizga yangilangan “Navbahor“ jamoaviy o‘yini yaxshi shakllangan “Nasaf“ga qarshi o‘yinda yo‘qolib qolgani yo‘q. O‘z navbatida, “ajdarlar“ ham zaxira o‘rindig‘i o‘zinikiga qaraganda ancha kuchli bo‘lgan “lochinlar“ bilan teng o‘yin ko‘rsatdi. Yakunda, “Nasaf“ va “Navbahor“ 1 ochkodan ishlab olgani adolatdan bo‘ldi.
Ya . U
Fikrlar