Bilasizmi, "Qizilqum"ning eng xaridorgir futbolchisini Rossiyada kutishyapti

  • 13 noyabr, 2024, 09:22
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Navoiyning “Qizilqum” klubida to‘p surib allaqachon ko‘pchilikning e’tiboriga tushgan 22 yoshli hujumchi Muhammadali G‘iyosov shubhasiz ayni paytda o‘z jamoasining eng xaridorgir o‘yinchisiga aylangan.

Tecno

Tirishqoq futbolchi “Qizilqum” safida 2023 yildan beri faoliyat olib boryapti. O‘tgan yili 13 ta o‘yinda 5 ta gol urdi. Bu yil esa hozirgacha 23 ta bellashuvda raqiblar darvozasiga 6 ta to‘p kiritdi. G‘iyosovning iqtidoridan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, uni yorqin kelajak kutyapti va bu borada barchasi uning o‘z qo‘lida.

Muhammadalining faoliyatidagi ko‘tarilish ko‘p jihatdan bosh murabbiy Jamshid Saidov bilan bog‘liq. Boisi, 2020 yilda murabbiy “Buxoro”ni boshqargan chog‘ida G‘iyosovning iqtidorini payqab qoladi va natijada unga e’tibor qarata boshlaydi. Keyin esa futbolchi Timur Kapadze boshqaruvidagi “Olimpik”ga borib qo‘shildi. U erdagi faoliyatidan keyin “Qizilqum”ga o‘tdi. Chunki Jamshid Saidov navoiyliklar boshqaruvini o‘z qo‘liga olgach, G‘iyosovni ham chaqirdi. Natijada murabbiy o‘z futbolchisini kashf qila boshladi.

Xullas, “Qizilqum”da porlayotgan Muhammadaliga “sovchilar” bisyor. Superliganing bir qancha klublari futbolchiga ko‘z tikkan. Lekin futbolchi kelasi yili faoliyatini legioner sifatida chetda davom ettirishi mumkin. Bizga etib kelgan ishonchli ma’lumotga ko‘ra, Muhammadali G‘iyosov Rossiya premer-ligasining ikkita jamoasi “radar”iga tushib qolgan va hozirda jiddiy kuzatuvda. Bu variant futbolchiga yoqayotgani aniq. Shu bilan birga u mavsum yakunida “Qizilqum” bilan xayrlashishi aniq bo‘lib ulgurgan. Shartnomasi yil oxirida o‘z kuchini yo‘qotadi.

Har qanday holatda ham kelasi yili “Qizilqum” futbolchisining faoliyatida yangi sahifa ochiladi. Qanday tanlovni qabul qilishi o‘ziga bog‘liq. Lekin Rossiya klublarining chorlovlari sabab G‘iyosov yanada kengroq imkoniyatlarga ega bo‘ladi. U bilan bog‘liq voqealar rivojini kuzatamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Dili
13/11/2024 11:22
Краснодар ва Зенит икови талашяпти