"Birinchi davradan keyin o‘zimga yarasha talablarim bor, "Bunyodkor"dagi futbolchilarning familiyasini ko‘rib o‘yinchilarimiz tanishmaydi". Baxtiyor Ashurmatov kimlarga e’tiroz bildirdi?

  • 22 iyun, 2022, 01:03
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qo‘qon-1912” jamoasi Superliganing 12-turida Toshkentda “Bunyodkor”ga qarshi maydonga tushdi. G‘alabaga juda yaqin kelgan mehmonlar qo‘shib berilgan daqiqalarning so‘ngisida alamli golni o‘tkazib yuborishdi. Natijada g‘alabadan mosuvo bo‘ldilar. O‘yindan keyin “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov bir qator savollarga javob berdi.

- Bir kun oldin bo‘lib o‘tgan 23 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni terma jamoalar o‘rtasidagi o‘yin fonida bugungi uchrashuv unchalik ko‘rinmagan bo‘lishi mumkin, - deya gap boshladi Ashurmatov. - Chunki finalda ikki jamoa yaxshi futbol namoyish qilishdi. Afsuski, yoshlarimiz mag‘lubiyatga uchrashdi. Lekin maydonni yuzlari yorug‘ holda tark etdilar. Temur Kapadze boshchiligidagi jamoamiz hali o‘z so‘zini aytadi. Bizning jamoamiz bugun jangovarlik borasida yutqazmadi. Oxirgi ikki uchrashuvda o‘yinchilarimizga e’tirozlarimiz bor edi. Vaziyatlar ko‘p bo‘lmadi, biroq g‘alabaga loyiq edik. Afsuski, oxirida yo‘qotilgan e’tibor bizga qimmatga tushdi. Uchrashuv yakunlanishi arafasida alamli golni o‘tkazib g‘alabani qo‘ldan chiqardik. Baribir “Bunyodkor” futbolchilarini oxirigacha kurashganini tan olishimiz kerak. Bugun bizga uch ochko juda ham muhim edi. Turnir jadvalidagi o‘rnimiz havas qiladigan darajada emas. Bu – futbol. E’tiborni yo‘qotganimiz sababli muhim uch ochkodan mahrum bo‘ldik. O‘yin teng kurashlar ostida kechdi. Umuman olganda, uchrashuvdagi durang adolatdan desak ham bo‘ladi.

- “Bunyodkor” o‘z o‘yinini namoyish qila olmadi. “Qo‘qon-1912” shundan foydalanib yutib ketishi mumkin edi. Tarkibni solishtiradigan bo‘lsak, tajriba bo‘yicha ham “Qo‘qon-1912” “Bunyodkor”dan bir bosh ustun. Bunga qanday izoh berasiz?

- “Bunyodkor” ham bu yilgi mavsumda yomon o‘yin ko‘rsatmayapti. To‘g‘ri, barqarorlikni namoyish qilmayapti. Lekin turnir jadvalida bizdan yuqorida turibdi. “Bunyodkor” bo‘sh jamoa yoki saviyali futbolchilar kam demagan bo‘lardim. Yosh, o‘sishga intilib turgan futbolchilar qatorida Davron Ergashev, Avaz O‘lmasaliev, Dilshod Jo‘raev, Tomiva, Narx kabi o‘yinchilar atrofida yoshlar ham o‘sib borishyapti. Raqibdan kelib chiqib, bizni bu uchrashuvda faqat g‘alaba qoniqtirishini ta’kidlab o‘tgandik. G‘alabaga yaqin keldik. Lekin oxiridagi yo‘qotilgan e’tibor qimmatga tushdi.

ashurmatov4_6

- Bugungi o‘yin zerikarliroq o‘tdi. Vaziyatlar kam bo‘ldi, darvozabonlarga deyarli ish topilmadi. Shuningdek, Quvondiq Ro‘ziev bilan Javohir Sidiqovni sport formasi sizni qoniqtiryaptimi? Bugun sust harakat qilishdi.

- 1:0 hisobda oldinga chiqib olganimizdan keyin markazni kuchaytirishimiz kerak edi. Himoyaga moslashganroq yarim himoyachini chiqarishimiz lozim edi. Tarkibimizda bunday yarim himoyachi yo‘q. O‘tgan yili bizda tanlash imkoniyati ko‘proq edi. Iqbol Malikjonov, Farhod Bekmurodov, Oybek Rustamov, Bamba bor edi. Ulardan aksari ketdi va himoyaga moslashgan yarim himoyachini topa olmadik. Lekin Ro‘zievni bugun yomon saviyada o‘ynadi, deb aytmagan bo‘lardim. Katta hajmdagi ishni bajardi. Lekin raqobat bo‘lganida yarim himoyachilardan birini olib, markaziy himoyani, darvozamizga yaqinroq hududlarni berkitishga harakat qilardik. Ammo zaxiramizda bunday o‘yinchilar yo‘q edi. Oxirigacha ushbu o‘yinchilar bilan qolishga majbur bo‘ldik. To‘g‘ri, Javohir Sidiqov bundan ham yuqori darajada o‘ynay oladi. O‘ziga ham oxirgi paytlarda ko‘rsatayotgan o‘yinlari ma’qul kelmayotgan bo‘lishi kerak. Ammo muxlislar bilishmaydiki, u oxirgi paytlarda faqat jarohati bilan o‘ynayapti. Oyog‘i shishib ketgan bo‘lishiga qaramay, ukol yordamida maydonga chiqyapti, undan minnatdor bo‘lishimiz kerak. Raqobat bo‘lganida unga dam berib, boshqa futbolchilardan foydalanib, unda davolanish imkoni bo‘lardi. Afsuski, bizda imkoniyat yo‘q. Shu sababli Sidiqov o‘z o‘yinini jarohat tufayli ko‘rsata olmayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin Javohir bundan ham yuqori saviyada o‘ynay oladi. Bugun Dilshod Rahmatullaevga ham ko‘p e’tiroz bildirdim. Bugungi yarim himoyachilarimiz yanada yaxshiroq o‘ynay oladilar, ammo biz qoniqqanimiz yo‘q.

- Baribir Sidiqov va Ro‘ziev jamoadoshlarini keskin paslar bilan ta’minlay olishmadi...

- O‘sha keskin paslar etishmaganligi sababli ham vaziyatlar kam bo‘ldi. Zerikarliroq o‘yin bo‘ldi. Chiroyliroq futbol tarafdorimiz. “Bunyodkor” himoyadan chiqqanida bosim uyushtirishga harakat qildik. Darvozalar tomon zarbalar kam bo‘ldi. Ro‘zievda ham, Sidiqovda ham ajoyib zarbalari bor. Ammo bundan foydalanishmadi. Birinchi davra tugaganidan keyin raqobatni kuchaytirishimiz kerak. Har qanday futbolchi qanaqa saviyada bo‘lmasin tarkibda o‘ziga raqobat bo‘lmasa, o‘sishi qiyin. Xohlaymizmi-yo‘qmi, bo‘shashadi. Har qanday holatda ham asosiy tarkibda o‘ynayman, degan tushuncha paydo bo‘ladi. Balki raqobat yo‘qligi uchun ular o‘z saviyalarida o‘ynay olmyotgandir. Murod Xolmuhammedov yo‘qligi sababli birgina tanyach yarim himoyachimiz Oybek Rustamovni orqaga oldik. Rahmatullaev, Ro‘ziev va Sidiqov uchligidan foydalanmagan bo‘lardim. O‘rtada himoyaga moslashgan futbolchi va bitta ijodkor o‘yinchi bo‘lsa, Ro‘ziev va Sidiqovda imkoniyat ko‘proq bo‘lardi. Har bir yo‘qotishimiz bilinyapti. Aleksandr Merzlyakov jarohati borligi uchun yarim himoyachimiz San’at Shixovni himoyaga qo‘yyapmiz. Bular bahona bo‘lolmaydi. Har bir jamoada raqobat bo‘lishi lozim. Salbiy natija ko‘rsatyapmizmi, demak qaerdadir xatoga yo‘l qo‘yganmiz.

ashurmatov3_2

- Yaqinda klubda rahbariyat o‘zgardi. Bu o‘zgarish jamoada ijobiy o‘zgarish bo‘lishiga ta’sir qilyaptimi? Balki yozda kattaroq transfer ko‘ramizmi?

- Menimcha, kattaroq transfer ko‘rmasak kerak. Yangi rahbariyat katta maqsadlar bilan kelishgan. Ular tinimsiz harakatda. Oxirgi paytlarda kam ochko jamg‘arganligimiz sababli ikkita uchrashuvda maksimal ochko yig‘ib, rahbariyat bilan gaplashib olmoqchi edik. Hozirgi paytda qanday saviyadagi o‘yinchilarni olamiz? Baribir mablag‘ga borib taqaladi. Yaxshi futbolchini jalb qilmoqchimisiz, ko‘proq pul to‘lash kerak bo‘ladi. Hozir imkoniyatimizni bilmayman. Lekin yuqori shijoatli inson keldi, doim harakatda. O‘ylaymanki, Qo‘qon futboli uchun ijobiy tarafga o‘zgarish bo‘ladi. Birinchi davradan keyin meni ham tarkib bo‘yicha o‘zimga yarasha talablarim bor. Gaplashib olamiz. Masalalarni ijobiy hal qila olamiz. Agar ijobiy hal qilmasak, tarkibda raqobat bo‘lmasa, unda yana shu holat davom etishi mumkin.

O‘yindan oldin raqib jamoa o‘yinchilarini futbolchilarimga o‘qib eshittirdim. “Bunyodkor” shunday jamoaki, familiyasini ko‘rib, o‘yinchilarimiz tanishmaydi. Qolgan klublarda kimnidir nomini aytsangiz tanishi mumkin. Biz murabbiylarda ham raqib o‘yinchilari xususida axborot kam edi. Qo‘rqmasdan yoshlarga imkoniyat berilayotgani “Bunyodkor”ning yutug‘i va bunga majbur. Chunki akademiyasi bor, boshqa jamoalarga nisbatan yoshi katta o‘yinchilari kamroq. Oxirida tajribali o‘yinchisi masalani hal qilib ketdi. Davron Ergashevga personal ravishda Ivan Yosovichni qo‘ygandik. U yaxshi o‘ynadi, faqat o‘sha vaziyatda o‘yinchisini yo‘qotishi bizga qimmatga tushdi.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!