biz bilgan va bilmagan Suriya terma jamoasi
Xabaringiz bor, bugun Ektor Kuper shogirdlari Suriya milliy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi. Ushbu o‘yin oldidan biz raqib haqidagi ma’lumotlarni taqdim etamiz.
Suriya terma jamoasi hech qachon jahon chempionatida qatnashmagan. Aslida Osiyoning elit jamoalari qatoriga ham kirmaydi. Shunga qaramay jamoa xalqaro maydonlarda yutuqlarga erishgan.
1958 yilda Suriya jahon chempionati saralash bosqichida ilk bor ishtirok etdi. Osiyo jamoalari orasida birinchilardan bo‘lib qatnashgan. 1966 yilgi mundial saralashida Evropa qit’asida qatnashadigan Osiyoning ikki mamlakatidan biri Suriya edi (ikkinchisi Isroil). Ammo suriyaliklar Osiyo va Afrika termalari qatorida saralashni o‘tkazadigan bo‘lishdi.
1986 yilda Suriya dunyo birinchiligida qatnashishiga bir qadam qolgandi. Biroq yakunda ular Iroq termasini mag‘lub eta olishmagan. 2014 yilgi saralashdan Suriya termasi kutilmaganda diskvalifikatsiya qilingan, sababi jamoa futbolchisi Jorj Murod ro‘yhatdan qonuniy tarzda o‘tkazilmagan, yani fuqarolikka to‘liq erishmagan edi va bungacha Shvetsiya yoshlar terma jamoasida to‘p tepishga ulgurgan.
Suriya Osiyo Kubogida 6 marotaba qatnashgan. So‘nggi bor 2019 yildagi Osiyo Kubogida ishtirok etgan Suriya guruhda qolib ketdi.
Suriya 2012 yilda G‘arbiy Osiyo chempionati doirasida Iroqni mag‘lub etib, ilk bor Kubokni qo‘lga kiritgan.
Suriyaliklar 1949 yil o‘z tarixlarida ilk bor yashil maydonga tushishgan. Turkiya termasi mehmoni bo‘lgan suriyaliklar 0:7 hisobida mag‘lub bo‘lishgan. 1997 yilning o‘zida 2 marotaba Maldiv va 2001 yili Filippin termasini bir xil 12:0 hisobi bilan mag‘lub etilgan. Bu natijalar Suriya tarixidagi eng yirik hisobdagi g‘alabalar. Shu bilan bir qatorda 1949 yilda Gretsiya, 1951 yilda Misr terma jamoalariga 0:8 hisobida imkoniyatni boy berishga ham ulgurishgan. Bunisi esa Suriya tarixidagi eng yirik mag‘lubiyatlar.
Shuningdek terma jamoa tarkibida eng ko‘p maydonga tushgan futbolchi Mosab Balxuzdur. U terma jamoa libosida 81 marotaba o‘yin o‘tkazgan. Raja Rafe esa 32 ta gol urib, eng yaxshi to‘purar bo‘lib turipti.
Terma jamoa futbolchilari asosan Osiyo klublarida to‘p tepishadi. Evropada faqatgina Muhammad Usmonni ko‘rishimiz mumkin. U Gollandiyaning "Xerakles" klubi a’zosi hisoblanadi. Afrika qit’asining Misr mamlakati chempionati a’zosi "Piramida" klubida esa Umar Midani harakat qiladi. Ammo terma jamoaning eng asosiy yulduzlari boshqa futbolchilardir. Yurtimizda Omar al Somani yaxshi bilishadi. Saudiyaning “Al Ahli” futbochisi va terma jamoaning asosiy yulduzi, sardori al Soma bugungi kunda nafaqat termaning balki, butun Osiyo Qit’asining eng kuchli hujumchilaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqar terma jamoada Omar Harbinning borligini ham alohida ta’kidlab o‘tish mumkin. Al Soma kabi Harbin ham Saudiya Arabistoni chempionatida to‘p tepadi, faqat al Somadan farqli o‘laroq Omar Harbin “Al Hilol” klubi a’zosi sanaladi. Terma jamoani mahalliy murabbiy Fajr Ibrohim boshqarib bormoqda.
Suriya bilan bor yo‘g‘i 4 martta to‘qnash kelganmiz. FIFA reytingida bizdan 2 pog‘ona yuqorida turgan jamoani 1 martta mag‘lub etgan vakillarimiz 1 durrang ham qayd etishgan va 2 marotaba mag‘lubiyatga uchrashgan. Suriyaga 3 ta gol urgan vakillarimiz o‘z darvozalaridan 4 ta to‘p olib chiqishgan.
Suriyaliklarning 4 goliga Ali Dib, Joxadar Nodir, Omar Harbin va Omar al Soma mualliflik qilishgan bo‘lsa, biznikilardan Sergey Lebedev, Aleksandr Geynrix va Marat Bikmaev darvozani nishonga olishgan.
O‘zaro o‘yinlarning 2 tasi Toshkentda kechgan va yana 2 tasi be’taraf mamlakatda bo‘lib o‘tgan.



Fikrlar