"Bizga shubha qilayotganlarga kuzda javob beramiz". "Lokomotiv" "Neftchi"ni mag‘lub etganining yana qanday sababi bor edi? Sanjar Qodirqulov bor gapni aytdi

  • 6 may, 2022, 17:16
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Toshkentning “Lokomotiv” klubi uchun Superliganing 7-turi omadli chiqdi. “Temiryo‘lchilar” safarda “Neftchi”ga qarshi muhim bellashuvda yagona gol evaziga qimmatli uch ochkoni qo‘lga kiritishdi.

Tecno

Bu borada “Loko” futbolchilari mardonavor o‘yin ko‘rsatishdi. Klubning iqtidorli yarim himoyachisi Sanjar Qodirqulov jarohatidan keyin o‘ziga kelib oldi va jamoasining g‘alabalariga munosib hissa qo‘shmoqda.

“Neftchi”ga qarshi bellashuvdan so‘ng Qodirqulov Sports.uz muxbiri bilan suhbatlashdi.

- Sanjar, qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yin qanday kechdi?

- O‘yin haqida nima desam bo‘ladi? “Surxon” bilan uchrashuvdan keyin bizda “Neftchi”ga qarshi bellashuv uchun tayyorlanishga ikki kun vaqt bo‘ldi. Ikki kun tayyorlangandan ko‘ra, bir hafta shug‘ullanganimiz yaxshiroq deb o‘ylayman. Biz “Surxon”ga qarshi qanday o‘ynagan bo‘lsak, o‘sha o‘yinimizni “Neftchi” bilan uchrashuvda ham saqlab qolishga erishdik. Raqib “Neftchi” ekan deb ularga qarshi alohida tayyorgarlik ko‘ra olmadik. Bunga vaqtimiz ham bo‘lmadi. O‘yin oldidan jamoadoshlarimiz bilan kelishib olgandik. Maydonda hamma birdek harakat qilishi, yugurishi va agar kimdir xato qilsa, darhol o‘rnini qoplashi, umuman katta hajmdagi mehnatni qilib uch ochkoni qo‘lga kiritishimiz shart edi. Xudoga shukr, o‘ylagan niyatimizga erishdik. O‘yin paytida rejalar o‘xshashi ham, o‘xshamasligi ham mumkin. Bu – futbol, unda hamma narsa bo‘lishi tabiiy.

sanjar2_1

- O‘yindan avval “Neftchi”ni qanchalik o‘rgangandinglar va siz kutgandek taassurot qoldirdimi?

- “Neftchi” bilan o‘yin oson bo‘lmasligini, ular ham maydonga faqat g‘alaba uchun tushishlarini kutgandik. Shunga yarasha tajovuzkor o‘yin ko‘rsatishlarini bilib turgandik. O‘yin ham aynan shuni ko‘rsatib turdi. Pressing qo‘llash, bosimda ushlab turish va bir daqiqaga bo‘lsa ham bo‘shashishga imkon berishmadi, desa ham bo‘ladi. “Neftchi” tarkibida yaxshi o‘yninchilar yig‘ilgan. Lekin eshitishimcha, 8-10 tacha futbolchisi jarohatda ekan. Balki jamoaning mag‘lubiyatlari ham shu sabab bilan bog‘liq bo‘lsa kerak, yaan bilmadim. Lekin boya ta’kidlab o‘tganimdek, ko‘p futbolchilari jarohat olganini eshitganman.

sanjar5_1

- Darvoqe, bosh murabbiyning ko‘rsatmasi qanday edi va uni to‘liq bajardik, deb ayta olasizmi?

- Murabbiyimiz ushbu uchrashuvda bizga har bir qarich er uchun jiddiy kurashishimizni qattiq ta’kidlagandi. Kurashlarda yutqazmaydigan bo‘lsak, bu uchrashuvda albatta yutamiz, deb aytgandi. Uchrashuv davomida mana shunday kurashlarda ko‘pincha yutib chiqdik, deb o‘ylayman. Shu holat ham g‘alabamizning asosiy omillaridan biri bo‘ldi. Bundan tashqari, himoyani ham mustahkam ushlab, gol o‘tkazmaslik payida bo‘ldik. G‘alabamiz o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgani yo‘q. Murabbiy aytganidek, har bir qarich er uchun jiddiy kurashdik va tezkor qarshi hujumlarga o‘tish harakatida bo‘ldik.

sanjar3_1

- “Lokomotiv”da bu yil yangi jamoa shakllanyapti. Klub qaysi o‘ringa da’vogarlik qila oladi?

- O‘zingiz aytganingizdek, bizda yangi jamoa va yangi murabbiy. Hammasi to‘liq moslashishi uchun ozgina vaqt kerak, deb hisoblayman. Xudo xohlasa, asta-sekin barchasi yaxshi bo‘lyapti, deb o‘ylayman. Bundan buyog‘iga ham har bir bellashuvda jonimizni berib, g‘alabalarga erishib yana ochkolarni olishga harakat qilamiz.

- Mavsum avvalida ko‘pchilik klubdan ketdi. Balki sizni ham jamoani tark etishingiz kutilgandi...

- Ha, bu yil jamoamizdan ko‘pchilik ketdi. “Lokomotiv”da qolganimga kelsak, bu klubda o‘z hoxishim bilan qoldim. Ammo menga u erdan-bu erdan variantlar chiqdi. Lekin men “Lokomotiv”da qolishga qaror qildim.

sanjar1_1

- Jamoaning kuchiga shubha bilan qarayotganlarga nima degan bo‘lardingiz?

- Bizga shubha bilan qarayotgan insonlarga Xudo xohlasa, kuzda javob beramiz. Chunki jo‘jalarni kuzda sanaymiz, deb bejizga aytishmaydi.   

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!