Bugun Shomurodov “Jenoa”ning qora an’anasiga chek qo‘yadimi?

  • 13 fevral, 2021, 07:30
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Italiya chempionatining 22-turida eng qiziqarli uchrashuvlardan biri “Torino” va “Jenoa” o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

Tecno

“Stadio Grande Torino” stadioni mezbonlik qiladigan ushbu bahs 13 fevral kuni Toshkent vaqti bilan 19:00da boshlanadi.

11482_amp

Italiya futbolida o‘z o‘rni va shonli tarixiga ega bo‘lgan bu ikki jamoa o‘rtasidagi raqobat doimo keskin va murosasiz kurashlar bilan kechgan. Aslida keyingi yillarda “Torino” genuyaliklardan qudratliroq ko‘rinsa-da, joriy mavsumning ikkinchi yarmida ustunlik “Jenoa” tomonida bo‘lib turibdi.

Ma’lumki, “Jenoa”ni Davide Ballardini qabul qilib olganidan keyin jamoa ochko jamg‘arish borasida faqatgina chempion “Yuventus”dan ortda qolmoqda. Xususan, genuyaliklarning mag‘lubiyatsiz o‘yinlar seriyasi beshtaga etdi. Shu besh uchrashuvdan to‘rttasida g‘alaba va bittasida durang qayd etildi. Bu bahslarning to‘rttasida darvoza daxlsizligi saqlab qolindi. Hatto, o‘tgan turda sovrinli o‘rinlar va Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasiga da’vogarlik qilayotgan “Napoli” mag‘lub etilgani “Jenoa”ning muvaffaqiyatlari tasodif emasligidan dalolat beradi.

“Jenoa” navbatdagi tur oldidan 24 ochko bilan 12-o‘rinni egallab turibdi.

“Torino”ning bu mavsumda omadi chopmayapti. Tarkib kuchli. Bu jamoa sharafini Andrea Belotti, Salvatore Sirigu, Kristian Ansaldi, Tomas Rinkon, Simone Dzadza, Antonio Sanabriya, Federiko Bonatstsoli, Simone Verdi kabi taniqli va mahoratli futbolchilar himoya qilayotgan bo‘lsa-da, ular musobaqa jadvali xavfli hududdan uzoqlasha olmayapti.  

d7aef22d744137518a6d002b8c9bf

Torinoliklar hozircha, 21 ta uchrashuvda qo‘lga kiritilgan 16 ochko bilan 17-pog‘onada bormoqda. Eng ko‘p gol o‘tkazayotgan jamoalardan biri hisoblanadi.

Qizig‘i, “Torino” joriy mavsumda atigi ikkita o‘yinda zafar quchgan. Birinchi g‘alabasiga, aynan  Genuyada “Jenoa” bilan bo‘lgan o‘yinda erishgan.

Aslida bu jamoalar o‘zaro 127 marotaba to‘qnash kelgan. Ustunlik bu galgi mezbonlarda. “Torino” genuyaliklarni  50 marta mag‘lub etgan, 39 ta bellashuvda kuchlar teng kelgan, “Jenoa” 38 marotaba g‘olib chiqqan. To‘plar nisbati “Torino” tomonida – 214-180.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda “Torino” “Jenoa” uchun eng noqulay raqib hisoblanadi. Oxirgi ettita uchrashuvning barida torinoliklarning qo‘li baland keldi. Shu o‘yinlardan to‘rttasini “Jenoa” o‘z uyida boy bergan. Bu seriya davom etmoqda va genuyaliklar uchun “qora an’anaga” aylanib bormoqda.

Garchi hozir o‘yin bobida “Jenoa” ustunligi yaqqol ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, statistika “Torino” tomonida. Qolaversa, uyingda devorlar ham qo‘llaydi, deyishadi. Bundan tashqari, Davide Nikola shogirdlari ham ketma-ket to‘rtta turdan beri durang o‘ynab, mag‘lubiyatlardan qutilib qolmoqda.

Biz uchun eng muhimi, Eldor Shomurodov maydonga tushib, “Jenoa”ning “qora an’anasiga” barham bera oladimi?

136349069_4200332426644312_8335601895439015092_o

O‘tgan turda Eldorning o‘rniga maydonga tushgan Goran Pandev “Napoli”ga ikkita gol urganidan keyin navbatdagi uchrashuvda ham jamoaning asosiy to‘purari Mattia Destroga sherik sifatida boshlang‘ich tarkibda o‘ynashi taxmin qilinmoqda. Biroq, Destro Shomurodov bilan erkin va samarali o‘ynaydi. Buni hamma qatori Davide Ballardini ham biladi. U uchala hujumchining barini qaydnomaga kiritgan. Bu Shomurodov jarohatidan butkul qutilib, o‘yinga shayligidan dalolat beradi.

Pandev ilk daqiqalardan o‘ynagan taqdirda ham Shomurodov maydonga tushishi kutilyapti. Yoshi o‘tib qolgan Goran 90 daqiqa yugura olmasligi mumkin. Biz esa, Eldor muxlislar ishonchini oqlab, raqib darvozasini ishg‘ol qilishini kutamiz.  Zero, Shomurodovning gol urmaganiga ham ancha bo‘ldi!

Rossiya futbolida O‘zbekiston legionerlarining o‘z o‘rni bor, faqat...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Дилшод Даврлнов
13/02/2021 08:21
Элдор албатта гол уради бугунги учрашувда ишончим комил ОМАДОМАДОМАД ГОЛГОЛГОЛ ЭЭЛЛДДООРРР