
"Bugungi natija "Paxtakor" va "Nasaf" o‘rtasidagi kuchlini aniqlamaydi..."
O‘zbekiston Superligasi 24-turidan o‘rin olgan "Paxtakor" - "Nasaf" bahsi yakunlandi. Unda tomonlar 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
Mazkur uchrashuv yakuniga etgach, SPORTS.uz sayti jurnalisti Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev o‘z telegram kanalida o‘yin haqida o‘z fikrlarini yozib qoldirdi.
"Hozir ko‘pchilik "Paxtakor"ni o‘yinning finishini zo‘r o‘tkazganini "Nasaf"dan kuchli o‘ynaganiga bog‘lab yubormoqda. Aslida (menimcha, albatta) unday emas.
"Ajdarlar"ning bugungi raqibidan farqli o‘laroq bir necha kun ichida O‘zbekiston kubogi va OChLda mavsumga baho qo‘yadigan o‘yinlari bor. Qo‘shimchasiga, bu bahsdagi g‘alaba ham aslida hech narsa bermasligini qarshiliklar juda yaxshi tushunib turgan edi. Agar bugun Toshkentda 3 ochko qo‘lga kiritilganda ham "Paxtakor" qolgan o‘yinlarda ochko yo‘qotmasligini futbolni ichidagilar allaqachon anglab bo‘lgan.
"Paxtakor" kubok va OChLda muvaffaqiyatsizlikka uchragach, jon-jahdi bilan Superliga oltin medallari uchun harakat qilmoqda. Ikki jamoa bugungi o‘yinga ikki xil yondashuvda kelgan. "Nasaf" ekonom futbol o‘ynab, 1 ochko bilan ortga qaytdi. "Paxtakor" esa bor-yo‘g‘ini tashladi.
Yakunda "sherlar" o‘yinni emas, mavsumni qutqarib qolish uchun hamla qildi. Bugun kim uchundir hayot-mamot, yana kim uchundir hech narsani hal qilmaydigan o‘yin edi. Uning natijasi ular orasidagi kuchlini aniqlamaydi", - deyiladi kanalda.
Fikrlar