
"Bunyodkor"dagi "Messi", eng ko‘p chempion bo‘lgan Gochguliev, Osiyoni "portlatgan" Rivaldo va 44 yoshida ham faoliyatini yakunlamagan Xolmatov
O‘zbekiston chempionatida juda ko‘plab xorijlik iqtidor egalari to‘p surishgan. Biz esa e’tiboringizga ularning ayrimlari haqida ma’lumotlarni havola etmoqchimiz.
Gochguli Gochguliev 1977 yil Turkmanistonning Balkanobod shahrida tug‘ilgan.
Ampluasi - himoyachi
Albatta, Gochguli Gochguliev O‘zbekiston chempionatlarida o‘z o‘rniga va o‘yiniga ega legionerlardan biri edi. Qo‘shni Turkmanistondan bo‘lgan bu yigit faoliyatini 1994 yil “Arkach” klubida boshlagan. Keyinchalik esa “Nebitchi” (1995), “Byuzmeyin” (1996), “Kopetdag” (1997-2001) va “Dagdan” (1997-2001) kabi mahalliy jamoalarda to‘p surgan.
Gochguli 2001 yil Qozog‘istonning “Irtish” klubiga ko‘chib o‘tdi va shu tariqa uning xorijdagi faoliyati boshlandi. U erda bir mavsum to‘p surdi va shundan so‘ng 2002 yil “Paxtakor”ga keldi. “Sherlar” safida 80 ta o‘yinda ishtirok etib, raqiblari darvozasiga 26 ta gol urdi va qatorasiga 4 mavsum O‘zbekiston chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. Keyin esa yana Qozog‘istonga yo‘l oldi. 2006 yilgi mavsumda “Qayrat” safida harakat qilgan Gochguli bor yo‘g‘i 12 ta o‘yinda maydonga tushdi xolos.
2007 yilda uni yana O‘zbekistonga taklif qilishdi. O‘sha paytda yarq etib porlab chiqayotgan “Bunyodkor” o‘z safiga kuchli o‘yinchilarni va legionerlarni jamlayotgan edi. Tabiiyki, “Paxtakor” safida o‘zini ko‘rsatgan Gochguliev ham “qaldirg‘ochlar”ning e’tiboridan chetda qolmadi. U bu jamoada ham faqat oltin medallarga ega chiqdi. 2007, 2008, 2009 va 2010 yilgi mavsumlar O‘zbekiston Oliy ligasida “Bunyodkor” chempionlikni hech kimga bermadi. Turkmanistonlik legioner esa ushbu davr ichida jami 31 ta o‘yinda maydonga tushdi hamda o‘z hisobiga 7 ta gol yozdirib qo‘yishga erishdi.
Gochguli Gochguliev faoliyatining so‘nggi yillarini o‘z yurtida “Gara altin” klubi (2011-2012) safida o‘tkazdi. U 2012 yil 35 yoshida butsalarini mixga ildi.
Gochguliev O‘zbekiston chempionatliradi naqd 7 marta (2002, 2003, 2004, 2005, 2008, 2009, 2010) g‘alaba qozongan va bu borada eng yaxshi ko‘rsatgichga ega legioner hisoblanadi. U Turkmaniston terma jamoasi safida 26 ta o‘yinda ishtirok etgan va 1 ta gol urgan.
Gochguliev hozirda Ashxabodning “Oltin Asir” klubida murabbiy sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Boyan Miladinovich 1982 yil 24 aprel kuni Serbiyaning Krushevats shahrida dunyoga kelgan.
Ampluasi - himoyachi
Boyan o‘zining professional futbolchilik faoliyatini 2000 yilda mahalliy “Napredak” klubida boshlagan. Ketma-ket 3 mavsum ushbu jamoa sharafini himoya qilgan Miladinovich 56 ta o‘yinda maydonga tushdi va 1 ta gol urdi. 2001 yil ijara asosida “Trayal” klubida ham o‘ynab qaytdi. U erda 27 ta o‘yinda 2 ta gol urdi.
Miladinovich 22 yoshida Serbiyaning eng nomdor jamoasi - “Tsrvena Zvezda” safiga ko‘chib o‘tdi. Afsuski, uning bu erda ishlari yurishmadi. U 2004-2008 yillar davomida bor yo‘g‘i 24 ta bahsda maydonga tushdi xolos. Shundan so‘ng u yana qadrdon “Napredak” klubiga qaytdi va bir mavsum shu erda o‘ynadi.
Miladinovichning xorijdagi faoliyati O‘zbekistondan boshlandi. U 2009 yil “Paxtakor” safiga kelib qo‘shildi. U “sherlar” safida hatto sardorlik darajasiga ham chiqdi hamda 2012, 2014 yillarda O‘zbekiston chempionligini va 2009 yilda mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi.
Boyanning Toshkentdagi ertagi 2015 yilda o‘z nihoyasiga etdi. U shu yili Malayziyaning “Felda Yunayted” klubiga ko‘chib o‘tdi. U erda bir mavsum o‘ynagach yana “Napredak”ka qaytdi va 2016 yildan buyon shu jamoada to‘p surib kelmoqda.
Rivaldo Vitor Borba Ferreyra - 1972 yil Braziliyaning Paulista shahrida tug‘ilgan.
Ampluasi - hujumchi.
Rivaldo - bu futbol tarixida umrbod saqlanib qoladigan ismlardan biri. U nafaqat O‘zbekiston, balki butun Osiyo qit’asida to‘p surgan eng mashhur legioner desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Futbol olamining yorqin yulduzi o‘zining katta futboldagi ilk qadamini 1991 yil mahalliy “Santa-Kruz” jamoasida qo‘ygan. Keyin esa “Moji-Mirin” (1992-1993), “Korintians” (1993-1994) va “Palmeyras” (1994-1996) kabi Braziliyaning grand klublarida o‘ynadi.
Rivaldoning xorijdagi faoliyati 1996 yil “Deportivo”ga ko‘chib o‘tishi bilan boshlandi. U La-Korunya shahri jamoasi sharafini bor yo‘g‘i 1 mavsum himoya qildi xolos. 41 ta o‘yinda 21 ta gol urgan hujumchini 1997 yilda “Barselona” o‘z safiga qo‘shib oldi. U kataloniyaliklar tarkibida naqd 5 mavsum harakat qildi va ushbu vaqt ichida 157 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblari darvozasiga 86 ta gol urdi.
2002 yilda Ispaniyadagi missiyasini yakunlagach Italiyaga yo‘l oldi va u erda bir mavsum “Milan” sharafini himoya qildi. Afsusk, u erda Rivaldoning ishlari yurishmadi. U shu yili A Serining eng yomon o‘yinchisi deb topildi.
Shundan so‘ng Rivaldo yana o‘z vataniga qaytib ketdi va 2004 yilda “Kruzeyro” klubida to‘p surdi. Shu yilning o‘zida uni yana Evropaga chorlashdi. Aniqrog‘i, u Gretsiyaning eng mashhur jamoasi - “Olimpiakos”ga ko‘chib o‘tdi. U erda 3 mavsum o‘ynadi va 70 ta o‘yinda 36 ta gol urdi. So‘ngra, 2007 yil Gretsiyaning boshqa bir jamoasi - AEK safiga o‘tdi. Ushbu klubda 29 ta o‘yinda 8 ta gol urdi.
2008 yilda Osiyo futbolida katta “portlash” sodir bo‘ldi. Rivaldo shu yili Toshkentning “Bunyodkor” klubi bilan shartnoma imzoladi. “Qaldirg‘ochlar” safida 2010 yilgacha faoliyat olib borgan Rivaldo ushbu vaqt ichida 61 ta o‘yinda maydonga tushdi va raqiblari darvozasiga 37 ta gol urishga erishdi. Hatto, 2009 yilgi mavsumda Oliy ligada 20 ta gol urib, mavsumning eng yaxshi to‘purari degan nomga sazovor bo‘ldi. 2008, 2009, hamda 2010 yillarda Rivaldo “Bunyodkor” tarkibida O‘zbekiston chempioniga aylandi. 2008 yilda esa O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritdi.
Rivaldo 2010 yilda “Bunyodkor” bilan xayrlashdi va Braziliyaga jo‘nab ketdi. U vatanida “Moji-Mirin” (2011, 2014, 2015), “San-Paulu” (2011) va “San-Kaetano” (2013) klublarida o‘ynadi. Orada bir mavsum Angolaning “Kabushkorp” (2012) klubida ham to‘p surib qaytdi.
Afsonaviy Rivaldo 2015 yil 43 yoshida futbolchilik faoliyatini yakunlagan.
U Braziliya terma jamoasi safida 74 ta o‘yinda ishtirok etgan hamda o‘z hisobiga 34 ta gol yozdirib qo‘yishga erishgan. 2002 yilda esa terma jamoasi bilan jahon chempionligini qo‘lga kiritgan.
Rivaldo 1999 yil dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan va “Oltin to‘p”ga sazovor bo‘lgan. U FIFA talqiniga ko‘ra futbol tarixidagi eng yaxshi 100 ta futbolchi qatoriga kiradi.
Luis Karlos Nasimento Junior (Luizao) 1987 yil Braziliyaning Varjen-Alta shahrida tavallud topgan.
Ampluasi - himoyachi.
O‘zbek futboli muxlislari uchun yaxshi tanish bo‘lgan yana bir braziliyalik futbolchi bu Luizao nomi bilan tanilgan Luis Karlos Nasimento Junior hisoblanadi.
“Kruzeyro” klubi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Luizao professional futboldagi ilk qadamlarini ham aynan shu jamoa safida qo‘ygan.
Uning xorij chempionatlardagi faoliyati 2007 yilda Shveytsariyaning “Lyutsern” klubiga ko‘chib o‘tish bilan boshlangan. Ammo, u ushbu jamoa safida birorta ham o‘yinda maydonga tushmagan. Shveytsariyaliklar uni dastlab Braziliyaning “Vasko da Gama” klubiga ijaraga berishgan. 2007 yilgi mavsumni shu erda o‘tkazgan Luizao 2008 yil “Bunyodkor”ga ko‘chib o‘tadi. “Qaldirg‘ochlar” safida ikki mavsum harakat qilgach, yana “Kruzeyro”siga qaytib ketadi. 2010-2014 yillarda Braziliyaning “Baiya” , “Nasonal-MG”, “Seara” va “Kabufriense” klublarida o‘ynaydi.
2015 yildan buyon esa Braziliyaning nufuzi jihatdan 4-divizioni hisoblangan Braziliya D Seriyasida ishtirok etuvchi ABS klubi sharafini himoya qilib kelmoqda.
Luizao 2008-2009 yillarda “Bunyodkor” safida O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan.
Akmal Xolmatov 1976 yil Tojikistonda tug‘ilgan.
Ampluasi - hujumkor yarim himoyachi.
Akmal Xolmatovni o‘zbek va tojik futbolini birlashtirgan chinakam charm to‘p ustasi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Deyarli butun faoliyatini O‘zbekistonda o‘tkazgan futbolchi haqida qancha ko‘p gapirsak shuncha oz.
Akmal professional faoliyatini 1993 yil Tursunzoda shahrining “Regar-TadAZ” jamoasida boshlagan. U erda 1996 yilga qadar harakat qildi va Farg‘onaning “Neftchi” klubiga ko‘chib o‘tdi. Ushbu jamoa Xolmatovning faoliyatida tub burulish yasagan desak hech kim qarshi bo‘lmasa kerak. Boisi, u haqiqiy iste’dodli futbolchi sifatida aynan “Neftchi” tarkibidagi o‘yinlari orqali e’tirof etildi. Farg‘onaliklar safida naqd 11 yil o‘ynagan Xolmatov ushbu davr ichida 301 ta o‘yinda maydonga tushdi va raqiblari darvozasiga 69 ta gol urishga erishdi.
“Neftchi” tarkibidagi yorqin o‘yinlari bois 2008 yilda mamlakatning eng nomdor jamoasi - “Paxtakor” uni o‘z safiga qo‘shib oldi. “Sherlar” libosida 31 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urgan Akmal 2010 yilda Eron chempionatiga yo‘l oldi. U erda 2 yil Xamadanning PAS jamoasi sharafini himoya qildi. 29 ta o‘yinda 2 ta gol urib Erondan qaytib kelgan Xolmatovni chempionlik uchun kurashga qo‘shilgan Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi o‘z safiga jalb etdi. U “temiryo‘lchilar” sharafini 2012-2014 yillarda himoya qildi va 44 ta o‘yinda 12 ta gol urdi.
Akmal 2014-2015 yillarda yana “Neftchi”da ko‘rinish berdi va farg‘onaliklar safida to‘p surdi. 2016 yil vataniga qaytdi va Dushanbening “Istiqlol” jamoasida o‘ynadi. Ammo, uning Tojikistondagi ishlari yurishmadi - 4 ta o‘yin, 2 ta gol. U shu yilning o‘zida yana “Neftchi”ga qaytdi. Keyinchalik “Sho‘rtan”, “Iftixor” va “Rash-Milk” kabi Pro-liga klublarida o‘ynadi.
Hozirda 44 yoshli Akmal Xolmatov aynan qaysi jamoa a’zosi ekani yoki futbolchilik faoliyatini yakunlagani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.
Sato Minori 1991 yil Yaponiyaning Gumma shahrida tug‘ilgan.
Ampluasi - yarim himoyachi.
Sato o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining ko‘nglidan joy olgan legionerlardan biri hisoblanadi. Gavda jihatidan kichik bo‘lgani uchun ayrimlar uni “Bunyodkorning Messisi” deb ham atashardi.
Sato o‘zining professional faoliyatini 2009 yil mahalliy “Zespakusatsu Gumma” jamoasida boshlagan. Oradan bir yil o‘tib, ya’ni 2010 yil AQShning “Indiana Inveyders” klubiga ko‘chib o‘tadi. U erdan esa Meksikaning “Puebla” jamoasiga taklif etiladi. Yaqin ikki mavsumni okean ortida o‘tkazgan Minoriga nihoyat Evropa klublaridan taklif tushadi.
Yaponiyalik futbolchi 2010 yil Latviyaning “Gulbene” jamoasiga ko‘chib o‘tadi. U erda 7 ta o‘yinda 10 ta gol uradi va Latviya Birinchi ligasi chempionligini qo‘lga kiritadi. Shu tariqa u tezda mamlakatning etakchi jamoalaridan biri - “Ventspils” e’tiboriga tushadi. 2011 yil “Ventspils” uni o‘z safiga qo‘shib oladi. Ammo, uning bu jamoada ishlari yurishmaydi. 12 ta o‘yinda maydonga tushib, birorta ham gol ura olmaydi. Shunday bo‘lsada, ushbu jamoa bilan 2011 yil mamlakat kubogini qo‘lga kiritadi. Keyin Latviyaning boshqa bir klubi - “Skonto”ga (2011-2012) jalb etiladi. U erda 40 ta o‘yinda maydonga tushadi va 4 ta gol muallifiga aylanadi.
Minori 2013 yil Belarus chempionatiga yo‘l oladi. Uni mamlakatning nomdor jamoalaridan biri hisoblangan Brestning “Dinamo” klubi o‘z safiga qo‘shib oladi. U bu jamoada 25 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 2 ta gol yozdirib qo‘yadi.
Shundan so‘ng u 2014 yil “Bunyodkor”ga keladi. E’tiborlisi, Sato “qaldirg‘ochlar” safida o‘ynagan 25-legioner sifatida qayd etiladi. U toshkentliklar tarkibida 2016 yilgacha o‘ynaydi. Ushbu muddat ichida 70 dan ortiq o‘yinda maydonga tushgan Minori 10 ta gol uradi.
Sato 2017 yilning yarmini Qatarning “Al-Muaydar” klubida o‘tkazadi. Keyin esa u yana o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan Latviya chempionatiga yo‘l oladi. U erda 2018 yilgacha “Riga” klubi sharafini himoya qiladi. Keyin esa rigaliklar uni Janubiy Koreyaning “Kvanju” jamoasiga bir mavsumga ijaraga berib yuborishdi. 2019 yilda yana “Riga”ga qaytib kelgan Minori 10 ta o‘yinda maydonga tushib, bor yo‘g‘i 1 ta gol urdi.
Sato 2019 yildan buyon Rossiyaning “SKA Xabarovsk” klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. U bu mavsum 6 ta o‘yinda maydonga tushdi.
Fikrlar