
Charlz Oliveyra va Beneil Dariush jangida kim g‘alaba qozonadi? ( So‘rovnoma)
Xabaringiz bor 11 iyun tongida Kanadaning Vankuver shahri “UFC 289” turniriga mezbonlik qiladi. Maraziy jang ayollar o‘rtasida Amanda Nunes va Iren Aldana o‘rtasida o‘ta engil vazn (61.2 kg) toifasi chempionligi uchun bo‘ladi. Biroq, barchaning diqqat e’tibori ikkinchi markaziy jangga qaratiladi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Sababi, engil vazn (70.3 kg) toifasidagi sobiq chempion Charlz Oliveyra divizionning yana bir TOP jangchisi Beneil Dariushga qarshi oktagonga ko‘tariladi. Albatta, ushbu to‘qnashuv borasida butunjahonda turli xil fikrlar yangramoqda. Biz ham har doimgi an’anaga muvofiq o‘zbek MMA olami vakillarining ushbu jang borasidagi fikrlari bilan qiziqdik.
Valijon Azimov – O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi Surxondaryo viloyati bo‘limi raisi
- Ikki yorqin jangchining to‘qnashuvi bo‘ladi. Bir-biridan sira qolishmaydigan jangchilar bizga chiroyli va shiddatli bahsni taqdim etadi, deb o‘ylayman. Ikki “parter” ustalari uchun bu bahs oson bo‘lmaydi. Dariushning “stoyka”si mustahkam, zarbalari og‘ir va kurashi kuchli, Oliveyrani qiynab qo‘yadi. Biroq, Oliveyra Maxachev bilan revansh so‘ragan va bu jangga borini beradi. Nazarimda Oliveyra g‘alaba qozonsa kerak.
Mansur To‘g‘izboev – murabbiy
- Bu jangda Charlz Oliveyraning imkoniyati juda yuqori, deb o‘ylayman. Bahs oxiriga qadar davom etmasligi aniq. Oliveyra muddatidan avval g‘alabani qo‘lga kiritadi. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim.
Farruh Madaminov – murabbiy
- Juda qiziq jang bo‘ladi. Ikki teng kuchli jangchilar uchun juda muhim to‘qnashuv. Menimcha Oliveyra bu bahsda favorit. U Maxachevga boy berilgan imkoniyatdan so‘ng, tayyorgarlikni juda qattiq olib bordi, deb o‘ylayman. U jangda g‘alaba qozonsa kerak.
Jasur Alijonov –murabbiy
- To‘g‘risi, bu jang menga ham juda qiziq. Nazarimda Oliveyra bu jangda g‘alaba qozonadi. Biroq, Dariush ham oddiy jangchi emas. Uning “stoyka”si va kurashi juda yaxshi shakllangan. Oliveyra yutadi deyishimga sabab, avvalgi jangda mag‘lubiyatga uchraganligi uchun ham unda motivatsiya yuqori. Qolaversa, juda yaxshi jismoniy holatga ega. Tayyorgarlikni ham yaxshi olib bordi. Endi, bu mening shaxsiy fikrim. Barchasi oktagonda hal bo‘ladi.
Mavlon Mavlonov – murabbiy
- Ochig‘i, bu jangni intiqlik bilan kutyapman. Sababi, men uchun eng mukammal, xaqiqiy gladiatorlar jangi bo‘ladi. Bu jangda kim yutishi Oliveyraning ruhiy tayyorgarligiga bog‘liq bo‘ladi. Oliveyra ruhiy jihatdan tayyor bo‘lgan vaqtda, uni xech kim to‘xtatib qololmagan. O‘sha Dastin Pore, Jastin Getjilarga qarshi yutqazayotgan vaqtda ham g‘alabani ilib ketgan. Men Dariushni kamsitmoqchi emasman. Dariush ham “stoyka”da juda jur’atli jangchi sanaladi. Nokautlari ham bor, “parter”da ham juda yaxshi. Dariush Oliveyrani sabmishen qilishiga ishonmayman. “Laki panch” evaziga Dariush g‘alaba qozonishi mumkin. Imkoniyatlarni 70/30 deb baholagan bo‘lardim. Albatta, Oliveyra foydasiga!
Humoyun Ibragimov –MMA jangchisi
- Yaxshi va tomoshabop jang bo‘ladi. Menimcha Charlz Oliveyra bu jangni 2-raundgacha tugatsa kerak. Braziliyalik jangchi Dariushga nisbatan har tomonlama universalroq, deb o‘ylayman.
Doston Bozorov –MMA jangchisi
- Bir-biriga mos raqiblar. To‘g‘ri, Charlz Oliveyra mag‘lubiyatdan keyin yaxshi tayyorgarlik ko‘rmoqda. Biroq, Dariush ajoyib g‘alabali seriyaga ega va u chempionlik yo‘lida astoydil harakat qilmoqda. U chempionlik mazasini totib ko‘rgani yo‘q. Oliveyra esa chempion bo‘lgan. Men Dariush ushbu jangda g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman. Dariushning kurashdan himoyasi ham zo‘r. Qolaversa, zarba ham ko‘taradi. Dariush Oliveyradan o‘tib, Maxachevga ham katta muammo bo‘ladi. Albatta, bu mening fikrim!
Ramazon Temirov – MMA jangchisi
- Engil vazn toifasidagi TOP jangchilarning to‘qnashuvi muxlislarni aslo zeriktirib qo‘ymasa kerak. Bu jang shunisi bilan muhimki, g‘olib chempionlik kamari uchun jang olib borish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Shuning uchun juda qiziqarli to‘qnashuvni guvohiga aylanamiz. Dariush ham zo‘r jangchi. Biroq, Oliveyra bu jangda g‘alaba qozonsa kerak.
Fikrlar