Chempionlar Ligasi tarixidagi top-10 kambeklar
So‘nggi yillarda «ko‘hna qit’a»ning nufuz jihatidan eng katta turniri hisoblangan UEFA Chempionlar Ligasi mo‘jizaviy bahslarga boy bo‘lmoqda. Musobaqa shu qadar kutilmagan natijalarga boy o‘tmoqdaki, muxlislar hech bir uchrashuvning g‘olibini oldindan aytib bera olishmayapti. «Barselona» qatnashgan kombeklar, «Tottenxem»ning mo‘jizaviy qaytishi va boshqa betakror uchrashuvlar Evropa futboli ixlosmandlariga unutilmas lahzalarni hadya qilyapti. Biz, «Goal.com» sayti EChL tarixidagi eng hayratlanarli kambeklar o‘ntaligini tuzib chiqdik.

#10 «Monako» 3-1 «Real Madrid» ( Umumiy hisob 5-5, «Monako» mehmondagi gollar hisobiga g‘alaba qozongan)
2003-04 yilgi mavsum «gallaktikos» ayni quturgan paytida «Monako»ni jiddiy raqib sifatida ko‘rmadi. Monakoliklar birinchi bahsda ham yaxshigina qarshilik ko‘rsata bilishgan edi. Sebastyan Skvilachchi va Fernando Morientesning «Bernabeu»da gol urganliklarining o‘ziyoq buni isbotlashi mumkin. Biroq «Real» hujumi o‘sha davrlarda haqiqatan ham qo‘rqinchli edi. Ivan Elgera, Zinedin Zidan, Luish Figu va Ronaldo. Bularning bari Madridda gol urishga erishishdi. «Monako» maydonidagi bahsda ham «qaymoqranglilar» muxlislari yanada ko‘proq gollarni kutishgani aniq. Ayniqsa javob uchrashuvining birinchi bo‘limidan so‘ng madridliklar Raulning goli evaziga oldinga chiqib olishgach, barcha hammasi hal deb o‘ylagandi. Ammo barchasi oldinda edi. Jyuli 45 daqiqada hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, 3 daqiqa o‘tar o‘tmas uning havodan etkazib bergan uzatmasidan so‘ng «Monako»ga «Real»dan ijaraga o‘tgan Morientes boshi bilan darvozani ishg‘ol qilib, amaldagi jamoasini javob uchrashuvidagi hisobda oldinga olib chiqdi. Mana shu vaziyatda ham madridliklar o‘ta hotirjam o‘ynashda davom etishdi. Tashabbus to‘liqligicha raqibga berib qo‘yildi. 66 daqiqaga kelib, Jyuli «Monako»ning uchinchi golini kiritdi va umumiy hisobni tenglashtirib, mehmondagi gol faktori evaziga jamoasini oldinga olib chiqdi. Qolgan vaqtda ham monakoliklar himoyaga yotib olishmadi. Zahiradan maydonga tushgan Shabani Nonda va Emmanuel Adebayor so‘nggi daqiqalarda galma-gal darvoza ustunlarini nishonga olishdi. Shunday qilib, «gallaktikos» chorak finalda musobaqa bilan xayrlashishga majbur bo‘lgan.

#9 PSJ 1-3 «Manchester Yunayted» (umumiy hisob 3-3, MYu mehmondagi gollar evaziga g‘olib bo‘lgan)
«Manchester Yunayted» 2018-2019 yilgi Chempionlar Ligasi nimchorak finalining dastlabki uchrashuvida PSJ tomonidan osonlik bilan taslim qilingan edi. Neymar yo‘qligiga qaramasdan, Killian Mbappening o‘zi «Old Trafford»da shou tashkil qilgandi. Mag‘lubiyatning manchesterliklar uchun ayanchli tus olishini Pol Pogbaning o‘yin yakunlanishi arafasida olgan qizil kartochkasi ta’minlab berdi.
Biroq Parijda hammasi kutilganidek kechmadi. Lukaku va Reshfordni yaxshi sheriklar deb bo‘lmaydi. Ammo o‘yinlari o‘xshasa istalgan raqib uchun qo‘rqinchli hujum juftligiga aylana olishardi. «Park de Prens»da ham ularning ishlamay qolgan simlari «qisqa tutashuv»ga uchradi. Natijada «bum»! Lukaku birinchi bo‘limdayoq dubl qayd etdi. To‘g‘ri bu ikki gol o‘rtasida Bernat PSJ nomidan ularga hovliqmaslikni eslatuvchi golni urdi. Ammo ikkinchi taymni hisobda oldinga chiqqan holda boshlash «qizil iblislar»ga qo‘shimcha kuch bahsh etdi. Tanaffusdan so‘ng Sulsher Taxit Chong va Meyson Grinvud kabi yosh iqtidor egalari bilan PSJ qariyalari Buffon, Alvesh va Silvaga qarshi kurashishni ma’qul ko‘rdi. 89 daqiqada Diegu Dalot uzoq masofadan zarba berdi va Presnel Kimpembega tekkan to‘p burchakdan o‘yinga kiritib berilishi ko‘rsatildi. Birdan hakamning quloqchiniga VAR hakamlari ulanadi va uzoq davom etgan muhokamalardan so‘ng 94 daqiqada PSJ darvozasiga penalti belgilanadi. Reshfordning 11 metrlik jarima zarbasini ijro etishini jarohatlangan Neymar ham murabbiylar maydonchasidan kuzatadi. Markus so‘nggi daqiqalardagi ulkan mas’uliyatni a’lo darajada bajardi. Parijliklarning EChLdagi omadsizliklari davom etadi. Ha, omadsizlik…

#8 «Chelsi» 4-1 «Napoli» (qo‘shimcha bo‘limlardan so‘ng umumiy hisob 5-4)
2012 yilda «Chelsi»ning 1-3 hisobida mag‘lub bo‘lgan davrda klubda anchayin tartibsizlik holati hukmron edi. Andre Villash Boash o‘sha davrlarda yosh va iqtidorli murabbiy sifatida ko‘rilardi. Ammo londonliklar murabbiyligida uning ishlari yurishmadi. Klub uni mavsum eng cho‘qqisiga etib kelgan joyda iste’foga chiqardi. Andrening o‘rnini bosh murabbiy sifatida aytarli faoliyat yuritmagan Roberto Di Matteo egalladi. Ta’kidlash joizki, u jamoani o‘zgartira oldi.
Asosiy mavzuga qaytsak. «Aristokratlar»ning «keksa»lari hisoblangan Dide Drogba, Jon Terri va Frenk Lempardning gollari Inlerning yagona javobi bilan birga o‘yinning ekstra taymlarga ko‘chirilishiga sabab bo‘ldi. Qo‘shimcha bo‘limlarda esa Branislav Ivanovich katta sahnaga chiqdi. Drogbaning uzatmasini aynan serbiyalik himoyachi golga aylantirdi.
Umuman o‘sha davrlarda «Chelsi»ning ikkinchi qavati istalgan klubni dahshatga soladi. Chorak finalda «Benfika», yarim finalda esa to‘xtatish imkonsizdek ko‘ringan «Barselona»ni shov-shuvli tarzda mag‘lubiyatga uchratgan londonliklar finalda «Bavariya»ga yo‘liqishdi. O‘yin davomida myunxenliklar raqiblariga ikkinchi qavatga to‘pni ko‘tarishga imkon bermaslikka harakat qildilar. Ammo «Bavariya»ning 17 ta burchak zarbasiga javob tariqasida belgilangan, asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda ijro etilgan «Chelsi»ning yagona korneri Drogbaning goli bilan yakunlandi. Penaltilar seriyasi yodingizda bo‘lsa kerak…
Di Matteo noyabrda iste’foga chiqdi, ammo u hali hech qaysi murabbiy «Chelsi» uchun olib berolmagan «shalpangquloqni» Londonga olib kelgani bilan barchaning yodida qoldi.

#7 «Manchester Yunayted» 2-1 «Bavariya»
Ole-Gunnar Sulsher 1999 yilgi final haqida gapirishni yoqtiradi. Bunga etarli vaj ham bor, aslida. «Kamp Nou»dagi 90000 tomoshabin ko‘z o‘ngida kechgan finalning 6 daqiqasida Mario Basler ijro etgan jarima to‘pidan so‘ng ko‘pchilik o‘sha kuni «Bavariya» o‘zining dastlabki Chempionlar Ligasi kubogini yutib oladi deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. Sababi myunxenliklar ungacha 1976 yilda «ko‘xna qit’a»ning eng nomdor musobaqasida zafar quchishgan, format o‘zgarib, musobaqa Chempionlar Ligasi deb atala boshlangach, hali biror marta g‘oliblik nashidasini surib ko‘rishmagan edi.
84 va 90 daqiqalar oralig‘ida «Bavariya» ustunlikni qo‘lga oldi. Buni ko‘rgan muxlislar «Yunayted» charchadi, deb o‘ylashni boshlashdi. Hech kim ularni oldinda mo‘jiza kutayotganligini bilmasdi. Uchrashuv asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan daqiqalarda manchesterliklar burchakdan to‘pni o‘yinga kiritish imkoniga ega bo‘ldilar. Bekxem to‘pni uzatdi, Rayan Giggzning zarbasini Teddi Sheringem darvozaga to‘g‘rilab yubordi. «Bavariya»ning chempionlik haqidagi shirin orzulari chilparchin qilindi. Biroz o‘tib Bekxem yana bir burchak zarbasini amalga oshirdi. Teddi Sheringem boshi bilan to‘p yo‘nalishini o‘zgartirdi, Sulsher esa to‘pni darvozaga yo‘lladi. Tamom. 101 soniya ichida 2 ta gol urgan, 4 kun avval Angliya kubogini yutgan «qizil iblislar» nafaqat EChL g‘olibligini, balki ingliz jamoalari orasidagi birinchi treblni ham «Nou Kamp»da nishonlashdi.

#6 «Deportivo la Korunya» 4-0 «Milan» (Umumiy hisob 5-4)
Aslida Milandagi bahsdayoq «superdepor» amaldagi chempionlar darvozasiga birinchi bo‘lib yo‘l topib, barchani hayratga sola bilgandi. Ammo Italiya grandlari 53 daqiqaning o‘zida hisobni 4-1 ko‘rinishiga olib kelib qo‘yishdi. Milanliklar allaqachon yarim finalga tayyorlana boshlashdi. Ispaniyaliklarni hamma chorak finalda «dafn qila boshlagan» bir paytda, javob uchrashuvining birinchi bo‘limi 3-0 hisobida la koruniyaliklar hisobiga hal bo‘ldi. Valter Pandiani, Xuan Karlos Valeron va Albert Luke o‘z nomlarini tabloga yozdirib qo‘yishdi. Tanaffusdan so‘ng, 66 daqiqada Luke o‘z o‘rnini Franga bo‘shatib berdi. Oradan 10 daqiqa o‘tib, aynan ispaniyalik futbolchi g‘alaba goliga mualliflik qildi.
Rui Koshta «rossonerilar»ni yana o‘yinga qaytarishi mumkin edi. Ammo uning kuchli zarbasini darvozabon Xose Molina bartaraf etib, jamoasining yarim finalga yo‘l olishida katta ishni amalga oshirdi. Ushbu o‘yin «Deportivo» bosh murabbiyi Xavier Irureta uchun orzulari ro‘yobi edi.

#5 «Roma» 3-0 «Barselona» (umumiy hisob 4-4, rimliklar mehmondagi gol evaziga g‘alaba qozonishgan)
«Roma» «Kamp Nou»da o‘z darvozasiga ikkita avtogol urib, kataloniyaliklarning yirik hisobda g‘alaba qozonishlariga katta hissa qo‘shgandi. Ammo Edin Jekoning yagona goli deyarli so‘nib ulgurgan umid uchqunlarini qaytargan edi. Ha, bu g‘alaba goli emasdi, biroq hatto rimliklarning o‘zlari ham bu «Olimpiko»da urilajak gollarning debochasi ekanligini bilishmagan bo‘lsa kerak.
Rimda ham aynan Jeko tezkor gol taqdim etgandi. Ikkinchi bo‘lim avvalida Daniele de Rossi penltidan gol kiritib, barselonaliklarni sarosimaga solib qo‘ydi. «Nou Kamp»dagi ikkinchi avtogol muallifi Kostas Manolas, Chengiz O‘nderning burchakdan uzatgan to‘piga peshvoz chiqib, uni Ter Shtegenning olis burchagiga yo‘lladi. «Olimpiko» portladi!
So‘nggi daqiqalarda Messida kichik bir imkoniyat paydo bo‘lgandi. Ammo argentinalik «echki»ning «ketmoni» ayni mana shunday muhim vaziyatlarda «uchmaydi».

#4 «Ayaks» 2-3 «Tottenxem» (umumiy hisob 3-3, «Tottenxem» mehmondagi gollar evaziga keyingi bosqichga yo‘l olgan)
2019 yil yarim finali kambeklar bilan yodda qoldi. Londonliklar o‘z uylarida ham, Amsterdamdagi bahsning birinchi bo‘limida ham kutilganidek o‘yin namoyish eta olishmadi. Xarri Keynsiz o‘ynayotgan «shporlar» javob uchrashuvining birinchi bo‘limi yakuni munosabati bilan hushtak chalinganda 0-3 hisobida ortda borishardi. Tanaffusda Pochettino shogirdlariga, ayniqsa Lukas Mouraga nimalarni gapirgani barchaga birdek qiziq.
«Tottenxem»gacha niderlandiyaliklar «Real» va «Yuventus»ni musobaqadan chiqarib yuborishgandi. 45 daqiqa qolgan bir paytda, hamma «Ayaks» va «Liverpul» o‘rtasidagi final qanday o‘tishi borasida o‘ylay boshlagandi. Ikkinchi bo‘lim boshida Vanyamaning o‘rniga Lorentening tushirilishi ham shunchaki muxlislar hurmatidan deb qaralayotgandi. 55 va 59 daqiqalarda Lukas Moura ikkita gol urishga erishdi. Shundan so‘ng Ten Xaag natij uchun kurasha boshladi. Hujumkor futbolchilar Dolberg, Shone va Van de Bik zahiraga olindi. So‘nggi daqiqa mo‘jizasigacha har ikkala jamoada ham bittadan g‘oyat qulay vaziyatlar bo‘ldi. Lukas Mouraning so‘nggi golida «lolalar yurti» vakillari butun musobaqa davomida tayangan yoshlari yoshligiga bordi.
Pochchetino g‘alabani shunday nishonladiki, hamma hozir uning yuragi yorilib ketadi deb o‘yladi. Darhaqiqat, argentinalik mutaxassis o‘sha tunda bor energiyasini «Yoxan Kroyf» arenaasini «boshiga ko‘tarish» uchun sarf etdi. G‘alaba bunga arzirdi.

#3 «Liverpul» 4-0 «Barselona» (umumiy hisob 4-3)
Messi barchasini bilardi. «Kamp Nou»dagi bahsning so‘nggi daqiqasida Dembele bo‘sh darvozani ishg‘ol qilolmaganini uchrashuv yakunlanganidan keyin afsus bilan esladi. Uning ko‘ngli barchasini sezgandi, chog‘i. Messi o‘sha bellashuvda oltinchi «Oltin to‘p»ini yutib ulgurgandi. O‘sha kuni Alisson darvozasiga urilgan jarima to‘pi Leoning faoliyatidagi eng chiroylilaridan bo‘ldi. Messining havotirli tahminlari «Enfild»da Divok Origining goli bilan haqiqatga aylana boshladi. Birinchi bo‘lim 1-0 hisobida yakunlandi. Uchrashuv antiqahramoni Xordi Alba birinchi taymdayoq «qovun tushirish»ni boshlab yuborgandi. Ikki marta Albada yaxshi vaziyat bo‘lishiga qaramay, u barchasini barbod qildi. Kataloniyaliklar ongida g‘alaba mavj urmasdi. Ular bittagina gol urishni xohlashardi, shunda «Liverpul» yana 4 ta gol urishiga to‘g‘ri kelardi. Aynan mana shu fikr ularni mag‘lub etdi. Jorjino Viynaldum tanaffusdan so‘ng maydonga tushib, 3 daqiqada ikkita gol urishga erishdi. Birinchi goli uchun Albaning peshonasidan o‘pib qo‘ysa arzirdi. Messi atrofida nimalar bo‘layotganini tushunmasdi. Tushkunlikka tushgan Messi qanday o‘ynashi barchaga ma’lum edi. Mana shunday pallalarda Leoda jangchilik, etakchilik qobiliyatlarining yo‘qligi yaqqol ko‘zga tashlanib qoladi. Arnoldning burchak zarbasini esa u nafaqat tushlarida, balki o‘g‘li Mateoning so‘zlarida ham tez-tez eslab tursa kerak.

#2 «Barselona» 6-1 PSJ (umumiy hisob 6-5)
2017 yilgi chorak finalda «Barsa» dekadadagi eng yirik mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Hamma: mutaxassislar, muxlislar, xatto karikatura va memlar ham kataloniyaliklarni chorak finalchilar ro‘yxatida bo‘lmasligini ko‘rsatardi. Bu mag‘lubiyat «blaugranas»da barchasini yangilash kerakligi haqidagi ogohlik qo‘ng‘irog‘i deb ko‘rilgandi. 4-0 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng hali hech bir jamoa kambek amalga oshirmagandi. Xalqaro musobaqalar tarixida 213 marta birinchi uchrashuvlar 4-0 hisobida yakunlangan. Ammo kimdir, qachondir birinchi bo‘lishi ham kerak edi. Ushbu «remontada» yuqorida ko‘p tilga olganimiz - mo‘jizaviy «Kamp Nou» stadionini yana katta sahnalarga olib chiqdi.
Suares 2 daqiqadayoq PSJ darvozasi oldidagi tartibsizlikdan unumli foydalanib ketdi. Taym so‘ngida Kurzava kulgili avtogolga mualliflik qildi. Ikkinchi qirq besh daqiqalik avvalida Messi penaltidan barselonaliklarning 3 golini kiritdi. Kavanining goli bilan«ko‘k-anorranglilar» yana shuncha gol urishga mahkum bo‘lishdi. 88 daqiqagacha hisob o‘zgarmadi. Eng optimist muxlislarning ham so‘nggi umidlari so‘na boshladi. Neymarning jarimadan urgan golini «Barselona» muxlislari ayanchli tabassum bilan qarshi olishgandir. Ammo bu muxlislarni yupatish uchun urilgan gol emasdi. 91 daqiqada Neymar penaltidan umumiy hisobni tenglashtirdi, PSJ hamon oldinda. Uxlaganlarni ham uxlamagan qo‘shnilarning ovozlari qayta uyg‘otgan bo‘lsa ajab emas. Serxi Roberto oxirgi nuqtani parijliklar uchun g‘oyat ayanchli tarzda qo‘ydi. «MSN» «Barsa» hech qachon kurashsiz taslim bo‘lmasligini barchaga isbotlashdi.

#1 «Milan» 3-3 «Liverpul» (penaltilar seriyasida «Liverpul» g‘alaba qozongan)
Juda ko‘pchilik, shu qatorda bizning nashr xodimlari ham «Istanbul mo‘jizasi»ni eng yuqori o‘ringa munosib ko‘ramiz. Penaltilar seriyasida g‘alabaga erishishdan avvalroq mersisaydliklar ruhiy jihatdan «Milan»ni engib bo‘lishgandi. Istanbul 2600 yillik tarixga ega shahar. 15 milliondan ziyod aholi unda istiqomat qiladi. O‘sha tun nafaqat butun Istanbul, balki dunyo futbol muxlislari shokka tushishdi. Tanaffusga emaklab chiqib ketgan «Liverpul» ikkinchi bo‘limni fantastik o‘tkazdi.
«Milan» finalda kichik ustunlik bilan favorit deb qaralayotgandi. Maldinining birinchi daqiqadagi goli koeffitsientlarni yana bir pog‘ona milanliklar tomoniga og‘dirdi. Ernan Kresponing 39 va 44 daqiqalarda kiritgan gollari «Milan»ni tanaffusga chempiondek yo‘l olishiga zamin yaratdi. Keyin nima bo‘lganini bilasiz. Jerrard, Shmitser va Alonsoning gollari atigi 54-60 daqiqalar oralig‘ida kiritildi.
Penaltilar seriyasida «rossoneri»larning ikki etakchisi Pirlo va Shevchenko pand berishdi. Benitez liverpulliklarni Evropa taxtiga shu tariqa olib chiqdi.

“Goal.com” nashri reytingiga asoslanib,
Abdulvosid Valixonov tayyorladi.
Fikrlar