
Chempionlik yo‘lidagi katta sinov! "Atletiko" "Real"ni mehmon qiladi (prevyu)
Kuchli beshlikning qolgan chempionatlaridan ko‘ra, Ispaniya La Ligasi intrigaga boy o‘tmoqda. Ayniqsa, chempionlik kurashi nuqtai nazaridan olib qaralsa, bu mavsum bosh sovrinni kim boshi uzra baland ko‘tarishi kattagina so‘roq ostida turibdi. Peshqadamlik qilayotgan "Atletiko" ikkinchi davrada barqarorlik namoyish eta olmayapti. "Barselona" va "Real" jarohatlar girdobida qolib ketdi. Ispaniyaning ushbu ikki grand jamoasi bu mavsum 7 yillik an’ana yangilanishiga qarshilik qila olmasligi ham mumkin.
So‘nggi bor 2014 yilda La Liga chempionligi "el-klasiko" ishtirokchilariga nasib qilmagan edi. Bu holat yana takrorlanishi mumkin. Agarda bugun "Madrid derbisi"da "Atletiko"ning qo‘li baland kelsa, "matraschilar" ta’qibchilaridan oldinlab ketishi katta ehtimol. Qo‘shimchasiga, ruhiy ustunlik ham aynan Simeone shogirdlari tomoniga o‘tib ketadi.
Bir qiziqarli ma’lumotni e’tiboringizga havola etishni lozim topdik: "Barselona" bosh murabbiyi Ronald Kuman ushbu uchrashuvda "Real"dan g‘alaba kutmoqda. Har qanday vaziyat o‘z yo‘liga, bu ikki printsipial klublarning qaysidir mavzuda bir-biriga muxlislik qilishi juda g‘alati holat, nazarimizda.
"Atletiko"
Simeone qo‘l ostidagi jamoa bugun kichik favorit rolida harakat qiladi. Birinchidan, ular hozir La Liga peshqadami. Ikkinchidan, tarkib yaxshi holatda. To‘purarlik poygasida peshqadamlik sari dadil odimlayotgan Suares, o‘z texnik harakatlari bilan raqiblariga katta muammo tug‘diruvchi Joau Felish, "Real"da tarbiyalanib, klubga kerak bo‘lmay qolgan Markos Lorente va darvoza qo‘rg‘oni Yan Oblak azaliy qo‘shnilarini mag‘lub etishga tayyor. Faqatgina bir jihat "matraschilar" zarariga ishlashi mumkin: "Atletiko"ni bir necha kundan keyin EChL doirasida "Chelsi"ga qarshi muhim bellashuv kutib turibdi. O‘z uyida imkoniyatni boy bergan ispanlarning mehmonda xato qilishga haqqi yo‘q. Shu sababli, bosim ostida qoladigan Simeone shogirdlari to‘liq konsentratsiyani "Madrid derbisi"ga qarata olmasligi mumkin.
Taxminiy tarkib: Oblak, Tripper, Savich, Felipe, Ermoso, Koke, Saul, Korre, Karrasko, Felish, Lorente, Suares.
Diego Simeone: "Bu mavsum juda zo‘r o‘tmoqda. Ertaga bir xil sharoitda bo‘lgan va turnir jadvalining yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan ikkita jamoa to‘qnash keladi. Uch ochko uchun kurash bo‘ladi, bu aniq. Oldinda hali ko‘plab o‘yinlar bor. Yaqinda "Real" va "Barselona" chempionlik poygasidan chiqdi, deyishdi, ammo hozir qaerda ekanliklariga e’tibor bering".
"Real"
Madridning oq liboslilari katta talafotlar bilan ushbu derbiga etib keldi. Asosiy tarkibda harakat qilishi mumkin bo‘lgan Ramos, Karvaxal, Azar kabi futbolchilar o‘yin qaydnomasidan o‘rin olmadi. Shuningdek, bosh murabbiy yaqindagina jarohatidan forig‘ bo‘lgan Benzema hamda Valverde bilan tavakkal qilishni istamayotganligini ta’kidlab o‘tdi. Bu ham asosiy tarkib futbolchilariga ruhiy bosim yuklaydi, ham o‘yin kartinasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. O‘zi shundoq ham oxirgi o‘yinlarda ishonchsiz harakat qilayotgan "qaymoqranglilar" uchun bu muammo tug‘dirishi tayin. Biroq Zidan shogirdlarini xursand qiladigan jihat ham yo‘q emas: "Real" "Atletiko" maydonida o‘tkazilgan so‘nggi 5 uchrashuvda mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti. 3 durang va 2 g‘alaba qayd etgan "Qirollik klubi" bugun yana o‘sha "Vanda Metropolitano"da mehmon bo‘ladi. Bir necha kundan keyin bo‘lib o‘tadigan EChL nimchorak finali javob o‘yini oldidan "qaymoqranglilar"ni jiddiy sinov kutib turgani aniq.
Taxminiy tarkib: Kurtua, Vaskes, Varan, Nacho, Mendi, Kazemiro, Kroos, Modrich, Asensio, Rodrigo, Isko.
Zinedin Zidan: "Derbida favoritlar yo‘q. Bunday o‘yinning bir qismi bo‘lish juda yaxshi. Muxlislar ushbu uchrashuvni ko‘rishni istaydi. Ushbu o‘yindan oldin nima bo‘lganligi muhim emas. Biz yaxshi o‘yin o‘tkazish niyatidamiz - barchasi shu. Nima bo‘lishini bilmayman, lekin biz juda yaxshi o‘ynashimiz kerak, chunki biz jadvalni boshqarayotgan ajoyib raqib bilan to‘qnash kelmoqdamiz.
Himoyada yaxshi o‘ynashimiz kerak, bu bizning kuchli nuqtamiz. Biz derbiga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik".
Fikrlar