
Davron Fayziev: "Xavi qisqa muddatda eski "Barsa"ni deyarli qaytardi"
Mavsumning so‘nggi "el-klasiko"sida "Barselona" azaliy raqibini 4:0 hisobida tor-mor keltirdi. O‘yindan so‘ng Davron Fayziev ushbu bahs haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
"Real" bugungi o‘yinda deyarli himoyasiz harakat qildi. Birinchidan Nacho. Hatto o‘zining odatiy pozitsiyasi bo‘lmish markaz uchun ham u ancha sekinlashgan. Buning ustiga qanotda foydasiz futbolchiga aylandi. Dembele xohlaganini qildi.
Markaz, Militao va Alaba hali juftlik sifatida shakllanmagan. O‘zaro kontakt yo‘q, bir-birining pozitsiyani yopish yo‘q. Natijada, Kazemiro qaytishga majbur bo‘ldi va sxema buzilib ketdi.
"Barselona" hujumi juda mobil. Tiki-taka faqat markazda. Oldinga o‘tilgach, ko‘pi bilan 2-3 ta uzatma bilan zarbaga chiqib borish. Ferran va Albada bog‘liqlik bor. Dembele Obameyang bilan maksimal tezlikda pas berishni yo‘lga qo‘ygan. Pedri o‘ta aqlli va juda katta zonani qamrab oladi. Natijada, Frenki faqat Modrich bilan shug‘ullanishi uchun imkon berildi.
O‘ngda Arauxo Vinisiusni xavfsiz masofada ushlab turdi. Hammasining ortida Xavining sinchkov yondashuvi. Mayda detallarigacha o‘yinni oldindan proektlashtirgan. Xavi qisqa muddatda eski "Barsa"ni deyarli qaytardi.
"Real" bu oqshomni unutib, harakatda davom etishi kerak. FIFA tanaffusi ayni muddao. Oldinda ikkita nufuzli turnir uchun kurash. Faqat Anchelotti ruhiyat masalasida yigitlari bilan jiddiy gaplashib olsa kerak".
Fikrlar