
Diyor Turopov: "Bugun "So‘g‘diyona"ga qarshi o‘yin keskin hamda shiddatli kurashlar ostida kechishi aniq"
O‘zbekiston kubogi yarim finalidan o‘rin olgan “Navbahor” – “So‘g‘diyona” o‘rtasidagi uchrashuv arafasida “lochinlar”ning 28 yoshli tajribali yarim himoyachisi Diyorjon Turopov bo‘lajak o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Xabaringiz bor, jamoamizning oldiga joriy mavsumda yuksak maqsad, ya’ni, Osiyo Chempionlar Ligasi (OChL) yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan. Albatta, O‘zbekiston kubogi sohibiga aylansak ham, 2023 yilgi mavsum OChL guruh bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olamiz.
Ammo raqibimiz ham anoyi emas va “So‘g‘diyona” OFK kubogida ishtirok etib, ancha tajriba to‘plab oldi. Shu bois, bo‘lajak raqibimiz jamoamizga munosib qarshilik ko‘rsatishga intiladi. Shuning uchun bo‘lajak uchrashuv keskin hamda shiddatli kurashlar ostida kechishi aniq. Boisi, mazkur o‘yinda durang bo‘lmaydi va qaysidir jamoa zafar quchishi shart.
Biz ham mazkur o‘yinning qanday ahamiyatga ega ekanligini tushunib turibmiz hamda bo‘lajak bellashuvda g‘alaba qozonish, muxlislarga quvonch ulashish, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga intilamiz hamda buni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.
Boisi, joriy mavsumda O‘zbekiston kubogini ham qo‘lga kiritishni niyat qilganmiz. Ishqibozlardan esa jamoamizni bevosita stadionda munosib tarzda qo‘llab-quvvatlab, g‘alabamizga madadkor bo‘lishlarini so‘rab qolaman.
Fursatdan foydalanib, bizga barcha sharoitlarni yaratib berayotgan Namangan viloyati hokimi Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqov, shuningdek, “Navbahor” PFK rahbariyati, jumladan, klub prezidenti Otabek Arifovich Samatovga jamoamiz nomidan o‘z minnatdorchiligimni bildiraman", - dedi namanganliklar a’zosi.
Manba: “Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar