
Endi bir yillik emas, kelajagi bor jamoani shakllantiramiz - bu "Surxon"ni boshqaradigan murabbiyning maqsadi
“Surxon” haqidagi yangiliklar ham o‘quvchilarni befarq qoldirmaydi. Kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, termizliklar 7 yanvardan Toshkentda ilk mashg‘ulotlarni boshlashi to‘g‘risida ma’lumot bergandik.
Shuningdek, klubga bosh murabbiy masalasi ochiq turgandi. Rahbariyat tomonidan bu borada bir qator nomzodlar bor edi. Yakunda esa taxminimiz to‘g‘ri chiqdi – Bahrom Haydarov yana “Surxon”ga qaytarildi va bosh murabbiy lavozimini egalladi. Sports.uz muxbiri bilan muloqot chog‘ida quyidagilarni aytdi:
- O‘tgan yili “Surxon”dan ketayotgan chog‘imda ham rahbar bilan o‘rtamizda iliq munosabat saqlanib qolgandi, - deydi Haydarov. - O‘shanda bosh murabbiylikdan ketganimda ham meni klubda qolib, boshqa lavozimda bo‘lsa ham ishlashimni taklif qilgandi. Shu bilan mavsum oxirigacha uyda qolib ketdim. O‘tgan yilning dekabr oyida yana taklif bilan chiqdi, keling, jamoani boshqaring dedi. Lekin mendan tashqari “Surxon”ni boshqarish uchun yana boshqa nomzodlar ham borligini aytishgandi. Ammo menga shunchalik ishonch bildirishganidan xursandman. O‘ylaymanki, ishonchni oqlaymiz. Eng asosiysi, biz Superligada “Surxon”ning mavqeini ko‘tarish va o‘z o‘rniga ega bo‘ladigan jamoani barpo qilmoqchimiz. Hech qachon Superligada qolish uchun kurashadigan klub bo‘lib qolmasligi kerak.
Ma’lumki, “Surxon” tarkibi deyarli yangitdan tuziladi. Haydarovning yuqoridagi fikrlaridan kelib chiqsak, tabiiyki, iqtidorli o‘yinchilarga ko‘z tikmoqda. Bu xususida gap ketganda, farg‘onalik murabbiy rejalari bilan o‘rtoqlashdi:
- O‘tgan yilgi tarkibimizdagi ko‘plab o‘yinchilar bilan shartnomalar tugagan. Rahbariyat tomonidan ko‘proq iqtidorli yoshlarga e’tibor qaratish vazifasi qo‘yilyapti. Har yili tarkib almashadi. Endi bir yillik jamoa emas, balki poydevori, kelajagi bor jamoa shakllantirmoqchimiz. Ammo bu bilan biz tajribali o‘yinchilardan voz kechamiz demoqchi emasman. Baribir ular ham kerak bo‘ladi. Asosiysi, biz jamoa ichida yaxshi muhitni yaratishimiz va ahil kollektivni shakllantirishimiz lozim. Hozir ko‘plab iqtidorli yoshlar bilan gaplashyapmiz. Qolganini vaqt ko‘rsatadi, muhimi ishni yaxshi niyat bilan boshlayapmiz.
“Surxon” klubi qanday o‘rin uchun kurashadi? Rahbariyat Haydarovning oldiga bu borada qanaqa vazifa qo‘yyapti? Murabbiy shunday dedi:
- Hozircha aynan qaysi o‘rin uchun kurashish vazifasi qo‘yilmagan. Biz avvalo yaxshi bir jamoani yaratib olishimiz lozim. Albatta, biz ham yuqori maqsadlarni xohlaymiz, har bir murabbiy muvaffaqiyatlarni istaydi. “Surxon”ning maqsadi doim yuqori bo‘lgan, faqat o‘tgan yilgi mavsumni hisobga olmaganda.
Endi Haydarovga “Surxon”da kimlar yordam beradi? O‘z o‘rnida bu masalada ham to‘xtalib o‘tdi.
- Hozircha o‘tgan yilgi murabbiylar shtabi saqlanib turibdi. Yana bir-ikkita nomzodlarimiz bor, ular bilan gaplashamiz. Shu sababli murabbiylar shtabiga qo‘shilishlari ham mumkin. Masalan, Rustam Oripov nomzodi ham bor. Hozir gaplashyapmiz. Agar hammasini hal qila olsak, ushbu murabbiy ham jamoamizda ish boshlaydi.
Yuqorida aytilganidek, tarkibdan ko‘p o‘yinchilar ketdi. Ammo Bahrom Haydarov qaytgach, o‘tgan yilgi futbolchilardan kimlarni olib qolmoqchi?
- O‘tgan yilgi tarkibda to‘p surgan yigitlarning ayrimlari bilan ham muzokara olib boryapmiz. Bundan tashqari, o‘tgan mavsumda yangi porlab chiqqan 3-4 ta iqtidorli o‘yinchilarimiz ham bor. Jamoamiz bilan shartnomalari amalda. Qishki yig‘inlarimiz davomida barcha futbolchilarni ko‘rib chiqamiz. Hozircha mashg‘ulotlarni Toshkentda davom ettirish rejasini tuzganmiz, - deydi Haydarov.
Fikrlar