
Endi Gruziyada ham o‘zbekistonlik futbolchi to‘p suryapti. Muxlislarning yoqimtoyiga aylanib ulgurgan legionerimiz kimligini bilasizmi?
Yaqinda yana bir o‘zbekistonlik futbolchi legioner maqomini oldi. Odatda, futbolchilarimizni chetga ketayotganini eshitsak ,taxminan qaerga yo‘l olishini bilamiz. Lekin bu futbolchimiz o‘zi uchun yangi yo‘l ochdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Iqtidorli o‘yinchi Murod To‘ychiboev Gruziya chempionatida Kutaisining “Torpedo” jamoasi sharafini himoya qilyapti.
U faoliyati davomida “Metallurg”, “Sho‘rtan”, “Navbahor”, “Neftchi”, “Norin” kabi klublarda to‘p surdi. Oxirgi ikki yilni Bangladesh chempionatida o‘tkazdi. To‘ychiboev sports.uz muxbiriga Gruziyaga qanday borib qolgani haqida gapirib berdi.
“Birinchi uchrashuvdayoq eng yaxshi futbolchi degan e’tirofga erishdim”
- Qishda uyda bir o‘zim shug‘ullanib yurgandim. O‘sha payt rossiyalik agent bilan tanishib qoldim. Aniqrog‘i, menga aloqaga chiqishdi. Gruziyada aniq variant bor, u erga borib o‘ynashni xohlaysanmi, deb mendan so‘rashdi. Ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma taklif qilishsagina boraman, degan javobni aytdim. Shu tariqa, klub bilan gaplashildi. Baribir, hamma futbolchi ham yangi klubga o‘tayotganida shart-sharoitlari, oylik maoshlarini so‘rab surishtiradi. Menga hammasi ma’qul keldi.
Gruziyada meni yaxshi kutib olishdi. Birdaniga jamoaga moslashib ketdim. Sharoitlar ham yaxshi ekan. Klub menga alohida kvartira berdi, hozir o‘sha erga ko‘chib o‘tganman. Debyut o‘yinimni ham o‘tkazib oldik. Birinchi uchrashuvdayoq menga o‘yinning eng yaxshi o‘yinchisi, deya sovg‘a berishdi. Buni kutmagandim. 5 mart kuni Tbilisining “Dinamo” jamoasi bilan o‘ynaymiz. Hozir bo‘lajak bahsga tayyorlanyapmiz. Bu erda o‘zimni har tomonlama qulay his qilyapman.
“Yangi jamoamda qiyinchilik sezmayapman”
- Qishda menda Belarusdan variant bor edi. O‘sha rossiyalik agent bilan birinchi bo‘lib belarusliklarning taklifini ko‘rib chiqqanimizda, ular meni avvalo ko‘rik uchun chaqirishgani ma’lum bo‘ldi. Men esa rosti, bunday ko‘rikka borgim kelmadi. Aniqrog‘i, tavakkal qilishni xohlamadim. Gruziyaliklarning varianti esa aniq va jiddiy edi. Ya’ni, menga 100 foizli shartnoma taklif qildilar. Hammasini o‘ylab ko‘rdim. Gruziyaning chempionati ham chakki emas. Baribir Evropa mamlakati. Bunday chempionatga qiziqdim va faoliyatimni o‘sha erda davom ettirgim keldi. Yangi jamoamga juda oson moslashdim, qiyinchilik sezmadim. Bu erda ko‘pchiligi rus tilini yaxshi biladi. Shu bois, ular bilan til topishishim ham oson kechdi. Meni yaxshi kutib olishgani uchun aslo begonasirashmadi. Mashg‘ulotlar va o‘yinlar paytida o‘zimni ko‘rsatishga harakat qilyapman. Ochig‘i, jamoada hurmatim borligidan xursandman. Shahar ham menga yoqdi.
“Peshonaga nima yozilgan bo‘lsa, shuni ko‘ramiz”
- To‘g‘ri, O‘zbekiston chempionatida to‘p surdim. Pro-ligani ham, Superligani ham ko‘rdim. Garchi barqarorlikni doimiy ravishda saqlay olmagan bo‘lsam-da, elitada tajriba oshirganman. Katta futbolga kirib kelishimni “Metallurg”da boshlaganman. Rustam aka Mirsodiqov qo‘li ostida to‘p surganman. U insonga menga yordam bergani uchun rahmat aytib qolaman. Keyin Bangladeshga ketdim. U erda ikki mavsum o‘ynadim. Faoliyatim yomon chiqmadi. Peshonaga nima yozilgan bo‘lsa, shuni ko‘ramiz. Erkak kishi rizqi qaerda bo‘lsa, o‘sha erga boradi. Futbolning hayoti ham shunaqa. Gruziya chempionatiga ketishimni kutmagandim. Bu men uchun faoliyatimda oldinga tashlangan qadam bo‘ldi. Bundan ham kuchliroq chempionat va jamoalarda to‘p surish uchun harakat qilaman. Bu bilan to‘xtab qolish niyatim yo‘q.
“Gruziyada to‘lanadigan pullar chakki emas”
- Oylik maoshlarini solishtiradigan bo‘lsam, o‘zimizda “Paxtakor”, “Lokomotiv” singari klublar futbolchilariga katta pul to‘laydi. Mening jamoam to‘layotgan ish haqi esa bizdagi o‘rtamiyona klublarnikidan ko‘p bo‘lsa ko‘pki, aslo kam emas. Gruziyada oylik maoshlar qanaqaligini aytishni xohlamasdim. Yaxshisi, bu sir bo‘laqolsin. Bu erda o‘yinchilarga to‘lanadigan oylik maoshlari har holda yaxshi, yomon emas. To‘g‘ri, Gruziyada ko‘tarma puli yo‘q. Faqat oylik maosh va mukofot puli beriladi.
“Chap qanot himoyasida o‘ynayapman”
- Hujumda o‘ynamaganman. O‘zbekiston chempionatida ham chap qanot himoyasida to‘p surganman. Aslida o‘zim mudofaa chizig‘ida harakat qilaman. Gruziyada ham chap qanot himoyasida o‘ynayapman. Gruziya bilan O‘zbekiston futboli o‘rtasida farq katta. Sharoitlar, stadionlar, ichki muhit – hammasi a’lo darajada. Gruziyada O‘zbekistonni juda yaxshi bilishadi. Chunki mahalliy aholiga o‘zbekistonlikman, desam darhol bilishyapti.
“Bu erda faqat futbol o‘ynaysiz, qolgan narsalarni o‘zlari muhayyo qilishadi”
- “Torpedo”ning oldiga qo‘yilgan maqsadi kuchli uchlikka kirish. Klubda yaratilgan sharoitlar qoniqarli. Mashg‘ulot va asosiy maydon ham yaxshi darajada. Muxlislarning futbolga qiziqishi yuqori. Legionerlarga alohida hurmat bilan qarashar ekan. Ko‘z tegmasin, ishqibozlarning yoqimtoy futbolchisiga aylanib ulgurdim. Ular meni “Tuychibaev”, deb erkalab chaqirishadi. Gruziyada chempionat endi boshlandi va ilk turni o‘tkazdik. Bu erda mashhur jamoalardan “Dinamo” Batumi va “Dinamo” Tbilisi bor. Eshitishimcha, ular har doim dastlabki ikki o‘rinlarni egallab kelishadi. Qolgan jamoalar ham chakki emas. Gruziyada futbolga bo‘lgan munosabat ajoyib ekan. O‘z ishiga jiddiy yondashishadi. Ko‘rinib turibdiki, bu erda professionallik kuchli. Hech narsadan muammo yo‘q. Bu erga kelib faqat futbol o‘ynaysiz, tamom. Qolgan narsalarni o‘zlari muhayyo qilishadi.
Fikrlar