
Endi uch nafar o‘zbekistonlik ayol futbolchilar "Trabzonspor" klubida o‘ynaydi. Aslida hammasi qanday yuz berdi?
Xorij klublari tomonidan o‘zbekistonlik ayol futbolchilarga bo‘lgan talab va e’tibor borgan sari ortib boryapti. Odatda, ayollar futbolidagi yangiliklar kamroq yoritilishini tan olamiz. Lekin endi vaziyat o‘zgaryapti va bizda ham nufuzli chempionatlarda o‘ynay oladigan ayol o‘yinchilarimiz ko‘payib boryapti. Bu esa ayollar terma jamoamiz uchun juda muhim.
To‘g‘ri, terma jamoamizni oxirgi paytda xalqaro arenalardagi ishtiroki u qadar muvaffaqiyatli chiqmayapti. Lekin bizda yaxshigina saviyadagi ayol futbolchilarimiz ham bor. Ma’lum bo‘lishicha, uch nafar o‘zbekistonlik o‘yinchilar Turkiya Superligasiga ko‘chib o‘tdilar. Jumladan, “Metallurg-W” jamoasida to‘p surgan Setora Tokabaeva, “Sevinch” etakchilaridan biri Shaxrizoda Zayniddinova hamda AGMK-W klubi sharafini himoya qilgan jamoa sardori Kamila Zaripova endi “Trabzonspor” jamoasida to‘p suradilar. Ushbu klub erkaklar futbolida ham, ayollar futbolida ham o‘z mavqeiga ega ekanligini qo‘shimcha qilish joiz.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. “Trabzonspor” klubi qanday qilib o‘zbek ayol futbolchilariga qiziqib qoldi? Gap shundaki, bir necha yildan buyon Turkiyada agent sifatida ishlab kelayotgan Kova Tilavpurning uchchala futbolchimizni “Trabzonspor” klubiga o‘tishida hissasi katta bo‘ldi. Bevosita Tilavpur ushbu transfer amalga oshishida bosh-qosh bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, Tokabaeva, Zayniddinova va Zaripova yangi klubiga qo‘shilishgan va o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishga ham ulgurganlar. Kuni kecha “Trabzonspor” klubi o‘zbekistonlik o‘yinchilar bilan rasman shartnoma imzoladi. Endi legionerga aylangan qizlarimiz mavsum oxiriga qadar Turkiya chempionatida to‘p surishadi. Uchchala futbolchimiz ham O‘zbekiston milliy terma jamoasida etakchilar qatorida tilga olinadilar. “Trabzonspor” esa oldiga jiddiy vazifalarni qo‘ygan va bu borada tarkibni kuchaytirish uchun jiddiy selektsiya ishlarini olib boryapti. Bu yo‘lda esa o‘zbek futbolchilarining xizmatiga extiyoj sezgani yoqimli. Klub rahbariyati vazifa bajarilishi yo‘lida legionerlarimizning tajribasiga ham ishonch bildirishyapti.
E’tiborlisi, legioner sifatida chetda to‘p surgan yana boshqa ayol o‘yinchilarimiz ham bor. Ma’lumotlarga qaraganda, Turkiyada yuqoridagi futbolchilarimizdan tashqari Soliha Xusniddinova ham faoliyat olib boryapti. Maxliyo Sarikova bilan Liana Norbekova esa Dubay klublarida o‘ynab kelishgan. Qolaversa, Kamola Usmonova va yana boshqalar Qozog‘iston chempionatida to‘p surishganini qo‘shimcha qilmoqchimiz.
O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Bahrom Norsafarov futbolchilarning imkoniyati va salohiyatini juda yaxshi biladi. Shuning uchun u “Trabzonspor” bilan shartnoma imzolagan qizlarimiz haqida fikr bildirdi.
- Qizlarimiz oldin ham Qozog‘iston, BAA, Rossiya kabi chempionatlarda o‘ynab kelishgan. Faqat u paytda kamroq edi. Oxirgi paytlarda e’tibor ortyapti. O‘zbekiston ayollar terma jamoasi FIFA reytingida 42-o‘rinda. Bu yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. O‘tgan yili Turkiyadagi musobaqada qatnashgandik. U erda skautlar ko‘p bo‘ladi. Balki o‘shanda futbolchilarimizni ko‘z ostilariga olib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Bitta klubda uchta o‘yinchimizning paydo bo‘lishi juda yaxshi. Yana bir qizimiz – Soliha Xusniddinova ham Turkiyada. Faqat jarohati bor edi, hozir Turkiyaning qaysidir jamoasida shug‘ullanyapti. Bilasiz, turklarning chempionatida saviya yuqori. Klublari Evropa Chempionlar ligasida va yana boshqa nufuzli musobaqalarda ishtirok etadilar. U erga ketgan qizlarimiz uchun juda katta tajriba bo‘ladi.
Bundan tashqari, Karachik, Shoimova va Tilovovaga Belarus klublaridan takliflar bo‘lyapti. Hattoki, Ispaniyadan ham qiziqishlar bor. Oxirgi 2-3 yilda takliflar ko‘paydi. Lekin Tilovova yozda turmushga chiqadi. O‘yinchilarimizning saviyasi o‘syapti. Ularni Evropada to‘p surishlari bizga faqat foyda bo‘ladi. O‘zbekistonlik ayol futbolchilarni taklif qilishyapti, degan gapni o‘zi – bu reklama. Chetdan qizlarimizga taklif tushyaptimi, ularni muammosiz qo‘yib yuborish bo‘yicha boshqa klublarga ham aytyapmiz. Legionerga aylangan futbolchi albatta tajribasini oshiradi.
O‘FA tomonidan ayollar futboliga e’tibor chindan ham ortgan. Rahbariyat doim bizdan nima muammolar borligini, hali qilishga tayyorligini aytishyapti. Demak, hammasi og‘izda emas, amalda bajarilyapti, - deydi Norsafarov.
Fikrlar