Eron terma jamoasining to‘rt vakili AQShni viza berishga majbur qildi

  • 14.06.2026 12:37
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Eron terma jamoasi delegatsiyasi tarkibidagi to'rt nafar vakilga avvalroq AQShga viza berilmagan edi. Ular bu qaror ustidan rasmiy shikoyat qilib, ikkinchi urinishda viza olishga muvaffaq bo'ldi. 

VVS ma'lumotiga ko'ra, viza olganlar orasida jamoa texnik shtabida tahlilchi sifatida ishlovchi mutaxassis hamda Eron futbol federatsiyasining xalqaro bo'limida faoliyat yurituvchi ikki xodim bor. 

Shu bilan birga, terma jamoaning yana 11 nafar vakili vizaga doir muammolarini hal qila olmagan. Ular Meksikaga yetib kelgach, AQShga kirish uchun yangi arizalar topshirgan. Eron terma jamoasining mashg'ulot bazasi aynan shu mamlakatda joylashgan.

Shu bilan birga, olti nafar ariza beruvchi yana rad javobi oldi. Ular orasida Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Toj ham borligi qayd etilmoqda.

Eron terma jamoasi jahon chempionati doirasidagi uch uchrashuvini AQSh hududida o'tkazadi. Biroq viza bilan bog'liq cheklovlar tufayli jamoa har bir o'yindan so'ng Amerika hududini tark etishga majbur bo'ladi. Avvalroq e'lon qilingan rejaga ko'ra, terma jamoaning asosiy bazasi AQShning Arizona shtatida joylashishi kerak edi. Biroq AQSh bilan qurolli ziddiyat va delegatsiya xavfsizligiga oid xavotirlar ortidan Eron tomoni Xalqaro futbol federatsiyasiga murojaat qilib, mashg'ulot bazasini Meksikaga ko'chirishga ruxsat oldi.

Guruh bosqichida Eron terma jamoasi Kaliforniya shtatidagi Inglvud shahrida 15 iyunda Yangi Zelandiya, 21 iyunda esa Belgiya terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi. 26 iyunda esa jamoa Sietl shahrida Misr terma jamoasiga qarshi o'yin o'tkazadi.

AQSh, Kanada va Meksika hududida o'tayotgan jahon chempionati 19 iyul kuni yakunlanadi. Bu safar musobaqada ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etmoqda. Ular 12 ta guruhga bo'lingan. 1/16 finalga har bir guruhdan ikkita kuchli jamoa, shuningdek, uchinchi o'rinni egallagan termalar orasidan eng yaxshi sakkiztasi yo'l oladi. Amaldagi jahon chempioni maqomiga Argentina terma jamoasi ega.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!