Ertaga "Nasaf" futbol yulduzlariga qarshi maydonga tushadi!
"Nasaf" klubi ertaga OFK Elit Chempionlar Ligasi musobaqasining 6-turi doirasida Saudiya Arabistonining "Al-Ittihod" jamoasi bilan kuch sinashadi. O‘zPFL "ajdarlar"ning raqibi haqida quyidagi ma’lumotlarni taqdim qildi.
"Al-Ittihod" jamoasi 98 yillik tarixga ega. Klub 1927 yilda tashkil etilgan.
Jamoaga muxlislar tomonidan “Tigers” (Yo‘lbarslar) va “The People’s Club” (Xalq jamoasi) degan laqablar berilgan.
"Al-Ittihod" o‘z uy uchrashuvlarini Jidda shahrida joylashgan Qirol Abdulloh Sport Siti stadionida o‘tkazadi. Ushbu maydon 62 mingdan ziyod muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.
Jamoa shu vaqtga qadar 10 marta Saudiya Arabistoni Professional Ligasi, 10 marta Qirol kubogi, 8 marta Valiyahd shahzoda kubogi musobaqalarida chempioni bo‘lgan. Shuningdek, «Al-Ittihod» 2004 va 2005-yilgi mavsumlarda Osiyo Chempionlar Ligasi musobaqasining bosh sovriniga ega chiqqan.
Jamoani hozirda 51 yoshli portugaliyalik mutaxassis Sergio Konseysau boshqarmoqda. U o‘z faoliyati davomida "Braga", "Nant", "Portu", "Milan" kabi nomdor klublarda ishlagan. 2025 yil oktyabr oyida ushbu jamoani qabul qilib olgan.
Konseysau murabbiy sifatida "Portu" klubi bilan 3 marta Portugaliya chempioni bo‘lgan. Aynan shu yillarda ushbu murabbiy liga tomonidan “Yil murabbiyi” deb topilgan.
Hozirda "Al-Ittihod" klubida Musa Diabi, Stiven Bergveyn, N’Golo Kante, Fabino va Karim Benzema kabi jahon futboli yulduzlari faoliyat olib bormoqda.
Shuningdek, klubda hozirda Solix Al Shexri, Faysal Al G‘amdi, Hassan Kadesh, Axmad Al G‘amdi, Saad Al-Musa kabi Saudiya Arabistoni terma jamoasi futbolchilari to‘p surmoqda.
Eslatib o‘tamiz, OFK Elit Chempionlar Ligasi 6-turidan o‘rin olgan "Al-Ittihod" — "Nasaf" uchrashuvi 23 dekabr kuni soat 23:15'da start oladi.



Fikrlar